O‘zbekiston | 17:40 / 27.01.2026
5076
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha «poytaxt namunasi» joriy etiladi

Toshkentda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha «poytaxt namunasi» joriy etiladi. Unga ko‘ra, patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Dron yordamida patrullik kuzatuvlar yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaganini, bir so‘z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, qayerda hayot yaxshilansa, daromad ko‘paysa, o‘sha yerda «yengil pul topish» harakatida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo‘ladi.

Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna bo‘lmayotgani, buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli bo‘lishiga qaramasdan, haligacha eski «qolip»dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.

Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in – mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to‘g‘ri tashkil etilmagani uchun muammolar to‘planib qolgani qayd etildi.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik, bezorilik bo‘yicha, Yunusobod bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda. Yoki o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p bo‘lgan.

Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha «poytaxt namunasi» joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

O‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1 ming 407 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 40 foizi mahalla hududida bo‘lgan. O‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilayotgani qayd etildi.

Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi.

Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Patrul guruhlari huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.

Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va mas’uliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi.

Bundan buyon tuman ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari va 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi. Ularning faoliyati faqat vazirning buyrug‘i bilan tartibga solinadi.

Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi.

Aholining huquqlarini ta’minlash va qulay sharoit yaratish maqsadida sudlar, advokatura, sud-tibbiy ekspertizaning ham markazlashgan tungi navbatchiligini tashkil etish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish topshirildi. Ilg‘or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qat’i nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, ko‘chada formali xodimga qilingan murojaat «102»ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi.

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Ya’ni profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tun-u kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladi.

Profilaktika inspektori uchun zamonaviy, xalqqa yoqadigan ko‘rinishda formani tayyorlash topshirildi. Inspektorlarning ishi raqamlashtiriladi, «ovozli tushuntirish xati» olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, tuman ichki ishlar tergov bo‘limida materiallarni ko‘rib chiqadigan tergovga qadar tekshiruv guruhlari tuziladi. Bundan buyon profilaktika inspektoriga KPI qo‘yishda protokol tuzish mezon bo‘lmaydi.

«Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun ham juda deklarativ yozilgani, haqiqiy holat asosida amalda ishlaydigan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni ham profilaktikaga yo‘naltirgan va ta’sirchanligini oshirgan holda yangilash muhimligi ta’kidlandi.

Huquq-tartibot oliygohlari quyidagi muammolarni ilm bilan hal qiladi va metodik tavsiyasini tumanda joriy etadi. Oliygoh kafedralari olti oy davomida mahallaga tushib, «mahalla yettiligi» va huquq-tartibot xodimlarini yagona dastur bo‘yicha o‘qitadi.

Huquq-tartibot oliygohlari 3−4 kurs talabalari ham dual ta’lim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘taydi.

Yangi tizim asosida xavfsiz muhit poytaxtga tutash bo‘lgan va kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatadigan Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida ham yaratiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid