Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Parkovka”dagi mashinangizga shikast yetgan bo‘lsa nima qilish kerak?
Avtomobilingizni savdo markazi, masjid, dorixona yoki boshqa o‘zingizga qulay joyga qo‘yib ketdingiz. Hammasi qoida bo‘yicha - hech kimga xalal bermagansiz. Lekin qaytib kelib qarasangiz, mashinaga shikast yetgan. Na kamera, na aybdor bor - faqat shilingan kuzovni ko‘rib turibsiz.
Foto: iStock
Shunday hol mening ham boshimdan o‘tgan. Men, Baxtinur Muhammedov o‘shanda tovon pulini to‘liq olishga erishdim. Siz ham shunday vaziyatda nima qilish kerakligini bilib olishingiz uchun nima qilish kerakligini bosqichma-bosqich aytib o‘taman.
Shikast yetganini ko‘rganda nima qilish kerak
Mashinaga shikast yetganini ko‘rishingiz bilan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Xodimlar kelguniga qadar mashinaga tegmang va atrofdagi buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmang. Bu surishtiruv o‘tkazishga xalal berishi mumkin. Avariya chiroqlarini yoqing va IIB xodimi kelishini kuting.
Hujjat rasmiylashtirilmagunicha ketib qolmaslik kerak. Bu YTH joyidan qochish deb hisoblanadi va BHMning 30 baravari — 11,25 mln so‘m jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shikast yetgan joy arzimagan bo‘lsa ham ketib qolmang – aks holda siz aybdor deb topilishingiz mumkin.
IIB xodimini kutish chog‘ida
1. Atrofni ko‘zdan kechiring.
Yaqin-atrofda aybdor yoki guvohlar bor-yo‘qligini aniqlang. Agar yaqiningizda to‘qnashuv asorati mavjud avtomobil turgan bo‘lsa, uning raqamini yozib oling. Qorovul yoki o‘tkinchilar bilan gaplashing: ehtimol, hodisani kimdir ko‘rgandir yoki qayerda kamera borligini bilishi mumkin.
2. Barcha narsani qayd qiling.
Foto va videoga oling: mashina turgan joyning umumiy ko‘rinishi, mashina holati, shikast yetgan joyni. Agarda yerda singan bo‘laklar, bo‘yoq yoki boshqa mashina izi bo‘lsa – ularni ham suratga oling. Agar registratoringiz bo‘lsa, undagi yozuvni saqlab qo‘ying.
3. Ma’lumot yig‘ing.
Guvohlarning ismlari va telefon raqamlarini yozib oling. Sug‘urta polisingiz amal qilish muddatini va uning turi OSAGO yoki KASKO ekanligini tekshiring.
IIB xodimi kelganidan so‘ng
Xodimlar hodisa bayonnomasi, YTH sxemasini va shikastlanish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tuzadilar. Hujjatlarda barcha zararlar va holatlar ko‘rsatilganiga e’tibor bering. Agar bayonnomadagi yozuvlarga qo‘shilmasangiz, uni imzolamang, avval inspektor bilan muhokama qiling.
Agar aybdor shaxs hodisa joyidan qochib ketgan bo‘lsa, bu haqda xabar bering. Ichki ishlar bo‘limi uni ta’rif, kamera yozuvlari yoki guvohlar ko‘rsatmalari orqali topishga harakat qiladi. Bayonnomada albatta aybdor shaxs aniqlanmagani qayd etilgan bo‘lishi shart — bu sug‘urta to‘lovini olishda muhim.
Sug‘urta kompaniyasiga murojaat qiling
Buyog‘i sug‘urta turiga bog‘liq. O‘zbekistonda sug‘urtaning ikkita asosiy turi bor:
1. Ko‘ngilli avtosug‘urta (KASKO)
Agar KASKO rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ta’mirlash yoki zarar uchun to‘lov muammo bo‘lmaydi. Polis nafaqat YTH, balki o‘g‘irlik, yong‘in, tabiiy ofatlar, vandalizm va boshqa xatarlarni ham qoplaydi. Ba’zan shartnoma shartlariga ko‘ra avtomobilni almashtirish ham mumkin bo‘ladi — barchasi sug‘urta dasturi va mukofot miqdoriga bog‘liq.
KASKO — hodisada kim aybdor bo‘lishidan qat’i nazar, aynan sizning avtomobilingizni himoya qiladigan ko‘ngilli sug‘urta. OSAGOdan farqli ravishda, KASKO aybdor topilmagan vaziyatda ham mashinangizga yetgan zararni qoplab beradi.
Mashinaga shikast yetgan bo‘lsa nima qilish kerak
- Sug‘urta kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qiling. Kompaniya raqami polisda ko‘rsatilgan bo‘ladi.
- Yo‘riqnomaga rioya qiling. Sug‘urta xodimi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun komissar yoki konsultant yuboradi.
- Ma’lumotnoma oling. Aksariyat hollarda YHXX yoki IIBdan YTH yoki vandalizm holati to‘g‘risida ma’lumotnoma kerak bo‘ladi.
- Hujjat tayyorlang. Odatda bayonnoma yoki qaror nusxasi, haydovchilik guvohnomasi, texpasport va KASKO polisi talab qilinadi.
- Tekshiruvni kuting. Sug‘urta kompaniyasi mashinani ustaxonaga yuboradi yoki ta’mirlash xarajatini to‘laydi.
Agar sizda bir vaqtning o‘zida ham KASKO, ham OSAGO bo‘lsa, avval aybdorning OSAGOsi bo‘yicha sug‘urta puli olinadi, yetmagan summani esa KASKO qoplaydi. Masalan, zarar 20 mln so‘m bo‘lsa, OSAGO bo‘yicha 14 mln so‘m beriladi, qolgan 6 mln so‘mni esa KASKO to‘laydi.
KASKO qancha turadi
KASKO narxi avtomobilning bozor bahosi, tanlangan xatarlar va qo‘shimcha xizmatlarga bog‘liq. Odatda mukofot mashina qiymatining 1-3%igacha miqdorni tashkil etadi. Agar evakuator, texnik yordam, taksi yoki shinalarni almashtirish kabilar qo‘shilsa, narx oshadi.
2. Majburiy avtosug‘urta (OSAGO)
Aksariyat haydovchilardagi kabi menda ham faqat majburiy sug‘urta bor edi va baxtga qarshi, uning amal qilish muddati allaqachon tugagandi.
To‘liq nomi — «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish».
OSAGO siz boshqalarga — inson, mashina yoki mulkka yetkazgan zararni qoplaydi. Sodda qilib aytganda, bu sug‘urta sizning mashinangizni emas, balki siz sababli jabrlanganlarni himoya qiladi.
OSAGO yordam beradi
Aybdor noma’lum bo‘lsa ham to‘liq kompensatsiya olish mumkin. Asosiysi - hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va sug‘urta kompaniyasini xabardor qilish. Hattoki KASKO yo‘q bo‘lib, zarar ko‘rgan bo‘lsangiz ham OSAGO bo‘yicha sug‘urta kompaniyangizga YTH haqida darhol xabar bering.
Bu ikkita sabab tufayli muhim:
— sug‘urta qoidalari shuni talab qiladi;
— buyog‘iga qanday harakat qilishni sug‘urta kompaniyasi aytadi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri muvofiqlashtirish
Qonun bo‘yicha haydovchi har qanday holatda sug‘urta kompaniyasini YTH haqida xabardor qilishi shart. Agar ikkala ishtirokchi ham sug‘urtalangan bo‘lsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri muvofiqlashtirish mexanizmi amal qiladi:
siz o‘z sug‘urta kompaniyangizdan to‘lov olasiz, u esa aybdorning kompaniyasi bilan kelishib oladi.
To‘lov qancha vaqtni oladi
Ariza berilganidan keyin hujjatlar yig‘iladi, zarar baholanadi va qaror qabul qilinadi.
Qonunga ko‘ra, arizani ko‘rib chiqishga 15 kalendar kun, to‘lov uchun yana 5 ish kuni ajratilgan.
Agar hujjatlar joyida bo‘lsa, kompensatsiyani bir oyga qolmasdan olish mumkin.
YHXBBda hujjatlar qanday rasmiylashtiriladi
Murojaatdan so‘ng YHXX xodimi avtomobilni ko‘zdan kechiradi, bayonnoma tuzadi, mashina esa vaqtincha jarima maydoniga joylashtiriladi.
So‘ngra ish YHXBB qidiruv bo‘limiga beriladi. Bu bo‘lim:
- agar aybdor noma’lum bo‘lsa, jinoyat ishi ochadi;
- baholash kompaniyasi hisobotini so‘raydi;
- mashinani Adliya vazirligi huzuridagi H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga ekspertiza qilish uchun jo‘natadi.
Agar aybdor topilsa, u quyidagilarga majbur:
- zararni to‘liq qoplash;
- sud xarajatlarini to‘lash;
- voqea joyidan qochishga uringani uchun qo‘shimcha jarima to‘lash .
YTH joyidan ketib qolish jiddiy qoidabuzarlik bo‘lib, aybdorni jarima va haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lish kutadi (zarar miqdoriga qarab).
Agar aybdor topilmasa, ish Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasiga topshiriladi.
Zararni mustaqil baholash: nima uchun kerak va qanday o‘tkaziladi
To‘lov miqdorida adashmaslik uchun mustaqil baholash xizmatidan foydalaning. Aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasi ekspertizani o‘zi belgilaydi, ammo siz ham o‘z baholovchingizni chaqirish huquqiga egasiz. Agar zarar kam baholangan deb hisoblasangiz, o‘z ekspertiza xulosangizni sug‘urta kompaniyasi yoki sudga taqdim eting. Odatda bunday baholash xarajatlari sug‘urta to‘loviga kiritiladi.
Shikastlanish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qayd etib boring: evakuator xizmati, avtomobilni saqlash, ekspertiza. Bu sarf-xarajatlarni to‘lov talabnomasiga qo‘shishingiz mumkin. Agar ish sudgacha yetib borsa, cheklar va ekspert xulosalari zarar miqdorini isbotlovchi dalil bo‘ladi.
Kompensatsiya jamg‘armasi: agar aybdor topilmasa
Jamg‘arma arizani bir oy muddatda ko‘rib chiqadi. Agar qaror ijobiy bo‘lsa, sizga quyidagilar to‘lab beriladi:
- baholash hisobotida ko‘rsatilgan zarar miqdori;
- baholash kompaniyasi xizmati uchun to‘lov;
- jarima maydoni uchun to‘lov.
Hattoki polis muddati o‘tgan yoki avtomobil hali sug‘urta qilinmagan bo‘lsa ham kompensatsiya to‘lanadi (O'RQ-155, 26-m., 2-b.).
Aybdor topilmasa ham kompensatsiya olishingiz mumkin — Majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi orqali. U aynan mana shunday: haydovchi jabrlangan, lekin aybdor topilmagan holatlar uchun tashkil etilgan.
Jamg‘armaga mablag‘lar sug‘urta kompaniyalaridan kelib tushadi — jabrlanganlarga zararni qoplab berish uchun sug‘urta mukofotining bir qismi shu yerga o‘tkaziladi.
Qancha pul olish mumkin
Kompensatsiya miqdori qonun bilan cheklangan — 40 mln so‘mgacha:
- 14 mln so‘mgacha — mulkka yetkazilgan zarar uchun (masalan, avtomobilga);
- 26 mln so‘mgacha — sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun.
To‘lov qanday olinadi
- Hujjat to‘plang.
- YTH to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tekshiruv akti, zararni baholash va IIBdan ma’lumotnoma kerak bo‘ladi.
- Jamg‘armaga ariza bering.
- Ayrim hollarda, agar zarar miqdori bahsli yoki aybdor zararni qo‘plashni istamasa, sud qarori kerak bo‘ladi.
- Javobni kuting.
- Hujjatlar ko‘rib chiqilganidan so‘ng Jamg‘arma bir oy ichida mablag‘ni o‘tkazib beradi. So‘ngra agar aybdor topilsa, u ushbu mablag‘ni Fondga qaytarishi shart bo‘ladi.
Agar sizda OSAGO polisi bo‘lmasa
Alohida holatni ko‘rib chiqamiz: mashinangiz shikastlangan, lekin sizdagi OSAGO polisi muddati o‘tgan yoki umuman rasmiylashtirilmagan. Bu kompensatsiya olishga xalaqit bermaydi — chunki to‘lovni yo aybdor tomonning sug‘urtasi yoki sizning KASKOingiz yoxud yuqorida aytilgan Jamg‘arma amalga oshiradi.
Ammo majburiy avtosug‘urta yo‘qligi uchun jarimaga tayyor turing. O‘zbekistonda OSAGO sug‘urtasisiz mashina haydash — ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Hujjatlar tekshirilganda (YHXX xodimlari buni yo‘l-transport hodisasi joyida albatta tekshiradi) sizga 375 ming so‘m miqdorida jarima solinadi.
Bundan tashqari, agarda yo‘l-transport hodisasiga siz aybdor bo‘lib, sug‘urta polisingiz bo‘lmasa, jabrlanuvchilar to‘lovni shaxsan sizdan talab qilishadi. Sug‘urta bo‘lmasa — zararni o‘z cho‘ntagingizdan yoki sud orqali to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Jamg‘arma esa boshida siz uchun to‘lov qilishi, ammo keyin sizdan ushbu mablag‘ni qaytarib olishi mumkin.
Izoh: agar mashina shunchaki turgan va uni boshqarmagan bo‘lsangiz ham OSAGOning yo‘qligi qoidabuzarlik deb hisoblanadi (mashina sotib olinganidan so‘ng 10 kun o‘tgach uni sug‘urta qilish talab etiladi). Minilmay shunchaki turgan mashina uchun ham sug‘urtasi bo‘lmasa jarima yoziladi.
Yakun
Hattoki mashinangizga turargohda shikast yetgan bo‘lsa va aybdor topilmasa ham hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirsangiz, to‘liq kompensatsiya olishingiz mumkin.
Asosiysi, tartibli harakat:
- Mashinaga tegmang.
- 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
- Sug‘urta kompaniyasiga xabar bering.
- Barcha hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtiring va sabr qiling.
Yodda tuting:
Sug‘urta — bu xotirjamligingizga kiritilgan investitsiya. O‘z vaqtida to‘langan kichik summa kelajakda sizni katta muammolardan saqlab qolishi mumkin.
Mavzuga oid
14:27 / 03.04.2026
Uy va avtomobil savdosi endi faqat bank orqali bo‘ladi. Bu tizim qanday ishlaydi?
22:36 / 02.04.2026
Mashina sizniki, rulda boshqa odam: jarima balli haqiqiy huquqbuzarga yozilishi uchun nima qilish kerak?
14:51 / 31.03.2026
Toshkentdagi barcha avtomobillarga yil oxirigacha eko-stiker beriladi
21:12 / 29.03.2026