Sport | 11:52 / 23.06.2021
24793
15 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020. D guruhidan uch jamoa keyingi bosqichga chiqdi, Ukrainada deyarli imkon qolmadi

Xorvatlar ukrainlarning imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqardi, Angliya pley-offda kuchli raqibga duch keladi.

Yevropa chempionati. D guruhi
Xorvatiya — Shotlandiya — 3:1
 (1:1)
Gollar: Vlashich, 17 (1:0). Makgregor, 42 (1:1). Modrich, 62 (2:1). Perishich, 77 (3:1).
Xorvatiya: Livakovich, Lovren, Vida, Yuranovich, Gvardiol (Barishich, 71), Modrich, Perishich (Rebich, 81), Kovachich, Brozovich, Vlashich (Ivanushets, 76), Petkovich (Kramarich, 70).
Shotlandiya: Marshall, Henli (Makkenna, 33), Roberson, Tirni, O`Donnel (Patterson, 84), Armstrong (Freyzer, 70), Makgregor, Makginn, Maktominay, Adams (Nisbet, 84), Dayks.
Ogohlantirishlar: Lovren, 26. Makkenna, 34.
Hakamlar: Rapallini. Belatti, Bonfa (barchasi — Argentina).
VAR: Ernandes-Ernandes. Prieto Lopes de Serain, Sanches Martines, Martines Munuera (barchasi — Ispaniya).
22 iyun. Glazgo. «Hempden Park» stadioni.

Yirik turnirlarning eng maftunkor jihati — kashfiyot jamoalardir. Turnir arafasida ko‘pchilik ishonch bildirmagan jamoalar albatta kuchli o‘yin ko‘rsatishadi va yangi muxlislarga ega bo‘lishadi. Masalan, 1990 yildagi Kamerun yoki kutilmaganda Yevro-1992ga yo‘l olib, barchaning sevimlisiga aylangan Daniya.

Bu safargi qit'a chempionatida Shotlandiya ham shunday yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Agressiv, jo‘shqin va chinakamiga jonli jamoa. Madhiya ijro etish borasida ular Italiya bilan raqobatlashishi mumkin. Ularning o‘yiniga qarab shotlandlar ikki yil muqaddam Yevro saralashida bir oy ichida Belgiya va Rossiyaga bir xilda 0:4 hisoblari bilan mag‘lub bo‘lganiga ishonish qiyin.

O‘shanda Stiv Klark terma jamoa boshqaruviga endigina kelgandi, uning hozirgi jamoasi Millatlar ligasi pley-offida yuzaga keldi, bu bosqichda Shotlandiya Belgradda Serbiyani mag‘lub etib, qahramonlik ko‘rsatgan holda Yevro uchun qo‘shimcha yo‘llanmagan ega bo‘ldi. Ammo bu jamoa xarakter va hissiyotlarga kuchli darajada bog‘langan, o‘yin tuzilmasi esa u qadar mustahkam emasdi va Gilmor kasallikka chalinib safdan chiqqanida uning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmadi.

Yosh va iste'dodli yarimhimoyachi Angliyaga qarshi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilgan, unda koronavirus aniqlangach, u o‘zi bilan kontaktda bo‘lgan «Chelsi»dagi jamoadoshlari — Maunt va Chiluell ham karantinga ketishiga sababchi bo‘ldi. Klark bo‘shliqni tajribali va universal futbolchi bo‘lgan Armstrong bilan yopmoqchi bo‘ldi, va uning bunday qarori Zlatko Dalichning qarorlaridan ko‘ra oddiy edi. Xorvatiyalik murabbiy  birto‘la to‘rt futbolchini o‘zgartirib, darvozabondan boshqa barcha chiziqlarda murvatlarni burab chiqdi.

Asosiysi — uning barcha o‘zgarishlari o‘zini oqladi. O‘ng qanot himoyasiga tushirilgan tetik Yuranovich Robersonning hujumlarini to‘sib qo‘ydi va o‘zi ham bir golga uzatma berdi. Brozovich tayanch zonasini mustahkamladi, Petkovich to‘p ko‘proq o‘z jamoasida bo‘lishni ta'minladi, Vlashich esa hujumlarga rang-baranglik kiritdi. Bungacha u ikki o‘yinda zaxiradan tushayotgandi.

TsSKA futbolchisi 1 may kuni «Ufa»ga qarshi o‘yinda jarohat olgandi va bir oyga safdan chiqdi. Vlashichga faqat Armanistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida bir bo‘lim o‘ynash imkoni berilgandi. Dalich Yevro guruh bosqichi yakunidagina u to‘liq o‘yinga tayyor deb hisobladi. Raqibning o‘yin startidagi shturmi bir amallab qaytarilgach, Xorvatiya o‘zining ilk imkoniyatidan foydalandi, Vlashich Perishich tashlab bergan to‘pni darvoza burchagiga joyladi.

Vlashich doimiy ravishda markaziy hujumdagi Petkovich bilan joy almashib o‘ynadi. Xorvatlar birinchi goldan keyin mezbonlar o‘ziga kelib olmasidan o‘yinni hal qilib qo‘yishlari ham mumkin edi, ammo tanaffusga teng hisobda yo‘l olindi. Gol yana tajribali markaziy himoyachilar xatosi tufayli o‘tkazildi. Chexlarga qarshi o‘yinda Lovren penaltiga sabab bo‘lgandi. Endi uning sherigi Vida to‘pni Makgregorning oyog‘iga tashlab berdi va «Hempden Park» bu golni aqldan ozgudek bo‘lib nishonladi.

Chunki bu tarixiy gol edi, Shotlandiya chorak asrdan buyon qit'a birinchiliklarida gol ura olmay kelayotgandi — so‘nggi gol Yevro-1996da afsonaviy Alli Makkoyst tomonidan urilgan. Lekin tablodagi hisob bu ikki jamoa uchun ham Yevropa chempionati yakunlanganini anglatardi, shu tufayli ikkinchi bo‘limda ikki jamoa ham hujumkor o‘ynashi tabiiy edi. 

Vlashich 76-daqiqada almashtirilguncha yana bir bor o‘zini ko‘rsatib, Gvardiolani raqib darvozaboni bilan yakkama-yakka holatga chiqardi. Ammo Zagrebning «Dinamo»sidan «Leypsig»ga o‘tishi kutilayotgan 19 yoshli himoyachiga tajribali Marshallni aldash uchun hujumchilik jihatlari yetishmadi. Aks holda u Xorvatiyaning qit'a chempionatlarida gol urgan eng yosh futbolchi sifatida tarixga kirishi mumkin edi.

Ammo 2008 yilgi Yevroda gol urgan Modrichning rekordi o‘zgarmay qoldi. U xorvatlarning eng yosh snayperi bo‘lgandi, endi esa turnirda gol urgan eng yoshi katta futbolchisi ham bo‘ldi. Glazgodagi o‘yin vaqtida Modrich 35 yoshu 286 kunlik edi. Uning burchakdan Perishichga uzatgan golli pasidan keyin esa o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi.

Guruhda so‘nggi o‘rinda qolganiga qaramay, Shotlandiya Yevroni boshini baland ko‘targan holda tark etmoqda. Xorvatiya esa jahon vitse-chempionlari tavqi-la'natini yengib o‘ta oldi. Chorak asr davomida bunday jamoalar keyingi Yevroda muvaffaqiyatsizlikka uchrab kelardi. Italiya, Germaniya, Fransiya va Niderlandiya kabi jamoalar guruhlardan chiqa olmay qolib ketishgandi. Xorvatiya esa uddaladi, pley-offda ham ular 2018 yilgi jahon chempionatidagi kabi yurish qilishi hech gap emas. 

Xorvatlar chexlarni uchinchi o‘ringa tushirib yubordi, lekin chexlar ham eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari safida pley-offga chiqishadi, Ukrainaning imkoniyati esa keskin pasaydi.

Angliya Yevro-2020da yana bir zerikarli o‘yin o‘tkazdi, ammo chexlar mag‘lub etildi

Yevropa chempionati. D guruhi
Chexiya — Angliya — 0:1 (0:1)

Gol: Sterling, 12.
Chexiya: Vatslik, Tsoufal, Kalas, Chelustka, Borjil, Masopust (Xlojyek, 64), Souchek, Xolesh (Vydra, 84), Darida (Kral, 64), Yankto (Shevchik, 46), Shik (Pekxart, 75).
Angliya: Pikford, Uoker, Maguayr, Stouns (Mings, 79), Shou, Saka (Sancho, 84), Fillips, Rays (Henderson, 46), Grilish (Bellingem, 68), Sterling (Reshford, 67), Keyn.
Ogohlantirish: Borjil, 61.
Hakamlar: Soaresh Diash. Santos Suaresh, Tavaresh (barchasi — Portugaliya).
VAR: Silva Pineyru (Portugaliya). Valeri, Meli, Irrati (barchasi — Italiya).
22 iyun. London. «Uembli» stadioni.

Britanlarning tushunarsiz o‘yini
Yevropa chempionati startiga qadar Angliya terma jamoasi turnirning asosiy favoritlari qatorida edi. Albatta, ular hozir ham oltin medallar uchun da'vogarlar safida qolmoqda, faqat ularning muvaffaqiyatiga shubha ortgan.

Hammasi ular ko‘rsatayotgan o‘yinda. Angliya Xorvatiya va  Shotlandiyaga qarshi tushunarsiz o‘ynadi. Ular bu o‘yinlarda to‘rt ochko jamg‘argan bo‘lishsa-da, bu o‘yinlarda Garet Sautgeyt shogirdlari Italiya kabi yorqin taassurot ko‘rsata olishmadi. Britanlar zo‘riqish bilan harakat qilishdi va xorvatlar bilan o‘yinda g‘alabani boy berishlari ham, shotlandlarga yutqazishlari ham mumkin edi. Ammo ikki turda olingan to‘rt ochko — guruhdan chiqishni deyarli kafolatlashdi, shunday ekan, natija keltirayotgan Sautgeytni tanqid qilish ham adolatli emasdi.

Ammo inglizlar zerikarli o‘ynashmoqda, buning sababi esa aynan murabbiy bilan bog‘liq. «Uch sherlar» jahon chempionatida ham gollar yomg‘iri yog‘dirishmagandi, faqat Panamaga qarshi o‘yinni hisobga olmaganda. Natija bir qarashda yuqori — to‘rtinchi o‘rin va penaltilar seriyasida uzoq kutilgan g‘alaba — bu o‘yindagi muammolarni xaspo‘shlagan. Sautgeyt haddan tashqari ehtiyotkorona uslub tanlaydi, uning sxemasida fantaziyalarga va ijodkorlikka o‘rin yo‘q, harakatlar imkon qadar soddalashtirilgan. Angliyadagi muxlislarga ham bunday taktika tanlash sababi ma'lum emas — terma jamoada asrning eng kuchli avlodi jamlangan, kreativ futbolchilar ko‘p, o‘yin esa zerikarli.

Uzoq kutilgan Grilish
Dastlabki ikki o‘yinda Sautgeyt o‘zligiga sodiq qoldi va yana Grilish, Reshford va Sanchoni o‘yindan tashqarida qoldirdi («Borussiya» yarimhimoyachi hatto zayavka qilinmagandi). Shu bilan birgalikda, bahordagi o‘yinlarda «Manchester Siti»asosiy tarkibidan tushib qolgan Sterling va undan asosiy tarkibdagi o‘rnini tortib olgan Fil Foden ilk daqiqalardan harakat qildi. Lekin Fil o‘zi uchun odatiy bo‘lmagan o‘ng qanotda tushdi (klubida 21 yoshli havbek chap qanotda to‘p suradi). «Siti»da Fodenga keng erkinlik berilgan, unga markazga o‘tib o‘ynashi ham mumkin, Sautgeyt esa Filni o‘ng qanotga bog‘lab qo‘ydi. Angliya termasi o‘yini qanotlardan yoki orqaroqdan beriladigan uzun paslarga asoslangani hisobga olinsa, Foden terma jamoaga keraklicha samara bermasligi tayin edi.

Chexlar bilan o‘yinga Sautgeyt futbolchilarning joylashuvini o‘zgartirishga qaror qildi. Ammo kutilganidek emas. Ha, Angliya matbuotida va ijtimoiy tarmoqlarda asosiy mavzuga aylangan Grilishga boshlang‘ich tarkibdan joy berildi. Ammo Sancho yana zaxirada qoldirildi (u yakunlangan mavsumda nemis klubi safida 16 gol urgan va 20 golga uzatma bergan), o‘ng qanotda Foden o‘rnini «Arsenal» vingeri Saka egalladi, Sautgeyt avvallari uni chap qanotda o‘ynatardi. Saka uchun bu Yevrodagi debyut o‘yin bo‘ldi — Shotlandiyaga qarshi o‘yinda u zayavkaga ham kiritilmagandi.

Ha, Grilishning tushirilishi ko‘p jihatdan vaziyat taqozosi edi, o‘yin arafasida Maunt va Chiluell Shotlandiya termasi a'zosi Billi Gilmor (unda koronavirus tasdiqlangan) bilan aloqada bo‘lgani uchun izolyatsiya qilindi. Grilish sxema bo‘yicha Mauntning o‘rnini egalladi, ammo amalda 4-3-3 sxemasi 4-2-3-1 ga o‘zgardi. «Chelsi» yarimhimoyachisi markazdagi uchlik bilan bir chiziqda joylashgan bo‘lsa, Grilish Keynning ortida harakatlandi.

«O‘lim guruhi»dan raqib
Birinchi bo‘lim ingliz muxlislarga o‘yin o‘zgargani haqida umidlar baxsh etgandi. O‘yinning 2-daqiqasidayoq Sterling raqib jarima maydoniga yorib kirib, darvoza ustunini poyladi, ko‘p o‘tmay «Siti» forvardi baribir gol urdi — Saka boshlab bergan hujumni Grilishning uzatmasidan keyin yakunlab qo‘ydi. Uning ortidan terma jamoa sardori, Angliya chempionatining yakunlangan mavsumida eng ko‘p gol urgan va eng ko‘p golli uzatmani amalga oshirgan Keyn ham uyg‘ondi, u avvalgi ikki turda biror marta darvoza sari aniq zarba yo‘llay olmagandi, bu o‘yinda esa yuz foizlik imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo chexlar darvozaboni Vatslik jamoasini qutqardi.

Angliya tanaffusga qadar Xorvatiya va Shotlandiyaga qarshi o‘yinlar bilan taqqoslaganda ancha hujumkor o‘yin namoyish etdi. Shu bilan birga, Chexiyaga ham o‘ynashga qo‘yib berishdi: Golesh va Souchek birinchi bo‘limda javob goli urish uchun imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Ammo ikkinchi bo‘limda Sautgeyt yana o‘yinda tempni tushira boshladi — ikki jamoa darvozasi oldida ham yaqqol golli vaziyatlar yaratilmadi.

Angliya baribir 1:0 hisobini saqlab qoldi, ammo murabbiylar shtabi haqli tanqidlarga uchramoqda. Faqatgina qo‘rqoqlarcha futbol uchun emas, bunday futbol bilan kuchli raqib qarshisida qolishgani uchun. Gap shundaki, D guruhining birinchi jamoasi pley-offda F guruhining (Fransiya, Germaniya va Portugaliya) ikkinchi vakiliga qarshi maydonga tushadi. D guruhining ikkinchi jamoasi esa nisbatan osonroq raqibga tushgan bo‘lardi E guruhining ikkinchi jamoasiga qarshi (Ispaniya, Shvetsiya, Slovakiya, Polsha).

Chexlar uchun eng alamlisi, ular pley-offga ikkinchi o‘rin bilan chiqa olishmadi. Ha, ular kuch tejab ham Shotlandiyani mag‘lub etishgan, xorvatlar bilan o‘yinda durangga erishgan va Angliya bilan tengma-teng o‘ynashdi, ammo Xorvatiya parallel uchrashuvda 3:1 hisobidagi g‘alabaga erishishdi va guruhni ikkinchi o‘rinda yakunlashdi. Chexlar to‘rt ochko bilan ham guruhdan chiqishadi, ammo ularning raqibi kim bo‘lishi hali noma'lum.

Har holda Angliya Londonda qoldi, ular bu yerda o‘lim guruhidan chiqib keladigan raqibni kutishmoqda.

Mavzuga oid