O‘zbekiston | 07:54 / 22.11.2019
5975
3 daqiqa o‘qiladi

Yadro fizikasi instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

nazariy va eksperimental yadro fizikasi, atom energetikasi va yadroviy texnologiyalar, qattiq jism radiatsion fizikasi va materialshunoslik, yadroviy analitika va radiokimyo, ilmiy asbobsozlik bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;

oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim instituti faoliyati samaradorligini ta'minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

respublika maqsadli fan-texnika va innovatsion dasturlarini bajarish orqali yadro fani va texnologiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etish;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, ta'lim muassasalaridagi o‘quv jarayonida Institut ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, dissertatsiya ishlari va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish orqali fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;

xorijda ilmiy kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, Institut ilmiy faoliyatiga chet ellik olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarni jalb qilish;

Institut faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish.

Belgilab qo‘yilishicha, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab:

Institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;

Institutda ilmiy-texnik dasturlar doirasidagi fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi to‘xtatiladi va bo‘shagan budjet mablag‘lari Institutni saqlash xarajatlarining moliyalashtirilishiga yo‘naltiriladi.

Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

xo‘jalik faoliyati hisobidan tushgan mablag‘lar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid