O‘zbekiston | 18:34 / 02.05.2026
14932
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning ilk guruhi Hajga yo‘l oldi

O‘zbekiston bo‘ylab Haj-2026 mavsumi boshlandi: ziyoratchilarning dastlabki guruhi Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga uchib ketdi.

Foto: Musulmonlar idorasi matbuot xizmati

Bo‘lajak hojilar 2 maydan 18 mayga qadar O‘zbekistondagi 9 ta aeroportdan Madinaga uchadi.

2 may kuni ilk ziyoratchilarni kuzatish marosimida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar departamenti boshlig‘i Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qatnashdi.

Kun.uz muxbiri muqaddas ziyoratga otlangan yurtdoshlarimizni tabriklab, ularga mikrofon tutdi:

«Kuzatuv chog‘ida Muftiy hazratlari ziyoratchilarga Haj amallarini mukammal va bekamu ko‘st ado etishlarini tilab, Haq taolodan yurtdoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodatlarini esa maqbul aylashini so‘rab xayrli duolar qildi», deyiladi diniy idora xabarida.
 

Foto: Musulmonlar idorasi matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, 2026 yilda ham O‘zbekistondan 15 ming ziyoratchi Hajga yo‘l olmoqda. Joriy yilda bir kishi uchun Haj safarining narxi 77 million 73 ming so‘mni (qariyb 6400 dollar) tashkil qilmoqda.
 

Foto: Musulmonlar idorasi matbuot xizmati

2026 yilda Qurbon Hayiti taxminan 26 yoki 27 may sanasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Hojilar Arafa kuni va Qurbon hayitlarini o‘tkazgach, Haj amallarini yakunlab, iyun oyining dastlabki haftasida O‘zbekistonga qaytishni boshlaydi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid