07:43 / 04.12.2020
16865

Quyosh va yomg‘ir bolalari: ular dunyoni qanday ko‘rishadi?

Imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. Ammo jamiyat ular bilan muloqotga qanchalik tayyor?

Foto: Thinkstock

Ular ko‘zingizga tik boqishmaydi, kamdan kam kulishadi. Atrofga befarqdek, lekin ularda katta iste'dodlar yashirin. Ular – yomg‘ir bolalari.

Ular juda mehribon, sabrli va oqko‘ngil. Hech qachon yolg‘on gapirishmaydi, hammani birdek yaxshi ko‘rishadi. O‘z olamlarida yashashadi. Ular – quyosh bolalari.

Autizm va Daun sindromi – ruhiy imkoniyati cheklanganlikning eng ko‘p uchraydigan shakllaridan biri.

Bunday tashxis qo‘yilganlar ko‘pincha o‘z olamida yashaydi, o‘ziga xosligi bois jamiyatdan uzilib qoladi. Ammo yakkalanib qolish yoki faqatgina o‘ziga o‘xshaganlarning qurshovida qolish Daun sindromi va autizmning yanada og‘irlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois imkoniyati cheklanganlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish haqida ko‘p gapiriladi. Lekin jamiyat ularning huquqlari va hissiyotlariga daxl qilmagan holda muloqotga kirishishga tayyormi?

Ruhiy imkoniyati cheklangan insonlar bilan muloqotda uning nimalarni his qilishi, sizni, dunyoni qanday ko‘rishini bilish muhim. Ulardagi g‘ayriodatiy harakatlarga nima sabab bo‘lishini bilish uni tushunish va g‘amxo‘rlik qilishda birinchi qadam bo‘ladi.

Yomg‘ir bolalari

Autistik spektrdagi buzilishlar bilan kechuvchi sindrom – autizm bolaning ijtimoiy hayotga moslasha olmasligi bilan kechadi. Bu kasallik emas, ularning eng asosiy o‘ziga xosligi shundaki, reallikni boshqacha ko‘radi, eshitadi, sezadi.

Ular odatda iqtidorli, ijodkor bo‘lishadi. Shu bois ham yomg‘ir bolalari deb nom berilgan.

Yomg‘ir bolalari bilan muloqotda quyidagi jihatlarni inobatga olish muhim:

Inson ovozini boshqa tovushlardan ajrata olishmaydi. Genetik buzilishlar bois ularning miyasi o‘ta faol darajada bo‘ladi, shu bois tashqi dunyodan qabul qilinayotgan ma'lumotlarni bir-biriga ulashga va yaxlit manzara hosil qilishga ulgurmaydi. Dunyoni bo‘laklarga bo‘lingan holda va qorishiq qabul qilishadi.

Deylik, bola qalam va yuqoriga ko‘tarilgan barmoqni chalkashtirib yuborishi mumkin. Uning uchun inson ovozi boshqa tovushlardan farqlanmaydi, shu bois chaqirganda ham o‘z ismiga reaksiya bildirmasligi, ammo ko‘chadagi mashina tovushiga seskanib ketishi mumkin.

Sezgilar o‘zaro bog‘lanmagan. Sog‘lom insonda turli sezgi organlari tashqaridan qabul qilgan axborotlarni asab tizimi yagona manzaraga birlashtiradi. Ammo yomg‘ir bolalarida unday emas. Hid bilish, ta'm, ko‘rish, eshitish va taktil sezgi orqali qabul qilinadigan axborot ularda zanjir kabi bir-biriga bog‘liq emas, balki bir-biriga sement bilan mustahkamlanmay, ustma-ust terilgan g‘ishtlarga o‘xshaydi. Qo‘qqisdan jismoniy holat o‘zgarsa, bolaning hojatga chiqqisi kelib qolsa, baland tovush yangrasa, bu g‘ishtlar to‘rt tomonga sochilib ketadi va mavhumlik paydo bo‘ladi, natijada bola vahimaga tushadi.

Yomg‘ir bolalariga tashqi dunyoga befarqlik, o‘zi bilan o‘zi gaplashish xos.

Sezgilarning o‘ta ta'sirchanligi va o‘z navbatida bir-birini to‘ldirmasligi bolada tashqi dunyoga nisbatan hurkish, vahima hissini uyg‘otadi. Mana shu vahimani bosish uchun bola o‘zini chalg‘ituvchi odat topadi: bir joyda tinimsiz aylanishi, o‘zini tishlashi, qo‘llarini tez-tez harakatga keltirishi mumkin.

Bu – bolaning yana stabil holatga qaytishi, o‘z qobig‘iga kirib olishi uchun o‘ziga xos himoya vositasi sanaladi.

Ular o‘zgalarning hislarini tushunishmaydi. Ular boshqalarning jahl, qayg‘u, xursandchilik, yig‘i kabi hissiyotlarini to‘g‘ri baholash uchun yetarli darajadagi ma'lumotni qabul qila olmaydi, shuning uchun mos reaksiya qaytarmaydi. Siz jahl qilganingizda u kulishi mumkin.

Ular faqat aniqlikni qabul qiladi. O‘zaro suhbatda odamlar metafora, kinoya yoki hazil ifodasini beruvchi ohang kabilardan foydalanishi mumkin. Ammo yuqorida aytilganidek, autist gapni hissiyotlardan xoli holda, aniq qabul qiladi. Unga hazil ohangida aytilgan gapning hazil ekanini farqlay olmaydi, to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qiladi.

Muomala me'yorlariga moslashish qiyin kechadi. Autistlar uchun boshqa odamlar orasida bo‘lish – changalzor o‘rmonda hech qanday xaritasiz, kompassiz yurishdek gap. U yo‘nalishni aniq belgilay olmaydi, shu bois harakatlari sarosimali va noodatiy chiqadi.

Deylik, unga shirinlik tutqazsangiz, minnatdorchilik uchun «rahmat»ni qo‘pol ohangda aytishi mumkin. Lekin buni uning o‘zi farqlamaydi. Kayfiyati, ruhiy holatini ko‘rsatish uchun ovoz ohangini o‘zgartira olmaydi, hissiyotlari ohang va yuz ifodasida akslanmaydi, monoton gapiradi.

Ular boshqalar orasida yashash uchun juda ko‘p kuch sarflashadi. Shundaylardan biri: «Odamlar orasida yashashga moslashgan bo‘lsam ham, o‘zimni doim ishonchsiz his qilaman. Odamlarning ko‘ziga qaray olmayman. Uzoq urinishlardan keyingina muloqot chog‘ida suhbatdoshimning ikki qoshi o‘rtasiga qarab turishni o‘rgandim», deydi.

Yomg‘ir bolalari boshqalarga nisbatan empatiya ko‘rsata olmasligi ularda hech qanday hissiyot yo‘q degani emas. Ular ham xursand bo‘lishadi, qayg‘uga botishadi. Faqat buni boshqacharoq namoyish etishadi.

Quyosh bolalari

Xromosomalar sonining odatdagidek 46ta emas, 47ta bo‘lishi bilan kechuvchi Daun sindromi bolaning nafaqat ruhiy holati, balki tashqi ko‘rinishida ham aniq belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Doim ochiq chehrada bo‘lishi, mehribonligi uchun ham ularni quyosh bolalari deb atashadi.

Daun sindromi bo‘lgan bolalarda tashqi belgilar: yuzning yassiligi, ko‘z qisiqligi, ko‘zlar orasining uzoqligi, burun va quloqning nisbatan kichikligi namoyon bo‘ladi.

Quyosh bolalari autistlardan farqli ravishda jamiyat bilan birga bo‘lishga intiladi.

Bunda unga ko‘maklashish va uning o‘ziga xosligini inobatga olish kerak:

Ma'lumotlarni qabul qilish qiyin kechadi. Aqliy rivojlanishning sekinligi bois Daun sindromi bo‘lgan bolalar ma'lumotni, yangi ko‘nikmani tengdoshlariga qaraganda ancha uzoq va murakkab o‘zlashtirishadi.

Fikrni yetkazishda ham gapni imkon qadar sodda va tushunarli qilib, bir necha bor takrorlab aytish kerak.

Ular hamma narsa ko‘ngildagidek bo‘lishini istashadi. Uyni qanday saranjomlash tushuntirilgan bola tartibsiz xonaga kirib qolsa, bezovtalana boshlashi mumkin. Chunki unga xona toza bo‘lishi kerakligi uqtirilgan va u doim shunday bo‘lishi kerak deb o‘ylaydi.

U doim ovqatdan keyin idishni yig‘ishtirib qo‘yishga odatlangan bo‘lsa, bunga imkon bo‘lmay qolganda asabiylashishi, hatto yig‘lashi ham mumkin.

Ular doim suyanchni his qilishlari lozim. Daun sindromi bo‘lgan shaxs bilan muttasil ishlab, ijtimoiy hayotga moslashtirgan taqdirda ham, ular doimiy suyanch va mehrga ehtiyoj his qilishadi.

Onasi, otasi yoki doimiy o‘rganib qolgan kishisi oldida bo‘lmasa, o‘zini ishonchsiz his qiladi. Shuning uchun ulardan mustaqillikni talab qilish noo‘rin.

Mavhum tushunchalarni qabul qilishi qiyin. U fikrni ilg‘ab olishga qiynaladi, shu bois real misol bilan gapirgan ma'qul. Undan halinchakda uchishni istaysanmi deb so‘ragandan ko‘ra, halinchakni ko‘rsatish yaxshiroq.

Uni biron narsani tanlashga undash kerak emas. Qanaqa shirinlik yeyishni istaysan, deb emas, shokolad olib beraymi, deb so‘rash to‘g‘riroq bo‘ladi.

Eng muhimi – sabr. Quyosh bolalari o‘z fikrini yetkazib berishga qiynalishi, jumlalarni uzoq takrorlashi mumkin. Bu paytda uni shoshirmaslik, sabr va diqqat bilan tinglayotganingizni ko‘rsatish kerak.

Bir narsani tushunish muhim: Autizm va Daun sindromi bo‘lganlarning joyi – ovloq internatlarda, kasalxonada emas, balki bizning oramizdadir.

Ularga ham barchamizga bo‘lganidek e'tibor, mehr, g‘amxo‘rlik kerak. Balki bizga keragidan ham ko‘ra ko‘proqdir.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Top