O‘zbekiston | 11:31 / 23.03.2023
20646
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 2 ta universitet top-500 talik reytingdan o‘rin egalladi

Quacquarelli Symonds – QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi 2023 yilgi dunyo universitetlarining “Fan sohalari reytingi” (Subject Rankings) natijalarini e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti 4 ta (zamonaviy tillar, matematika, fizika va astronomiya, atrof-muhit) fan bo‘yicha top-500 oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin egalladi.

O‘zbekiston milliy universiteti 2022 yilgi reytingda “Matematika” sohasida 451–500-o‘rinda ko‘rilgan bo‘lsa, bu yil shu yo‘nalish bo‘yicha 100 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti «Muhandislik va texnologiya» sohasi bo‘yicha reytingda 451–500-o‘rin va «Tabiiy fanlar» bo‘yicha 501–520-o‘rinni egalladi.

QS World University Rankings by Subject – dunyo universitetlarini 51 ta fan sohasi bo‘yicha ish beruvchilar va xalqaro ilmiy jamiyat o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma, ya’ni fan sohalarida oliy ta’lim muassasasining nufuzi, Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida nashr etilgan ilmiy maqolalarga iqtiboslar va Xirsh indeksi, shuningdek xalqaro hamkorlik ko‘rsatkichlarini International Research Network (IRN) ma’lumotlarining baholanishini nazarda tutadi.

Mavzuga oid