Jahon | 22:44 / 07.10.2025
4661
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda yo‘talga qarshi sirop ichgan 14 bola halok bo‘ldi

Bolalar Sresan Pharma kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, tarkibida zaharli dietilenglikol bo‘lgan “Coldrif” yo‘tal siropini iste’mol qilgan. Ushbu preparat O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, demakki, sotilmasligi ham kerak.

Foto: ANI News

Hindiston politsiyasi tarkibida o‘limga olib keluvchi dietilenglikol toksini bo‘lgan “Coldrif” yo‘tal siropini iste’mol qilish oqibatida halok bo‘lgan kamida 14 nafar bola ishi bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘lganlarning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan va sentabr oyida buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, preparat tarkibidagi dietilenglikol miqdori ruxsat etilgan me’yordan 500 baravar oshgan. Ushbu toksin antifrizlar, kosmetika va yog‘lar tarkibida ishlatiladi, organizmga kirganda esa qusish, og‘riq va o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan buyraklarning o‘tkir shikastlanishiga sabab bo‘ladi.

Sirop ishlab chiqaruvchi Sresan Pharma kompaniyasi tergovning asosiy sub’yektiga aylandi. Politsiya bolalarga dori yozib berayotgan shifokorni hibsga oldi. Hindiston federal hokimiyati kompaniya litsenziyasini bekor qilishni tavsiya etayotganini aytdi va bir qancha shtatlar allaqachon “Coldrif” sotishni taqiqlagan.

Ikki shtatda tekshirilgan namunalarda dietilenglikol miqdori 46-48 foizni tashkil etgan, vaholanki, JSST va Hindiston regulyatori tomonidan ruxsat etilgan miqdor – 0,1 foiz.

Shunga o‘xshash modda avvalroq Gambiya, O‘zbekiston, Kamerun va Hindistonning o‘zida so‘nggi yillarda 150 nafardan ortiq bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan hind siroplarida topilgan. Ta’kidlanishicha, bu fojialar mamlakatning dunyodagi eng yirik dori-darmon ishlab chiqaruvchilardan biri sifatidagi obro‘siga jiddiy putur yetkazdi.

Prokuraturaga ko‘ra, Sresan Pharma va uning mansabdor shaxslari qasddan bo‘lmagan qotillik, dori-darmonlarni qalbakilashtirish va dori-darmonlar va kosmetika to‘g‘risidagi qonunni buzishda gumon qilinmoqda. Aybini tan olgan taqdirda, ular umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Hindistonning farmatsevtika sanoati 50 milliard dollarga baholanadi va hajmi bo‘yicha faqat AQSh va Xitoydan keyin turadi. Biroq, “Coldrif” bilan bog‘liq fojia qat’iyroq eksport qoidalari qo‘llanilmaydigan ichki bozorda dori-darmonlarning sifati va xavfsizligini nazorat qilishni yana bir bor shubha ostiga qo‘ydi, deb yozadi nashr.

Bu dori O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan

O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining ma’lum qilishicha, “Sresan Pharma” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Coldrif” dori vositasi O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.

Qonunga binoan, dori vositalari tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishi uchun ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

Mavzuga oid