O‘zbekiston | 16:54 / 27.01.2021
16994
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish tartibi belgilandi

Prezident farmoni bilan davlat rahbari tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, prezidentning islohotlarni huquqiy ta'minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalarining Fuqarolik, afv etish va siyosiy boshpana berish masalalari bo‘yicha shu'basi – O‘zbekiston prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalarining fuqarolik va afv etish shu'basi etib o‘zgartirildi.

Endilikda prezident mahkumning yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsning afv etishni so‘rab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat'i nazar o‘z tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishi mumkin. Bu haqda shu'baga prezidentning topshiriq xati yuboriladi.

Shu'ba prezidentdan topshiriq xatini olgan kundan e'tiboran 1 ish kuni ichida prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya a'zolariga majlis o‘tkazilishi kuni va joyi haqida xabar beradi.

Komissiya majlisi yakuni bo‘yicha shu'ba tomonidan mahkumlarni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning shaxsini va hujjatlarini o‘rganish uchun ishchi guruhlar shakllantiriladi va ularning joylarga chiqishi tashkil etiladi.

Ishchi guruh komissiya muhokamasiga kiritish uchun hujjatlari ajratib olingan mahkumlardan yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslardan ularga nisbatan afv etish masalasi ko‘rib chiqilishiga e'tirozi yo‘qligi haqida rozilik xati oladi. Rozilik xatiga zarur hujjatlar ilova qilinadi.

Mahkum yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs rozilik xatini yozmagan taqdirda, uning hujjatlari komissiya muhokamasiga kiritilmaydi.

Komissiya ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni muhokama qilib, afv etilishi mumkin bo‘lgan mahkumlar yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslar bo‘yicha bayonnoma qarorini qabul qiladi va prezidentga taklif kiritadi.

Komissiyaning mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etishga tavsiya qilishni rad etganligi, ularga kelgusida afv etishni so‘rab iltimosnoma bilan murojaat qilishga monelik qilmaydi.

Mavzuga oid