Jahon | 23:00 / 24.02.2026
5860
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikada narkokartel rahbari o‘ldirilgandan keyingi tartibsizliklar to‘xtadi

Shaharlarda do‘konlar va umumiy ovqatlanish joylari ochilgani, taksi va yetkazib berish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani, politsiya tartibni tezda tiklagani ta’kidlanmoqda.

Foto: Getty images

Meksikaning Gvadalaxara shahri aholisi «Yangi avlod Xalisko» (CJNG) narkokarteli rahbari Nemesio Oseger Servantes (El Mencho nomi bilan tanilgan) o‘ldirilishi tufayli boshlangan tartibsizliklardan keyin shahardagi vaziyat haqida so‘zlab berdi.

Nikolay ismli shaxsning aytishicha, kechadan boshlab shaharda do‘konlar va umumiy ovqatlanish joylari ochilgan, taksi va yetkazib berish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Uning qayd etishicha, politsiya tartibni tezda tiklagan.

Yelena ismli yana bir mahalliy fuqaro hozir shaharda vaziyat tinchligini, do‘konlar va kafelar ishlayotganini, jamoat transporti qatnayotganini tasdiqladi. Suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, bir kun oldin rasmiylar «qizil kod» kiritib, shahar aholisidan uydan chiqmaslikni so‘ragan edi.

Gvadalaxaralik Yuliya ham rasmiylar zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilganini aytdi. Shu bilan birga, bugundan ko‘plab odamlar ishga qaytdi. Maktab va universitetlar 25 fevraldan ish boshlaydi.

Vaziyat Meksikaning boshqa bir shahri - Puerto-Valyartada ham barqarorlashdi, dedi Yevgeniy. Biroq mahalliy hokimiyat aholiga uyda qolishni tavsiya qilmoqda.

Servantes 22 fevral kuni Meksikaning Xalisko shtatida o‘tkazilgan maxsus operatsiya chog‘ida o‘ldirildi. Narkobaronning o‘limi kartel a’zolari va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi, zo‘ravonlik harakatlari kamida to‘qqizta shtatda qayd etildi. Associates Press 14 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Tartibsizliklar fonida Puerto-Valyarta va Gvadalaxara aeroportlari 129 ta reysni bekor qilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid