O‘zbekiston | 15:26 / 20.09.2024
9211
4 daqiqa o‘qiladi

Skuter va yuk mashinalariga doir taqiqlar, “radarlar” hamda YHXXning bekor bo‘layotgan vakolati – Senat yangi o‘zgarishlarni ma’qulladi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining xizmat vaqtida qoidabuzarlikni aniqlagan taqdirda shu joyning o‘zida jarima qo‘llashi vakolati bekor qilinmoqda. Shuningdek, bir kishilik transportlarda odam tashish hamda yo‘lning chap tarafida harakatlangan yuk mashinalari uchun javobgarlik belgilanmoqda. Qonun bilan “radarlar” qayd etgan qoidabuzarlik 48 soat ichida YHXXga yuborilmasa, haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan MJtKning 171-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirilib, unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilmoqda.

Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda tez tibbiy yordamga va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlariga muhtoj fuqarolarga ushbu xizmatlar zudlik bilan ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida maxsus xizmatlarning transport vositalari katta tezlikda yoki yo‘l belgilariga rioya etmay harakatlanishi holatlari ham mavjud. Bunday holatlarda ushbu transport vositalari “radarlar”ga tushadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda ma’muriy ish tugatilishi belgilangan.

Muhokama qilingan qonun bilan ishni tugatish uchun tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.

Shuningdek, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan, skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek, individual harakatlanish vositalari va skuterlar haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yangi qonun bilan YPX xodimlarining xizmat o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.

Qonun bilan qabul qilinayotgan yana bir norma yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangani (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Amaldagi normalarga ko‘ra, hukumat qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.

Senatning ma’lum qilishicha, ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmagani sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanmoqda va bu holat avtomobil yo‘llarida tirbandliklarga va avariya holatlari sodir bo‘lishiga olib kelmoqda.

Jumladan, 2024 yilning o‘tgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangani uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi, endi u prezident tomonidan imzolansa, hujjatning o‘zida ko‘rsatilgan muddatda kuchga kiradi.

Mavzuga oid