Yangicha YCHL. U qanday bo‘ladi? Qanday ijobiy jihatlar bor?
Ko‘proq jamoalar, shveysarcha tizim va saralashda yangicha qoidalar. Yangilanayotgan formatni ko‘rib chiqamiz.
Chempionlar Ligasining navbatdagi mavsumiga start berildi va guruhlarda dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash lozimki, bu musobaqa hozirgi tanish formatda so‘nggi bor o‘tkazilmoqda va kelasi yildan umuman boshqacha ko‘rinishda tashkil etiladi. Xo‘sh, nega UEFA bunday qarorga keldi? Kelasi mavsumdan amal qilinadigan ko‘rinish qay shaklda bo‘ladi va qanday afzalliklarga ega?
Nega bunday ehtiyoj paydo bo‘ldi?
Aslida, shuni tan olish kerakki, Chempionlar Ligasi bugungi kunda dunyoning eng zo‘r turniri maqomiga chiqib, hatto jahon chempionati bilan raqobat qila oladigan, moliyaviy tomondan ham, e’tibor jihatidan ham barcha klub va futbolchilar intiladigan darajaga chiqishiga aslida aynan format o‘zgartirilishi sabab bo‘lgan. 90-yillardan oldin Chempionlar Kubogi ilk bosqichlardanoq pley-off ko‘rinishida bo‘lar, ligalardan faqat chempion klublar qatnashishi mumkin edi. Asta-sekin top-ligalarda keyingi o‘rinni olgan top-jamoalar hisobiga turnir tarkibi boyidi, guruh bosqichi tashkil qilinishi esa o‘yinlar sonini ham, musobaqaning yaxlitligini ham yaxshiroq qildi.
Ammo bugungi kunga kelib, ushbu format ham mazmunan eskirganini tan olish vaqti yetganga o‘xshaydi. Guruhlar soni 4 tadan 8 taga oshishi, tabiiyki, o‘yinlar va jamoalar sonini ko‘paytirdi, lekin guruhlar tarkibi va intriga jihatdan pasayish ro‘y berishini kuzatish mumkin. Bir-ikki guruhdan tashqari, aksariyat guruhlarda favoritlar saralanib qolmoqda va aksariyat top-klublar uchun guruh bosqichi avvalgidek mazmun kasb etmayapti.
Buni yuqoridagi jadvaldan ham tahlil qilish mumkin. So‘nggi yillarda ayniqsa, ikkinchi va uchinchi jamoa to‘plagan ochkolar bo‘yicha farq kattalashib bormoqda. 2-o‘rinni band etgan jamoalarning o‘rtacha ochkosi so‘nggi 5-6 yilda 10 dan pasaygani yo‘q, 3-o‘rinni egallagan klublarning o‘rtacha ochkosi esa, hatto 6 ochkodan ham pasayib ketdi. Bu farq tabiiyki, guruhdan chiqish uchun kurash murosasiz bo‘lmagani, ko‘p hollarda oxirgi turdan ham oldin hal bo‘layotganini bildiradi. Tabiiyki, haqiqiy Chempionlar Ligasi bahorda boshlanadi, degan mulohazalar ham o‘rinli bo‘lib qolgandek. Bu birinchidan, musobaqa tomoshabopligiga putur yetkazsa, ikkinchidan, eng muhimi, top-klublarning ham YCHLga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qilyapti. Shundoq ham, ichki chempionat darajasi va yuklamasi oshib borayotgan, kuzda har oy futbolchilarini milliy jamoa yig‘inlariga jo‘natadigan top-klublar kuzda uchinchi dunyo vakillari bilan, ko‘pincha turnir ahamiyati bo‘lmagan o‘yinlarda qatnashishni istashmaydi. Moliyaviy tomondan ham naf keltirishi qiyin. Bir necha yil oldin Superliga mashmashalari ham aynan shu sababdan paydo bo‘lganini unutmaslik kerak. Yangi format qaysidir ma’noda o‘rta yo‘lni topishga xizmat qiladi – ham top-ligalarning istagi amalga oshishi kerak, ham UEFA javobgar bo‘lgan keyingi eshelon klublari jabr ko‘rmasligi lozim.
Xo‘sh, yangi format qanday bo‘ladi?
Kuzda boshlanadigan asosiy bosqichda endi 32 emas, 36 jamoa qatnashadi. Lekin guruhlar bo‘lmaydi va har bir jamoa avvalgi 6 ta o‘rniga 8 tadan o‘yinda maydonga tushadi. Ham jamoalar sonini oshirib, ham top-klublar masalasini hal qilmoqchi bo‘layotgani uchun UEFAga qoyil qolish kerak.
Bundan nima chiqadi, qani, amalda ko‘ramiz.
Xullas, 36 jamoa har biri 9 ta klubdan iborat 4 ta savatga bo‘linadi. Birinchi savatga Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi, hamda so‘nggi besh yildagi natijalar bo‘yicha hosil bo‘lgan klublar reytingi bo‘yicha eng yuqori koeffitsiyentga ega bo‘lgan 8 jamoa (YCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritganlar ichidan, albatta) o‘rin oladi. Keyingi savatlar ham xuddi shu tartibda to‘ldiriladi.
Har bir jamoa ushbu bosqich davomida har savatdagi ikkitadan jamoa bilan o‘ynab chiqadi. Bittasi bilan uyda, bittasi bilan safarda. O‘z savatidagi jamoalar bilan ham o‘ynaydi. Shu tariqa, 8 o‘yin hosil bo‘ladi. Bir jamoa bilan ikki marta o‘ynalmaydi. Bir mamlakat vakillari bu bosqichda o‘zaro duch kelishmaydi. Raqiblar qur’a asosida aniqlanadi.
Mana shu 8 tadan o‘yinda to‘plangan ochkolarga qarab umumiy jadval shakllanadi va ochkolar bo‘yicha dastlabki 8 o‘rinni egallagan jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
9-24 o‘rinni egallagan 16 jamoa ham keyingi bosqichga chiqadi. Ushbu 16 jamoa 8 juft bo‘lib, pley-offda o‘ynashadi va g‘olib chiqqan 8 jamoa ularni kutib turgan dastlabki 8 jamoa bilan birgalikda 1/8 finalni tashkil qilishadi. Uyog‘i o‘sha biz bilgan bahorgi formatda davom etadi.
Bu yerda top-klublar uchun ham har bir o‘yinning ahamiyati oshirilayotganiga e’tibor qaratish lozim.
Birinchidan, g‘oliblar to‘rttalik guruhda emas, umumiy aniqlanishini e’tiborga olsak, har bir o‘yinda ochko olish lozim bo‘lib qoladi. 3-4 turda guruh masalasini hal qilish qiyin, zero 8 talik uchun kurashda yaxshi ochko to‘playdigan jamoalar ko‘p bo‘ladi.
Ikkinchidan, xo‘p, kimdir aytaylik, qatorasiga 5-6 o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda ham, so‘nggi turlarda imkon qadar ochko yo‘qotmaslikka, o‘sha sakkiztalikning ham eng yuqorisida bo‘lishga harakat qilishi lozim. Chunki 1/8 final uchun raqib tanlanayotganda avvalgidek, ko‘r qur’a emas, qanchalik yuqorida bo‘linsa, shuncha pastroqdagi raqibga ro‘para kelish ehtimoli oshadi. Yana shunisi ham borki, o‘sha kuzgi jadvalda 1-o‘rinni olgan jamoa 2-o‘rindagi jamoa bilan faqat finalda duch kelishi mumkin. Qur’aning setkasi shunday tuziladi va buni quyidagi infografikada ham ko‘rib olish mumkin:
Top-uchrashuvlar nafaqat bahorda, kuzda ham ko‘payishini darhol payqash mumkin. Qarang, birinchi to‘qqiztalik savatchadan katta ehtimol bilan «Real», «Barselona», «Bavariya», «PSJ», «Inter» va APL top-klublari o‘rin olishini hozirdan taxmin qilsak bo‘ladi. Tasavvur qiling, bu klublar o‘z savatidagi raqiblar bilan ham ikki o‘yin o‘tkazadi. Bu shu savatdagi o‘yinlarning o‘zi kamida 9 ta yuqori reytingli top-uchrashuv bo‘lishini kafolatlaydi.
Ingliz jamoalari o‘zaro o‘ynamasligini e’tiborga olsak, ularning har biri «Bavariya», «Real» yoki «Barselona» bilan o‘ynab chiqishi ham shart bo‘lib qoladi. Keyingi savatda ham mavjud bo‘ladigan top-klublar, masalan, «Milan», «Atletiko» yoki «Borussiya» kabi klublarning ham har biri ikki martadan Top-9 bilan o‘ynashini qo‘shilsa, yana 6 ta top afishali o‘yinga ega bo‘lamiz. Jami 15 ta.
Endi hozirgi formatdagi kuzgi YCHLni olamiz. «Bavariya» – «Manchester Yunayted» va «PSJ»ning «Milan» va «Borussiya» bilan ikkitadan o‘yinlari yuqoridagi to‘qnashuvlarga yaqin kelishi mumkin, xolos. Ya’ni qariyb uch barobar kam.
Jamoalar tarkibi qanday aniqlanadi?
Avvalgi 32 klubga qo‘shilgan 4 klub qayerdan keladi? Ikki klub saralashlar orqali yetib keladi, bu tushunarli. Shu yerda top-chempionatlar, ayniqsa, APL klublari muxlislari uchun quvonchli xabar bor. Misol uchun, bu mavsumda APLda 5-o‘rinni olgan jamoa ham keyingi yili YCHL ishtirokchisi bo‘lishi mumkin. Qo‘shimcha ikki o‘rin yevrokuboklar reytingida so‘nggi yilda eng ko‘p ochko to‘plagan ikki assotsiatsiyaga ajratildi. Ya’ni 2023/24 yillar mavsumida klublari eng yaxshi reyting-ochko to‘plagan ikki liga qo‘shimcha bittadan o‘ringa ega bo‘ladi.
Avvaliga UEFA bu o‘rinlari reytingi yuqori ikki klubga berishga qaror qilgandi. Ammo bu holatda, reytingi doim yuqori bo‘ladigan «Chelsi», «MYU» yoki «Milan» kabi klublar o‘z chempionatida qanday o‘rinni olishidan qat’i nazar har mavsumda YCHL wild-card’iga ega bo‘lib qolishi mumkin edi. Shuning uchun UEFA bu o‘rinlarni assotsiatsiyalarga ajratdi.
Shu bilan birga, reyting ochkolar nafaqat Chempionlar Ligasidagi jamoalar, balki Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Kubogidagi klublar tomonidan ham to‘planishini inobatga olish kerak. Bir liga jamoalari tomonidan to‘plagan ochkolar hammasi jamlanib, o‘sha ligadan qatnashuvchi jamoalar soniga taqsimlanadi. Albatta, musobaqa va bosqich darajasining mos koeffisentini inobatga olgan holda. Ya’ni YCHL o‘rinlari uchun Yevropa Ligasi va Konferensiyalar kubogida qatnashayotgan jamoalarning ham ochkolari muhim, birgina klubning erta bosqichlarda turnirni tark etishi o‘sha mamlakat ligasiga beriladigan o‘rinlarga sezilarli ta’sir qilishi aniq. Qiziq tomoni, aytaylik, «Brayton» APLda 5-o‘rinlarda borib, YCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni o‘ylasa, birato‘la, Yevropa Ligasida ham reyting ochkolariga ahamiyat berishi kerak, har o‘yinda g‘alaba uchun o‘ynashi lozim bo‘ladi.
Masalan, 2021/22 yillar mavsumida to‘plangan reyting-ochkolar bo‘yicha hisoblasak, Erediviziya umumiy 2-o‘rinni olganini ko‘ramiz. Aynan Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasidagi muvaffaqiyatli ishtirok tufayli Niderlandiya jamoalari o‘rtacha reyting bo‘yicha faqat APLdan ortda qolishdi, xolos. Demak, qo‘shimcha o‘rinlar nafaqat top-5 ligalar uchun, balki Niderlandiya, Portugaliya, Turkiya kabi chempionatlar uchun ham imkoniyat berishi mumkinligi amaliy tomondan isbotlandi. Agar shu ko‘rinish avvaldan ishlab kelganida, bu yilgi YeChLda «Liverpul» va «Atalanta», undan oldingi mavsumda esa «Arsenal» va «PSV»ni ko‘rgan bo‘lardik.
Shuningdek, YCHL va Yevropa Ligasini yutgan klublarning o‘z chempionatida ham yo‘llanma egasi bo‘lishi sababidan qo‘shimcha o‘rinlar paydo bo‘lishi turgan gap. Ayniqsa, YCHL g‘olibi aksariyat hollarda, katta ehtimol bilan o‘z chempionatida ham kuchli to‘rtlikka kirishi haqiqatga yaqinroq. Bu holatda qo‘shimcha o‘rin UEFA reytingi bo‘yicha yuqori o‘ringa ega klublarga qaraladi. Ukraina yoki Gretsiya chempionati assotsiatsiyalar umumiy reytingida pastroq bo‘lishi mumkin, ammo «Shaxtyor» yoki «Olimpiakos» kabi jamoalar mustaqil ravishda yiqqan reyting ochkolar tufayli ham YCHL ishtirokchisiga aylanib qolishi mumkin bo‘ladi.
Xullas, Superliga loyihasiga javob sifatida UEFA o‘z variantini taqdim etmoqda. Balki ko‘pchilik uchun bu biroz tushunarsiz va noto‘g‘ri yo‘nalishdek ko‘rinishi mumkin, ammo aynan bugungi YCHL formati paydo bo‘lganda ham norozilar yetarlicha bo‘lgan. Agar hozirgidan ham yaxshi bo‘lib chiqsa, Chempionlar Ligasi qanaqa darajaga chiqib ketishini tasavvur ham qilish qiyin.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
10:48 / 04.10.2024
Galaktikos 2.0. «Real»ning natijalari qanchalik xavotirli?
22:27 / 29.08.2024
YeChLga qur’a tashlandi - har bir klub 8 tadan raqibini bilib oldi
16:27 / 15.03.2024
YeChL chorakfinal va yarimfinaliga qur’a tashlandi
16:37 / 28.11.2023