O‘zbekiston | 20:14 / 06.05.2026
4022
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud sovet davri qatag‘on qurbonlaridan 161 nafarini oqladi

O‘zbekiston Oliy sudi 1920-1934 yillarda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda ayblangan va turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklarni oqladi va reabilitatsiya qildi.

Foto: Oliy sud

6 may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga (Reabilitatsiya uchun asoslar) asosan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 161 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi. Ro‘yxat Oliy sud veb-saytida keltirildi.

Qayd qilinishicha, bu shaxslar Turkfrontning Farg‘ona qo‘shinlar guruhi Harbiy kengashi qoshidagi Farg‘ona maxsus bo‘limi hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik Kengashining 1920-1934 yillardagi qarorlariga ko‘ra bosmachilik harakatlariga moddiy yordam berishda, qurolli to‘da tuzishda, sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olonlar hamda aksilinqilobiy harakatini amalga oshirganlikda ayblangan. Ulardan 33 nafari otuvga hukm qilingan, qolganlariga 2, 3, 5 va 10 yilga konslagerga jo‘natish jazosi tayinlangan. Sudlanganlar orasida ayol kishi va voyaga yetmaganlar ham bor.

«Tarixiy adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, o‘zlari quvg‘inu qatag‘onga duchor etilgan ajdodlarimiz nomini oqlash yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. Yurt mustaqilligi, dini, e’tiqodi, madaniyati va millat g‘ururi uchun kurashish yo‘lida o‘z jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi», deyiladi Oliy sud xabarida.

Qayd qilinishicha, keng ko‘lamli reabilitatsiya ishlari prezidentning «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi asosida olib borilmoqda.

Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan.

Ishchi guruhning izchil faoliyati, ko‘lamli sa’y-harakati tufayli so‘nggi yillarda sovet davrida qatag‘on qilingan 1236 nafar vatandosh reabilitatsiya qilinib, oqlangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid