Jahon | 07:30
5021
4 daqiqa o‘qiladi

Infografika: Xitoy va Hindiston armiyasi - kim kuchliroq?

Xitoy va Hindiston - ikkalasi birga hisoblaganda 2,8 milliarddan ortiq aholiga ega - nafaqat iqtisodiy gigantlar, balki Osiyo xavfsizligi tizimidagi hal qiluvchi o‘yinchilar sifatida ham qaraladi.

Foto: CFP

Bugun Xitoy dunyoda shaxsiy tarkib soni bo‘yicha eng yirik qurolli kuchlarga ega: faol xizmatda 2 milliondan ortiq harbiy bor. Hindistonda esa bu ko‘rsatkich taxminan 1,45 million kishini tashkil etadi.

Biroq, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) tahlilchilari qayd etganidek, faqat sonning o‘zi haqiqiy kuchlar muvozanatini tushunish uchun yetarli emas. So‘nggi yillarda Pekin izchil ravishda modernizatsiyaga tayanyapti: qurolli kuchlarni oddiy “inson resursi”ni ko‘paytirishga emas, balki harakatchanlik, qo‘shin turlari o‘rtasidagi operatsiyalar va ilg‘or texnologiyalarga urg‘u bergan holda qayta tuzmoqda.

Eng yaqqol farqlardan biri — havo kuchlari. Xitoy 6 000 dan ortiq samolyot va vertolyotdan foydalanadi, bu esa havo parki 4 000 tadan biroz kam bo‘lgan Hindistondan sezilarli ustunlik beradi. Pekin J-20 kabi beshinchi avlod qiruvchilariga, uzoq masofali bombardimonchi samolyotlarga va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ga faol sarmoya kiritayotgani sabab bu tafovut tobora kengaymoqda.

Hindiston esa tanklar va zirhli jangovar mashinalar soni bo‘yicha Xitoydan biroz ustun. Bu uning strategik ustuvorligi — uzun quruqlik chegaralarini, ayniqsa bahsli amaldagi nazorat chizig‘i (Line of Actual Control) bo‘ylab himoya qilish bilan bog‘liq. 2020 yildagi to‘qnashuvlardan keyin har ikki davlat baland tog‘li hududlarda qo‘shin guruhlarini, infratuzilmani va og‘ir texnikani kuchaytirdi. Bu hal etilmagan chegaraviy bahslar harbiy rejalashtirishni hali-hanuz qanday belgilab berayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, Xitoy artilleriya va harbiy-dengiz kuchlarida ochiq ustunlikni saqlab turibdi. 7 000 dan ortiq artilleriya tizimlariga, jumladan uzoq masofali reaktiv uskunalarga ega bo‘lgan Pekin tez sur’atda keskinlashuv ssenariylari uchun mo‘ljallangan salmoqli o‘t ochish salohiyatini shakllantirgan.

Foto: World Visualized

Dengizda esa Xitoy floti kemalar soni bo‘yicha dunyodagi eng kattasiga aylanib, 370 tadan oshdi. Uning tarkibida aviatashuvchilar, zamonaviy esminetslar va kengayib borayotgan suvosti floti bor — bu Xitoyga o‘z sohillaridan ancha uzoqda ham kuchini namoyon etish imkonini beradi.

Hindiston floti soni jihatidan ortda qolsa-da, strategik nuqtai nazardan o‘ta muhim rol o‘ynaydi. U dunyoning eng muhim dengiz yo‘llari bo‘ylab joylashgan bo‘lib, har yili jahon savdosining va energiya xomashyo yetkazib berishning katta qismi o‘tadigan Hind okeanida barqarorlashtiruvchi omillardan biri hisoblanadi.

Hindistonning dengiz strategiyasi ahamiyati mintaqada Xitoyning harbiy-dengiz pozitsiyasi o‘sib borayotgani sayin kuchayadi. Bu esa Nyu-Dehlini AQSh, Yaponiya va Avstraliya kabi sheriklar bilan To‘rt tomonlama xavfsizlik muloqoti (QUAD) kabi formatlar doirasida yanada yaqinroq hamkorlikka undaydi.

Bu harbiy imkoniyatlarni qiyoslash global mudofaa ustuvorliklaridagi kengroq o‘zgarishlar fonida kechmoqda. Stokholm xalqaro tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy va Hindiston eng yirik harbiy budjetlarga ega davlatlar qatoriga kiradi. Shu bilan birga, ular mablag‘larining tobora kattaroq qismi an’anaviy “son jihatidan ko‘payish”ga emas, balki raketa tizimlari, kiberimkoniyatlar, kosmik texnologiyalar va sun’iy intellektga yo‘naltirilmoqda.

Mavzuga oid