O‘zbekiston | 21:01 / 26.01.2021
6945
4 daqiqa o‘qiladi

Davaktiv agentligi Coca-Cola'dagi davlat ulushi sotilishiga munosabat bildirdi. Aksilkorrupsiya agentligi buni qo‘llab-quvvatladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining «Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»dagi davlat ulushini sotish bo‘yicha tenderni to‘xtatish to‘g‘risidagi taqdimnomasiga munosabat bildirdi.

Foto: Reuters

25 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» kompaniyasini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderni to‘xtatish yuzasidan taqdimnoma kiritgan edi.

Bunga sabab qilib tender savdosi jarayonida korrupsiya xatari mavjudligi va ishtirokchilar sonining cheklangani haqiqiy raqobat bo‘lmasligiga olib kelishi mumkinligi keltirilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mazkur taqdimnomaga munosabatida davlat ulushini sotish jarayoni qanday tashkil etilgani to‘g‘risida tegishli tashkilotlarga biror bir murojaat kelib tushmagani, yaqin kunlarda tender jarayoni ishtirokchilari bu bo‘yicha jamoatchilikka tushuntirish berishlari bildirilgan.

«Ta'kidlash joizki, agentlikning kompaniyadagi davlat ulushini sotish jarayoni qanday tashkil etilganligi haqida Davaktiv agentligiga va/yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan tuzilgan Ishchi guruhga biror bir murojaati kelib tushmagan.

Taqdimnoma kompaniyani sotish to‘g‘risidagi Davaktiv agentligining 2020 yil 16 dekabrdagi e'lonida joylashtirilgan ma'lumotlar asosida shakllantirilgan.

Davaktiv agentligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda jamoatchilik bilan kompaniyadagi davlat ulushini shaffof va oshkora tarzda, xalqaro amaliyot qoidalariga muvofiq holda sotish jarayoni yuzasidan hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi.

Shu bilan birga, yaqin kunlarda mazkur jarayonning bevosita ishtirokchilari bo‘lgan «The Coca-cola Export Corporation» (AQSh, Atlanta), «Rothschild&Co» investitsiya banki va «Dentons» yuridik firmasining taqdimnoma bo‘yicha fikrlari jamlanib, jamoatchilikka tushuntirish beriladi.

Ushbu orqali yana bir bor jamoatchilikni ishontirib aytamizki, «Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJdagi davlat ulushini sotish halol, ochiq va shaffof usullarda hamda dunyodagi o‘zining o‘rniga ega va nomiga putur yetmagan xalqaro kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilmoqda», – deyiladi munosabatda.

Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha barcha asoslar tushuntirib berilganligiga minnatdorchilik bildirdi».

«Agentlik xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan bunday yangi amaliyotni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va xususiylashtirish jarayonining davom ettirilishiga e'tirozi yo‘qligini ma'lum qiladi», – deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi xabarida.

Ayni paytda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan kompaniyadagi davlat ulushi xususiylashtirilishi masalasida batafsil axborot berilishi ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 16 dekabr kuni «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ ustav kapitalidagi 57,118 foiz davlat ulushini sotish to‘g‘risida e'lon berilgan edi.

Shuningdek, sotuv jarayonini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlariga xorijiy kompaniyalar jalb etilayotgani ham ma'lum qilingan.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 2020 yil dekabr oyi oxiriga qadar kompaniyadagi davlat ulushini sotib olish uchun 3 ta taklif kelib tushganini ta'kidlagan.

Mavzuga oid