Sport | 15:40 / 05.10.2017
8117
2 daqiqa o‘qiladi

Kurash bo‘yicha chempionlar OTMga imtiyozli shartlarda qabul qilinadi

Prezidentning 2.10.2017 yildagi PQ–3306-son qarori “Kurash” milliy sport turini rivojlantirishga qaratilgan. 

Norma.uz’ning yozishicha, hujjat bilan 6 sentabr – “Kurash” milliy sport turi kuni deb e'lon qilindi. Ushbu sport turi “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari dasturiga kiritiladi.

O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida “Kurash” milliy sport turi markazi” NNT tashkil etildi. Tashkilot Toshkent shahri, Korxojaota ko‘chasi, 25-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.

O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning bo‘linmalari faoliyatini muntazam qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, “Kurash” milliy sport turi markazi binosini rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik jihozlash uchun homiylik mablag‘lari jalb etiladi. Bunda yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi (yalpi tushumi) badal, homiylik va xayriya yordam ko‘rinishidagi mablag‘lar miqdoriga, lekin soliq solinadigan foydaning (yalpi tushumning) 10 %idan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamayadi.

O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan sportchilar va murabbiylarga topshiriladigan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar ko‘rinishidagi daromadlar JShDSdan ozod qilinadi. “Yaktak” sport kiyimlari, “kurash gilam”larini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar esa 5 yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod qilindi, byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bundan mustasno.

Kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, O‘zbekiston birinchiligi g‘oliblarini oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish tartibi joriy etiladi.

Mavzuga oid