09:56 / 23.04.2021
17757

Internetdagi «chegaradan chiqqan» izohlar uchun OAV va blogerlarni nimalar kutmoqda?

31 mart kuni imzolangan qonun bilan, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda veb-sayt egasi, jurnalist va blogerlar nafaqat o‘zlari e'lon qilgan axborot, balki foydalanuvchilar tomonidan yozib qoldiriladigan izohlar uchun ham javobgar bo‘ladi.

Kun.uz qonunchilikka bu o‘zgartirish nima maqsadda kiritilgani, uning huquqiy oqibatlari haqida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya va AKT vazirliklari mas'ullaridan izoh oldi.

Shuhrat Ahmadov

Shuhrat Axmatov,
AOKA Axborot siyosati boshqarmasi boshlig‘i:

— Avvalo, mazkur qonun loyihasi AOKA tomonidan ishlab chiqilmaganini ta'kidlab o‘tmoqchiman. Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, internet tarmog‘idagi axborot resursidan quyidagi maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi:

  • O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da'vat etish;
  • ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga, shuningdek, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglarda, ko‘cha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga da'vat qilish, shuningdek, mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirish;
  • jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
  • urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
  • davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni oshkor etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘yiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
  • jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan, beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
  • giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targ‘ib qilish;
  • pornografiyani, zo‘ravonlikni va shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga da'vat etish;
  • fuqarolarni, shu jumladan, voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqa tarzda jalb qilishga qaratilgan axborotni tarqatish.

Veb-saytning egasi va bloger qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi, axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirishi, basharti joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda, uni darhol o‘chirib tashlash choralarini ko‘rishi shart.

Deylik, saytda chiqqan, YouTube va Telegram kanallarida e'lon qilingan, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan materiallarga qoldirilgan qonunga zid izohlarni sayt egasi yoki bloger ko‘rib qolgan vaqtda shu zahoti o‘chirib tashlashi kerak.

Yangi qonun Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 dekabrdagi 807-son qarori bilan tasdiqlangan veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibini inkor etmaydi.

Yuqorida yangi qonun bilan taqiqlangan maqsadlarga xizmat qiluvchi izohlar darhol o‘chirilishi kerak, deb aytdim. Deylik, izohlarning qonunga zid ekanini hamma ham anglay olmasligi, buning uchun huquqiy bilimi yetmasligi mumkin, shu bois, ayrim izohlarni o‘chirmay o‘tkazib yuborishi tabiiy. Bunday paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi 24 soat ichida veb-sayt egasi yoki blogerga falon materialda yoki falon platformadagi xabar yoki videoda qonunga zid holat aniqlandi, shuni o‘chiring, degan mazmunda xabarnoma yuboradi.

Xabarnoma Markazning rasmiy axborot resurslari (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlardagi rasmiy sahifa) orqali elektron shaklda yuboriladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot joylashtirilgan axborot resursining nomi, axborot joylashtirilgan sana ko‘rsatiladi; taqiqlangan axborotga havola va uning ekrandagi tasviri nusxasi ilova qilinadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda ushbu axborotni tarqatish uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik to‘g‘risida ma'lumotlar keltirilishi mumkin.

To‘g‘ri, katta axborot resurslari kuniga yuzlab materiallar e'lon qiladi, uni internetdagi bir qancha platformalarga tarqatadi, u yerda yozib qoldirilayotgan izohlarni kuzatib borish qiyin, buni tushunamiz. Biroq qonun bilan OAV va blogerlarga imkon qadar ana shunday izohlarni ko‘rib chora ko‘rish bo‘yicha majburiyat yuklanmoqda. Buni unutmaslik kerak.

Bordi-yu OAV egasi yoki bloger qonunga zid izohni ko‘rmay qoldi. Yoxud qaysidir izoh qonunga zid ekanini anglolmadi. Bunday vaziyatda Monitoring markazidan xabarnoma borganidan so‘ng o‘sha izoh o‘chirib tashlansa, bu hech qanday oqibatni keltirib chiqarmaydi. Biroq AOKA Monitoring markazi qaysidir material yoki izoh qonunga zid ekanini isbotlab berib, uni o‘chirish haqida ogohlantirgandan keyin bu talabni bajarish majburiy hisoblanadi.

Tahririyat AOKA Monitoring markazi tomonidan yuborilgan xabarnomada 24 soat ichida o‘chirilishi talab etilgan material yoki izoh qonunga zid emas, deb hisoblasa, masalaning yechimi sudga borib taqaladi. Tahririyat yoki bloger sudda chindan ham o‘chirilishi so‘ralgan maqola yoki izoh qonunga zid emasligini isbotlab berishsa, muammo yo‘q, bunda xabarnoma kuchini yo‘qotadi. Monitoring markazidayam robotlar emas, odamlar ishlashadi, tabiiyki, xabarnoma xato yuborilgan yoki anglashilmovchilik bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Inson omiliga bog‘liq har qanday jarayonga xos holat bu.

Bizning maqsadimiz ham, qonun tashabbuskorlarining maqsadi ham hamma narsani boshma-bosh o‘chirish emas, aksincha, yaxshi kontent qolsin, ko‘proq qonunga xilof kontentlarni o‘chirish masalasi aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda ta'kidlab ketishim kerakki, bu qonunning qabul qilinishi internet foydalanuvchilarining O‘zbekiston konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan fikrini mustaqil bayon qilish huquqini, so‘z erkinligini cheklamaydi. Aksincha, qonunga xilof axborotlarnigina o‘chirishni taqozo qiladi.

Sherzod Ahmadov

Sherzod Ahmadov,
AKT vazirligi axborot xizmati rahbari:

— «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan men ham tanishib chiqdim. Bu to‘laligicha kontent masalasi bilan bog‘liq. Shu sababli ushbu qonunning vazirligimizga umuman aloqasi yo‘q. Qonunda ko‘rsatilgan talab va majburiyatlar ijrosini nazorat qilish bilan boshqa tashkilotlar shug‘ullanadi.

Sevara O‘rinboyeva

Sevara O‘rinboyeva,
Adliya vazirining matbuot kotibi:

— «Axborotlashtirish to‘g‘risida» gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni ishlab chiqishdan bir qancha maqsadlar ko‘zlangan.

Birinchidan, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy tartibsizliklarga, shuningdek, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da'vat etuvchi postlar hamda e'lonlar ko‘p uchramoqda. Bu esa ko‘pchilik fuqarolarning noroziligiga, shu bilan birga jamoat joylarida turli bezorilik harakatlari sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Xuddi shu kabi holatlarning o‘z vaqtida oldini olish uchun aynan ushbu qonun ishlab chiqildi.

Ikkinchidan, oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotlarni ham ko‘p uchratishimiz mumkin. Afsuski, o‘zining veb-sayt sahifasini yurituvchi ayrim shaxslar obunachilar sonini oshirish maqsadida yolg‘on axborotlarni hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan internet jahon axborotiga joylashtirmoqda. Buning natijasida esa, ko‘plab fuqarolar orasida noto‘g‘ri fikrlar, o‘zaro tortishuvlar va boshqa salbiy holatlar uchramoqda. Aynan shunday holatlarning oldini olish uchun ushbu qonunni qabul qilishga zarurat mavjud edi.

Hukumatning 2020 yil 23 dekabrdagi 807-sonli qarori bilan veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi tasdiqlangandi. Lekin ushbu qarorda internet tarmog‘ida tarqatilishi cheklangan axborot turlarining ro‘yxati mavjud bo‘lmagan. Bunday axborotlarning ro‘yxati esa «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 121-moddasida belgilangan. 2021 yil 31 mart kuni qabul qilingan qonun bilan esa qonunchilikda tarqatilishi taqiqlangan axborotlar ro‘yxati kengaytirilgan holda aniqlashtirildi.

Jahon tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, axborot tizimlariga taqiqlangan axborot joylashtirilgani yoki joylashtirilmaganini monitoring qilish tartibi faqat O‘zbekiston Respublikasida emas, ko‘pchilik davlatlarda mavjud. Xususan, Rossiya Federatsiyasida ushbu vazifani Roskomnadzor davlat tashkiloti amalga oshiradi. Monitoringni amalga oshirish tartibi esa Rossiya Federatsiyasining «Axborot, axborot texnologiyalari va axborot himoyasi to‘g‘risida»gi qonunida belgilangan.

Mazkur qonun qabul qilinishi bilan hukumatning 2020 yil 23 dekabrdagi 807-sonli qaroriga hech qanday o‘zgartirish kiritilmadi. Ya'ni hukumat qarorida belgilangan veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi hech qanday o‘zgarishsiz to‘liq amal qiladi.

Veb-saytdan va (yoki) veb-saytlardan va (yoki) sahifalaridan foydalanish cheklanishi mumkin bo‘lgan axborot segmentlari doirasi esa «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 121-moddasiga muvofiq aniqlanadi.

Axborot resurslari egasi, shuningdek, blogerga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnomani yuborish Hukumatning 2020 yil 23 dekabrdagi 807-sonli qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, axborot resursi egasi, shuningdek, bloger xabarnomani olgan vaqtdan boshlab (e'tibor berish kerakki, xabarnomani olgan vaqtdan boshlab) 24 soatdan kechiktirmasdan qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlashi, bu to‘g‘rida tegishli ravishda xabardor qilishi lozim.

Xabarnoma uning jo‘natilgani va qabul qilib olingani faktlarini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron shaklda yuboriladi.

Ushbu jarayonni ikki xil holatda tushuntirib o‘tamiz.

Birinchi holat. Misol uchun «M» ismli blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga kimdir qonunga zid axborot (ommaviy tartibsizlikka, mitinglar, ko‘cha yurishlari, terrorizm yoki milliy adovat, jinoyatchilikka da'vat, haqorat va b.) qoldirdi. Bu holda «M» ismli bloger ushbu axborotni ko‘radigan bo‘lsa, o‘zi o‘chirishi kerak bo‘ladi.

Ikkinchi holat. «M» ismli bloger qoldirgan postda bildirilgan axborotlar juda ko‘p bo‘lsa, buni bloger doimiy nazoratiga ololmaydi. Shu sababli ko‘rmay qolgan axborot uchun «M» ismli bloger javob bermaydi. Ushbu holda axborotni AOKAning Monitoring markazi aniqlasa, unda blogerga elektron ravishda xabarnoma yuboradi.

«M» ismli bloger xabarnomani olgandan keyin (taqiqlangan axborot qoldirilgandan keyin emas) 24 soat ichida o‘sha kommentariyni o‘chirishi va AOKAning Monitoring markazini xabardor qilishi lozim.

Eng muhimi, hukumatning 807-sonli qaroriga ko‘ra, agar «M» ismli bloger taqiqlangan axborotni o‘chirmasa, unga o‘chirish majburiyati faqat sud tomonidan belgilanadi. Bu degani oxirgi so‘zni sud aytadi.

Bu qonunning qabul qilinishi internet foydalanuvchilarining huquqini, so‘z erkinligini cheklashi haqida xavotirlar o‘rinsiz. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra, har kim fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi huquqiga egadir. Shunga ko‘ra, hech kim yoki hech bir davlat organi fuqarolarning so‘z erkinligini cheklashga haqli emas. Ushbu qonun bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, qonunda fuqarolarning so‘z erkinligini cheklashga qaratilgan hech qanday norma mavjud emas. Qonundagi barcha normalar davlat va jamiyat tuzilishi, shuningdek, fuqarolarning huquqlarini inobatga olgan holda kiritilgan.

Umuman olib qaraganda, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanayotgan barcha foydalanuvchi, shu jumladan, blogerlar ham qonunga zid materiallarni va axborotlarni e'lon qilishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim. Chunki so‘z erkinligi degani – bu qonun normalariga zid istalgan fikrni ayta olish, jamoat tartibini buzish, yot g‘oyalarga da'vat qilish yoki yolg‘on axborot tarqatish kerak, degani emasligini yaxshi anglashimiz va tushunishimiz kerak.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Top