18:34 / 18.09.2022
22612

“Oq nilufarlar yurtida” – fin xalqining uyg‘onish tarixidan bir parcha

Fin xalqining uyg‘onishi qachon boshlandi, asrlar davomida botqoqlikda yashagan millat 70-80 yil ichida qanday qilib oq nilufarlar mamlakatiga aylandi? Uyg‘onishni istab alahsirab yotgan boshqa xalqlar ham finlar tutgan yo‘ldan bora oladimi?

“Davlat bu – katta oila. Uning a’zolari sizning birodarlaringizdir. Kambag‘allarning muvaffaqiyatsizligiga qisman yuqori qatlamning e’tiborsizligi va beparvoligi sabab bo‘ladi”. Bu jumla rus yozuvchisi Grigoriy Petrovning “Oq nilufarlar yurtida” kitobidagi qahramon Snelmanga tegishli.

Muallif haqida qisqacha

19 asrning oxiri va 20 asrning boshlarida yashagan yozuvchi Grigoriy Petrov Yevropa bo‘ylab sayohat qilib, turli xalqlar hayotini o‘rganadi. Uning mashhur kitoblaridan biri “Oq nilufarlar yurtida” 600 yil mustamlakachilikda yashagan fin xalqining qanday oyoqqa turgani haqida hikoya qiladi. Yozuvchi 1900 yillarda Finlandiyaga qilgan sayohatlari davomida o‘zini anglayotgan, hayotini yaxshilashga urinayotgan finlar bilan suhbatda bo‘lgan. Uzoq yillar Shvetsiya va Rossiyaning qarami bo‘lgan Finlandiya 1917 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qiladi. Kitobda shu davrgacha bo‘lgan hayot haqida so‘z boradi. Asarda odamlar hayotini yaxshilashga bel bog‘lagan qahramonlar va ular tutgan yo‘llar haqida bayon qilinadi.

16 marta turk tiliga tarjima qilingan

“Oq nilufarlar yurtida” 1923 yilda serb tilida nashr qilingan. Hayotini o‘zgartirish istagida ishonchli yo‘l qidirayotgan xalqlar uni o‘z tillariga tarjima qila boshlashadi. Jumladan, u 14 marta bolgar va 16 marta turk tiliga tarjima qilingan. Kitob o‘sha paytda Turkiyada harbiy xizmatdagi yoshlar o‘qiydigan kitoblar tarkibiga ham kiritilgan. Asar juda katta emas, jami 100-110 sahifadan iborat. Va kichik-kichik 17 qismga bo‘lingan bo‘lib, ularda Finlandiyani kim, qaysi yo‘nalishda, qanday qilib isloh qilishni boshlagani haqida gapiriladi.

Asarning ingliz, rus va turk tillardagi elektron variantlarini google qidiruv tizimidan topib o‘qishning imkoni bor. Shuningdek, kitob Niyat Suntonmurodov tarjimonligida o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan va bu o‘zbek kitobxonlari uchun foydali bo‘lganini e’tirof etish kerak. O‘zbek tilidagi variantda kitob boshlanishida Finlandiyaning tarixi haqidagi ma’lumotlar kitobxonda mamlakat haqida yaxlit tasavvur paydo bo‘lishiga yordam beradi. Bundan tashqari, finlarning bugungi muvaffaqiyatlari, ta’limda tutgan yo‘li bilan O‘zbekiston solishtirilgani ham kitobni jonlantirgan. Biroq bu tarjima ayrim g‘alizliklardan xoli emas. Shu sabab kitob qayta tarjima qilinib, nashr etilsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Snelmanning xizmati nimada edi?

Bugun Finlandiyani dunyo e’tirof etishida fin faylasufi, yozuvchi va diplomati Johan Vilhelm Snelmanning o‘rni benihoya katta. Finlandiya rivojlanishi va Snelman so‘zlari sinonim bo‘lib ketgan. Hatto mamlakatda har yili 12-mayni Snelman kuni deb bayram qilishadi. “Oq nilufarlar yurtida” kitobi ham Snelman hayoti haqida hikoya qiladi. Xo‘sh, Snelmanning xizmati nimada edi?

1806 yil 12 mayda tug‘ilgan faylasuf hayoti davomida universitetlarda ma’ruzalar qilgan, maktablarda ishlagan, Finlandiya parlamentida senator bo‘lgan va moliya vaziri darajasiga ko‘tarilgan. Snelman xalq orasiga mehnat qilishdan qochmaslik, ta’limni rivojlantirish va hayotni odamlarga qulay qilib tashkil qilish haqidagi ma’ruzalari bilan kirib borib, odamlarni o‘z orqasidan ergashtirgan. Kitobda ham shunga urg‘u beriladi. Shu o‘rinda Snelmanning yana bir yirik xizmati – 1865 yilda rubl muomalada bo‘lgan o‘z davlatida milliy fin valutasi – markani joriy qilgani bo‘lgan.  

Rossiya bilan qiyoslanish

Asar boshlarida Finlandiya va Rossiya qiyoslanadi. Mamlakat qanday obod joyga aylangani aytiladi. “Odamlarni bezovta qiladigan dabdababozlik, isrofgarchilik va behuda narsalardan asar ham yo‘q”, deyiladi Helsinki haqida.

Finlandiya Rossiyaga qaram bo‘lgan vaqtda bosim ostida, xohishsiz va majburan ishlagan bo‘lsa, hozir erkin va yaratuvchan ish usullaridan foydalanayotgani aytiladi.

“Finlandiya bir paytlar botqoqlik, ko‘llar va qoyalar bilan qoplangan. Odamlarning uzoq va mashaqqatli mehnati tufayli yerlarda tuproqdan foydalana oladigan maydonlar paydo bo‘lgan”, – deb yozadi kuzatuvlarini muallif.

“Ta’lim bizning asosiy boyligimiz”

Kitobda aytilishicha, maktablarda maxsus o‘quv rejalari bor: 8-10 orasida 2 soatlik dars, keyin uzoq tanaffus va soat 14-16da takroriy darslar. Shu tarzda o‘quvchilar havosiz sinflarda uzoq vaqt o‘tirish azobidan xalos bo‘lishadi va o‘zlariga vaqt ajratishadi.

Finlandiyalik yoshlarning mushaklari, ko‘krak qafasi, o‘pkasi, qo‘llari va oyoqlari rivojlangan va ularning sog‘lig‘i ham yaxshi. Chunki ular bo‘sh vaqtlarida qishda chang‘ida uchish, kurash, suzish, to‘p o‘ynash va yugurish bilan shug‘ullanishadi.

 “Ta’lim bizning asosiy boyligimiz. Rossiya Ural tog‘larining boy mineral konlari, Sibirning oltin zaxiralari bizda yo‘q. Tabiat bu borada bizga ziqnalik qilgan. Biz bu kamchilikni tirishqoqligimiz bilan qoplashimiz va xalqimizdan mamlakatimiz taraqqiyotiga maksimal darajada o‘z hissasini qo‘shishini so‘raymiz”, – deydi finlar.

Shvetsiya mustamlakasidan qutulish

1811 yilgacha Shvetsiya hukmronligi ostida yashagan finlar, 1808 yilda Rossiya-Shvetsiya urushidan keyin ruslar qo‘l ostiga o‘tgan. Shvetsiya hukmronligi davrida hukumat, savdo, fabrikalar, maktablar, cherkovlar shvedlar qo‘lida bo‘lgan. Yuqori lavozimlarga ham shvedlar tanlangan.

Shvedlar hukmronligi tugagach mamlakatda shvedlar mavqeyi pasaygan. Shunday vaziyatda ular bu yerni tashlab ketishmagan, aksincha, “Finlandiyani yangi Vatanlari sifatida qabul qilib, madaniy rivojlanish uchun” o‘zlarini bag‘ishlaganlar.

Bu vaqtda Snelman ham Finlandiya madaniyatini ko‘tarishni istaganlar yo‘lboshchisiga aylangan edi. U yosh o‘qituvchilar, huquqshunos va davlat xizmatchilari bilan odamlarning bilim va madaniy darajasini ko‘tarish uchun Salib yurishini boshlab yuborgandi.

“… Xalq sizni yaxshi ta’lim olganingizdan so‘ng yuqori maosh olish, kechqurun karta yoki domino stollarida o‘tirib, zavqlanishingiz uchun o‘qitmadi. Ziyolilarning vazifasi – jamiyatning aql-zakovati, vijdoni, irodasi, kuchini uyg‘otish va uni safarbar qilish”, – degan otashin nutqlari bilan Snelman o‘ziga ko‘p odamlarni ergashtira olgan.

Finlandiyani oyoqqa turg‘izgan Snelmanlar

Kitobda Snelman ma’rifat tarqatishda jonbozlik ko‘rsatgani ko‘p bor tilga olinadi. Uning qishda chana minib, bahor va yozda Finlandiyaning bir burchagidan boshqa burchagiga qayiqda, ba’zan piyoda yurib, odamlarga to‘g‘ri yo‘lni, ma’rifatni ko‘rsatishga uringani aytiladi. U o‘rmonlar va toshli makonlarga borib, odamlar bilan suhbatlashib, ularga kitoblar tarqatgan, ular bilan doimiy maktublar almashib turgan, yangiliklardan xabardor qilgan. 

U o‘qituvchilarga qarata shunday nutq qiladi:

“Bu urush boshida ehtimol bizni qadrlamaydilar yoki maqtamaydilar. Biz fidokorlik qilamiz, hatto qurbonlar ham beramiz… Ular sizga beradigan ma’lumotlar va ilmga bo‘lgan muhabbatni maktablaringizdagi o‘quvchilaringizga yetkazing”.

Snelman shunday ma’ruzalarni ruhoniylar oldida, kazarmalarda ham o‘qigan. U armiyalar ahvolini tubdan o‘zgartiradi. Armiyalarni qo‘pol-qo‘rs, madaniyatsiz odamlar qilib chiqaradigan armiyalarni qayta isloh qiladi. Bu yerda yoshlar harbiy harakatlardan tashqari, bilim olish, o‘qish, madaniyat o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar. Bir so‘z bilan aytganda u ishchilar, dehqonlar va shahar aholisining har tomonlama ziyoli bo‘lishini hayotining asosiy maqsadiga aylantirgan Finlandiyada ta’lim safarbarligining boshida turgan inson bo‘lgan.

Snelman vafotidan keyin ham izdoshlari uning ma’ruzalarini, nutqlarini ko‘pchilikka yoydilar. Mamlakatda asta-sekin snelmanlar ko‘payib, bugun dunyo xalqlariga namuna bo‘layotgan Finlandiya paydo bo‘ladi.

Asardan iqtiboslar 

– Mamlakat har jihatdan kambag‘al bo‘lsa-da, o‘z yeriga bo‘lgan sadoqati va sevgisi jihatidan juda boy.

– … Shuni unutmangki, bu odamlar qo‘pol johil va ichkilikka qaram bo‘lsa, kasallik va qashshoqlik ko‘paysa, bularning barchasi, siz ziyolilarning aybingiz.

– Bolalarning tarbiyasizligi nafaqat oila, balki jamiyat va davlatning muammosidir. Istaganingizcha mukammal qonunlar yarating, adolatli saylovlar qiling, siyosiy mafkuralarning mo‘jizaviy kuchlariga ishoning, farzandlaringiz to‘g‘ri tarbiya ko‘rmasa, bizning ijtimoiy hayotimiz ayanchli bo‘lib qolaveradi.

 – Finlandiyaga har safar borganimda, shimolliklarning boshqalarga sovuqdek tuyulgan, ammo o‘ta mehnatsevar xalqini ko‘proq qadrlay boshladim.

– Xalqimizning katta qismi ibtidoiy, johil va o‘qimagan bo‘lib qolishiga hech narsa qilmay qarab turish axloqsizlik va johillikdir. Bilimli va ma’rifatli odamning bu holatlarga befarqligi – qotillikdan farq qilmaydi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist 

Mavzuga oid
Top