O‘zbekiston | 11:26 / 29.11.2025
2526
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ingliz huquqi amal qiladigan xalqaro IT-markaz tashkil etildi

IT-Park hududidagi Enterprise Uzbekistan raqamli texnologiyalar xalqaro markazi Angliya va Uelsning umumiy huquq normalari va prinsiplariga yoki yetakchi xalqaro moliya markazlarining standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejimga ega hudud (yurisdiksiya) deb e’lon qilindi. U yerdagi nizolarni O‘zbekiston sud tizimiga kirmaydigan mustaqil ixtisoslashtirilgan sud hal qiladi.

IT-Park

O‘zbekiston prezidenti 26 noyabr kuni Enterprise Uzbekistan nomli raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha farmon imzoladi.

Farmonga asosan, markaz Angliya va Uels umumiy huquq normalari va prinsiplariga yoki yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejimga ega alohida hudud (yurisdiksiya) sifatida e’tirof etildi.

Bunda, Enterprise Uzbekistan rezidentlari uchun soliq va bojxona ma’murchiligi, mehnat munosabatlarini tartibga solish, shaxsga doir ma’lumotlar va intellektual mulk himoyasi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va nizolarni hal qilish kabi yo‘nalishlarda alohida tartib-qoidalar amal qiladi.

Markaz rezidentlarining (shuningdek, tomonlarning o‘zaro kelishuviga muvofiq boshqa tadbirkorlik sub’yektlarining ham) nizolari O‘zbekiston Respublikasi sud tizimiga kirmaydigan mustaqil ixtisoslashtirilgan sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasiga 3 oy muddatda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasini kiritish topshirig‘i berildi.

Enterprise Uzbekistan – O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 1 fevraldagi farmoni asosida, Toshkentdagi IT-Park hududida tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha farmonda markazdagi xorijiy kompaniyalar uchun maxsus huquqiy rejimni 2024 yil 1 iyundan boshlab eksperiment tariqasida joriy qilish belgilangan edi. Yangi farmon bilan esa, markazning alohida yurisdiksiya sifatidagi maqomi e’tirof etildi.

Markaz hududida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat etiladi:

  • dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar sohasida konsalting va autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish;
  • raqamli texnologiyalardan foydalangan holda autsorsing asosida masofaviy xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, biznes jarayonlar autsorsingi (VRO);
  • raqamli texnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni (R&D) amalga oshirish;
  • video o‘yinlar (GameDev) yaratish, ular uchun raqamli kontent ishlab chiqish, jumladan, grafik dizayn, video va audiokontent yaratish va tahrirlash (shu jumladan, vizualzatsiya va raqamli media);
  • raqamli kontentni (shu jumladan, elektron kitoblar, o‘quv kurslari, mediakontent) yoki dasturiy yechimlarni onlayn platformalar orqali yaratish, joylashtirish va targ‘ib qilish;
  • sun’iy intellekt texnologiyalarini yaratish va rivojlantirish;
  • ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlarini, bulutli hisoblash tizimlarini yaratish, ularni boshqarish va tegishli xizmatlarni ko‘rsatish;
  • raqamli texnologiyalar sohasida ta’lim faoliyatini va Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadigan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish.

Enterprise Uzbekistan rezidentlariga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishning maxsus qoidalari Markaziy bank (bank xizmatlari va valutani tartibga solish bo‘yicha) va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (sug‘urta va qimmatli qog‘ozlar sohasidagi xizmatlar bo‘yicha) tomonidan belgilanadi.

Markaz hududida “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yurituvchi, shu jumladan ingliz tilida ham xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.

Rezidentlar uchun o‘rnatilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni tatbiq etmagan holda, rezident bo‘lmagan kompaniyalar tomonidan markaz hududida moliyaviy, konsalting, investitsiya va yuridik xizmatlar ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid