O‘zbekiston | 09:15 / 17.08.2021
17399
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi» 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga intervyu berdi. 

Davlat rahbari suhbat davomida islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatayotganini ma'lum qildi.

“Tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq bo‘lmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yo‘q edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov o‘z davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan o‘zbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta bo‘yicha – 50 sentner, g‘alla bo‘yicha 100 sentnerdan hosil olishni ko‘zlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, ko‘rib – ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning ma'no-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun mas'uliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yo‘l tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid