O‘zbekiston | 23:09 / 15.04.2026
982
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Haj mavsumiga tayyorgarlik boshlandi. Nimalarni bilish kerak?

2026 yilda Haj mavsumi may oyining oxirgi o‘n kunligiga to‘g‘ri kelmoqda. Saudiya hukumati butun dunyodan keladigan millionlab ziyoratchilarni kutib olish va mavsumni talafotlarsiz o‘tkazish uchun bir qancha choralarni e’lon qildi.

Foto: Haramain Info

2026 yilda Qurbon Hayiti taxminan 26 yoki 27 may sanalariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Ayni shu kunlarda butun dunyo musulmonlari Saudiya Arabistonidagi muqaddas Makka shahriga borib, Haj amalini bajaradi. Shunga muvofiq, Saudiya rasmiylari har yili keladigan millionlab ziyoratchilarni kutib olish va mavsumni talafotlarsiz, tartibli o‘tkazish uchun oldindan tayyorgarlik ko‘radi.

Bular qatoriga ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, yo‘llardagi tirbandlik va mehmonxonalarni hisobga olish, noqonuniy keluvchilar oqimini cheklash kabi choralar kiradi. Bugun shular haqida ma’lumot beramiz.

Makkaga kirishda cheklovlar

2026 yil 13 apreldan Saudiya Arabistoni muqaddas Makka shahriga kirish qoidalariga o‘zgartirish kiritdi. Unga ko‘ra, 3 toifadan tashqari barcha uchun Makka shahriga kirishda cheklovlar o‘rnatiladi.

Xususan, endilikda haj mavsumi yakunlangunga qadar faqat:

- amaldagi Haj ruxsatnomasi ega;

- Makka shahrida yashash guvohnomasiga ega;

- Makkada ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlargina ushbu shaharga kira oladi.

Foto: SPA

Ushbu uch toifadan biriga kirmaydigan har qanday shaxs vizasining turi yoki sayohat maqsadidan qat’i nazar, muqaddas shaharga kiritilmaydi. Xususan, Umra vizasi ega chet elliklar ham 18 aprelga qadar Saudiyani tark etishi shart.

Ushbu cheklovlarning qo‘llanishi har yilgi Haj mavsumiga tayyorgarlikning standart qismi bo‘lib, millionlab hojilar kela boshlagan bir paytda – shaharga kirishni tartibga solish va nazorat qilishga xizmat qiladi.

Noqonuniy Haj uchun jazo choralari

14 aprel kuni Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi tegishli ruxsatnomasiz Haj amallarini bajaruvchi shaxslar va ularga ko‘maklashganlarga nisbatan jazo choralarini e’lon qildi.

Ushbu jazo choralari 18 apreldan boshlab, 31 may – Haj-2026 mavsumi yakunlaguniga qadar qo‘llaniladi:

1. Ruxsatnomasiz Haj qilish: Haj ruxsatnomasisiz Haj amallarini bajarayotgan yoki bajarishga urinayotgan shaxslarga taqriban 5300 dollar (20 ming Saudiya riyali) miqdorida jarima solinadi. Ushbu jazo 18 apreldan Makka shahri va muqaddas qadamjolarga kirgan, kirishga uringan yoki u yerda qolgan barcha turdagi tashrif vizalari egalariga qo‘llaniladi.

2. Noqonuniy ziyoratchilarga ko‘maklashish: Ruxsatnomasiz Haj qilgan yoki bunga uringan, Makka shahrida qolgan shaxslar uchun tashrif vizasiga murojaat qilgan shaxslarga taqriban 26 ming dollar (100 ming SAR) miqdorida jarima qo‘llaniladi. Jarima miqdori har bir qoidabuzar uchun ko‘paytirib hisoblanadi.

Foto: Al-Jazeera

3. Belgilangan muddatda tashrif vizasi egalarini Makka shahri va muqaddas qadamjolarga tashigan yoki tashishga uringanlarga, shuningdek, ularni mehmonxona, turar joy yoki boshqa binolarda yashirincha saqlaganlarga ham 26 ming dollar (100 ming SAR) jarima solinadi.

4. Noqonuniy tashrif buyuruvchilarning yashirgan yoki ularning Makkada qolishiga ko‘maklashganlarga ham xuddi shunday jazo beriladi. Jarima har bir yashirilgan shaxs uchun alohida hisoblanadi.

5. Deportatsiya va kirish taqiqi: Ruxsatnomasiz Haj qilish uchun Makkaga yashirincha kirganlar o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilinadi va Saudiya Arabistoniga kirishlari 10 yil muddatga taqiqlanadi.

6. Shuningdek, tashrif vizasi egalarini Makkadagi noqonuniy ziyoratchilarga ko‘maklashgan transport vositalari, agar u tashuvchi tegishli bo‘lsa musodara qilish uchun sudga yuboriladi.

Saudiya ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, jazo chorasi qo‘llanilgan har qanday shaxs qaror bo‘yicha 30 kun ichida vakolatli qo‘mitaga e’tiroz bildirish yoki 60 kun ichida Ma’muriy sudga apellyatsiya berish huquqi ega.

O‘tgan yili Qirollik rasmiylari «Ruxsatsiz hajga yo‘l qo‘ymaslik» kampaniyasi doirasida Haj qoidalarini buzgan 75 mingdan ortiq kishi hibsga olinganini ma’lum qilgandi.

Ka’bada ta’mirlash ishlari

Joriy yil Ramazon oyi tugagach Ka’bai mukarramani Haj mavsumiga tayyorlash maqsadida rejali texnik xizmat va ta’mirlash ishlari boshlandi. Ushbu ishlar doirasida:

- Ka’baning metall qismlari, g‘isht va burchaklari tekshirilib, tozalanadi;

- Ka’ba kisvasi (yopinchig‘i) tekshirilib, mustahkamlanadi;

- Ka’ba poydevori qismi ham tozalab, ta’mirlanmoqda.

Foto: Haramain Info

Ikki Haram Diniy ishlar boshqarmasi raisi shayx Abdulrahmon as-Sudays Ka’batullohda olib boriladigan muntazam texnik xizmat ko‘rsatish ishlariga izoh berib, bu Baytullohga bo‘lgan yuksak ehtirom va uning daxlsizligini asrab-avaylashning ko‘rinishi ekanini ta’kidladi.

«Bunday harakatlar ushbu muqaddas maskan muqaddasligini saqlashga hamda ziyoratchilar uchun xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi», dedi As-Sudays.

Foto: Haramain Info

Aytish joiz, bu – Ka’baning kisvasini almashtirish jarayoni emas. 2022 yildan boshlab, Saudiya hukumati qaroriga ko‘ra, kisva Muharram oyining birinchi kuni — yangi hijriy yilning ilk kunida almashtiriladigan bo‘lgan. Bu Haj tugaganidan keyin, taxminan 15-16 iyun kunlariga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda ham Hajga tayyorgarlik boshlangan

O‘zbekistonda Umradan farqli o‘laroq Haj ziyorati to‘liq davlat nazoratida qolgan. Xususan, O‘zbekistonga ajratilgan 15 minglik Haj kvotasi Musulmonlar idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.

Xususan, joriy yil 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida muftiy raisligida Haj mavsumida hojilarga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda «300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga» e’tibor qilingan.

Shuningdek, diniy idora o‘zbekistonliklarga Haj safariga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslik bo‘yicha tavsiyalar berib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, 2025 yil noyabr oyida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston fuqarolari endi Haj va Umraga onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, elektron navbatga ro‘yxatdan o‘tish ikki usulda amalga oshiriladi — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va www.haj-umra.gov.uz sayti orqali.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid