Jamiyat | 16:58 / 03.06.2024
3615
3 daqiqa o‘qiladi

“Psixologlar faoliyatiga oid huquqiy asos yaratiladi” – Qonunchilik palatasi deputati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatovaga ko‘ra, “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu qonun bilan odamlarning qimmatli vaqti va mablag‘ini “o‘g‘irlayotgan” soxta psixologlar faoliyatini tartibga solish nazarda tutilmoqda. Kun.uz oldinroq shu mavzuda surishtiruv e’lon qilgandi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda soxta psixologlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova xabar berdi.

Deputatga ko‘ra, uzoq va qizg‘in tortishuvlar, munozaralar va muhokamalardan so‘ng psixologik yordam ko‘rsatishni tartibga solishga qaratilgan “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

“Joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda 2 yoki 3 oylik shubhali kurslarni tamomlagan shaxslar o‘zlarini “psixolog” deb tanishtirib, odamlarning qimmatli vaqti va mablag‘ini “o‘g‘irlayotgani”, bu masalani qonun bilan tartibga solish zaruratiga oid masala tez-tez ko‘tarilib turgandi. Ko‘p millionli auditoriyani o‘zida jamlayotgan ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatdik: haqiqatan ham, 5-6 ta risolani varaqlab chiqib, odamlarning ishonchiga kirib, ularning ruhiy, ma’naviy dunyosiga daxl qilayotgan “psixolog”lar ko‘payganini ko‘rib turibmiz.

Bu mavzuda ilgari ham o‘z fikrimni bildirgandim: psixologlar faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish shart va zarur.

Qonunchilik palatasidagi bir guruh hamkasblarimiz bilan hamkorlikda masalani chuqurroq o‘rgandik, mutaxassislar, ekspertlar bilan qayta-qayta uchrashib, muhokamalar o‘tkazdik. Bir necha oylik muttasil izlanishlardan so‘ng Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdik.

Hozircha ilk va muhim qadam qo‘yildi, psixologlar faoliyatiga oid huquqiy asos yaratiladi”, deya yozgan deputat.

Shahnoza Xolmaxamatovaning qo‘shimcha qilishicha, loyihani tez orada Qonunchilik palatasiga kiritish rejalashtirilmoqda. 

Kun.uz avvalroq respublikada “motivator”, “layf koach” (hayot murabbiyi), “qalbshunos”, “islomiy psixolog”, “psixogenetik” degan nomlar bilan 100ga yaqin shaxslar faoliyat olib borayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.

Mavzuga oid