O‘zbekiston | 18:48 / 14.03.2023
14337
5 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni – Eron diplomatik aloqalari tiklanishi nimani anglatadi?

​​​​​​​Shu kunlarda xalqaro maydonda yuz bergan eng muhim voqealardan biri – Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida diplomatik aloqalarning qayta tiklanishi bo‘ldi. Xo‘sh, qaysi omillar Yaqin Sharqdagi ikkita katta kuchni o‘zaro munosabatlarni tiklashga undadi?

Dunyo davlatlari orasida, Saudiya-Eron munosabatlari eng salbiy munosabatlarni ifoda qiluvchi munosabatlar hisoblanadi.

Eronda 1979 yilda islomiy inqilob bo‘lgan edi. Unga qadar, bu ikki podsholikning munosabatlari nisbatan ijobiy bo‘lgan. Inqilobdan so‘ng, Saudiyadagi shialar siyosiy faollashadi, ular Saudiyada ham podsholik ag‘darilishini orzu qilib boshlashadi. Ma’lumot uchun, Saudiya aholisining taxminan 10-15 foizini shialar tashkil qiladi.

Saudiya-Eron diplomatik aloqalari shu paytga qadar bir necha marta uzilgan. 1988 yilda Saudiya Eron bilan aloqalarni uzadi va bu aloqalar 1991 yilga kelib tiklanadi.

2011 yilda arab dunyosida “Arab bahori” boshlanadi. Ko‘plab arab davlatlaridagi kabi, Saudiyadagi aholi ham namoyishlar o‘tkazadi. Saudiya shialari faol bo‘lishadi. Jumladan, taniqli shia imomi Nimr Al-Nimr shialarni faollikka chorlaydi. Imom Saudiya tomonidan hibsga olinadi va 2016 yilning boshida oliy jazoga tortiladi.

Bunga javoban Tehrondagi Saudiya elchixonasi oldida katta namoyishlar boshlanadi. Saudiya Arabistoni o‘zining Tehrondagi elchixonasini yopadi va Eron diplomatlariga 48 soat ichida mamlakatni tark etishni buyuradi.

Saudiya-Eron ziddiyatlari, uch qavatdan iborat strukturaga ega. Birinchi unsur – mazhabiy kurash. Eron – shialar davlati. Saudiya Arabistoni esa, ahli sunna va jamoa mazhabida.

Ikkinchi unsur inqilobdan keyin kuchaydi. Bu – siyosiy tizimlarning tuzilmasi bilan bog‘liq. Saudiya – mutlaq monarxiya, podsholik. Eron – teokratik respublika. 1979 yilgi inqilobdan keyin, Eron o‘zining respublika modelini boshqa davlatlarga ham eksport qilishga ko‘p urindi. Jumladan, Saudiyaga ham.

Uchinchi unsur – bu geosiyosiy oriyentirlar. Saudiya Arabistoni, tashqi siyosatda AQShga, g‘arb davlatlariga yo‘nalish oladi. To‘g‘ri, Saudiya va AQSh orasida ziddiyatlar bo‘lib turadi. Lekin, umuman olganda, bu ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik, chuqur bazaga va tarixga ega.

Eron esa, 1979 yildan keyin, AQShni o‘zining eng katta dushmani deb biladi, AQSh manfaatlari bilan kurashib keladi. Shuning uchun, bu ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar, mana shu uch qavatli strukturaga egaligi sababli, ancha keskin kechdi.

Bugun ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning qayta tiklanishi, tomonlarga nima beradi? Eron aholisi ko‘p yillardan beri hajga kela olmaydi. Eron – islomiy davlat, uning aholisi uchun haj va umra qilish – katta zarurat. Qolaversa, Saudiya bilan keskinlikni pasaytirish – rasmiy Tehronga Isroil va AQShga qarshi turishda ham biroz qo‘shimcha dividendlar beradi.

Saudiyaning Eronga asosiy talabi – podsholikning ichki ishlariga aralashmaslik. Bu shartga Eron qanchalik rioya qiladi – vaqt ko‘rsatadi. Saudiyaning asosiy muddaolari – ko‘proq geosiyosiy. Ar-Riyod Rossiya-Ukraina urushida vositachi bo‘lish niyatida. Saudiya o‘zini global o‘yinchi sifatida ko‘rsatishni xohlaydi. Tinchlikparvar vositachi bo‘lish uchun, Saudiyaning o‘zini qo‘shnilari bilan ziddiyatlari bo‘lmasligi yoki kam bo‘lishi kerak.

Saudiya, Eron bilan yarashib, Bayden ma’muriyatiga ham signal bermoqda: “Mana, bizni doim Eron bilan qo‘rqitasiz, biz istasak, Tehron bilan bemalol yarasha olamiz”.

Shuningdek, saudlar Vashingtonga “faqat Isroilning yonini olasiz, Falastin va arab jamoatchilik fikrini inobatga olmasangiz, biz siz bilan aloqalarni pasaytirishimiz, o‘zaro yarashishimiz va Pekin bilan do‘stlashishimiz mumkin” demoqda.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning tiklanishi, ularning do‘stligini anglatmaydi. Bu davlatlar o‘rtasidagi strukturali ziddiyatlar yo‘qolgani yo‘q. Lekin ikki davlatning bugungi manfaati shuki, ular asosiy fokusni bir-biriga emas, boshqa yo‘nalishlarga qaratishmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,

siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid