«El Mencho» nomi bilan tanilgan Nemesio Oseguera Servantes – Meksikaning eng qudratli jinoiy guruhlaridan biri «Xalisko Yangi Avlod Karteli»ning uzoq yillik rahbari va eng zo‘ravon jinoyatchi shaxslardan biri edi.

22 fevral kuni Meksika xavfsizlik kuchlari Xalisko shtatining g‘arbida, aholisi qariyb 20 ming bo‘lgan Tapalpa shahrida operatsiya o‘tkazdi. Kartel joylashgan hududda o‘tkazilgan tadbir vaqtida u yaralangan. Meksika mudofaa vazirligiga ko‘ra, 59 yoshli «El Mencho» Mexiko shahriga samolyotda olib ketilayotgan paytda, hibsda vafot etgan. Operatsiya natijasida guruhning yana uch a’zosi o‘ldirilgan.

New York Times nashri El Mencho, uning o‘limi va karteli haqida ahamiyatli ma’lumotlarni jamladi.

«Xalisko Yangi Avlod Karteli» qanday guruh?

2009 yil atrofida Meksikaning qudratli Sinaloa kartelidan ajralib chiqqan «Xalisko Yangi Avlod Karteli» keyinchalik mamlakatdagi eng yirik narkotik savdosi tashkilotlaridan biriga aylandi. U Meksikaning turli shtatlarida raqiblari bilan kurash olib boradi hamda sintetik giyohvand moddalar — jumladan kokain, metamfetamin hamda fentanilni boshqa mamlakatlarga yetkazadi.

O‘tgan yil holatida bu kartel Milliy aksilterror qo‘llanmasiga ko‘ra, eng yirik Sinaloa kartelining asosiy raqibi bo‘lgan.

Guruhga asos solgan va uni boshqargan Oseguera o‘z nazoratidagi hududlaridan tashqarida kichik mahalliy to‘dalar bilan kelishuv tuzish orqali kartelning kengayishini boshqargan.

“Xalisko Yangi Avlod Karteli”ning qurollangan jangarilari / Foto: The Times

AQSh hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra 15 mingdan 20 minggacha a’zoga ega bo‘lgan bu guruh har yili milliardlab dollar daromad oladi. Uning jinoiy faoliyatiga narkotiklar savdosi, tovlamachilik, yoqilg‘i o‘g‘riligi, odam o‘g‘irlash, noqonuniy konlarni qazish va daraxt kesish, shu bilan birga migrantlarni AQShga noqonuniy olib o‘tish ham kiradi.