07:49 / 12.04.2022
4020

Binolar energiya samaradorligini oshirish milliy dasturi tasdiqlanadi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Uy-joy kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy soha obektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda bino-inshootlarning energiya samaradorligini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

“Ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish” milliy dasturi tasdiqlanadi. Dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • bino va inshootlar egalari o‘z mablag‘lari;
  • tijorat banklari, xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar;
  • davlat va mahalliy budjet mablag‘lari, subsidiyalar;
  • amalga oshirilgan energiya tejash chora-tadbirlari natijasida tejalgan mablag‘larni qayta moliyalashtirish;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Qurilish vazirligining quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

  • shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan tartibda ko‘p kvartirali va ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshirilishida kichik quyosh fotoelektr stansiyalari, gelio quyosh uskunalari kabi elektr va issiqlik energiyasini tejovchi qurilmalar o‘rnatilmagan ko‘p qavatli uy-joylarni Energetika vazirligi kelishuvisiz foydalanishga qabul qilmaslik;
  • qurilish tashkilotlari tomonidan binolar va inshootlar energosamaradorlik talablariga va optimal me’moriy, funksional texnologik, konstruktorlik, texnik-muhandislik yechimlarini tanlash orqali foydalaniladigan energiya resurslari uchun o‘lchov asboblari bilan jihozlash talablariga javob berishi, qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash paytida ular to‘g‘ri amalga oshirilishi va standartlar, texnik dizayn yechimlar kataloglari muntazam yangilanishini ta’minlash;
  • bino va inshootlarning alohida elementlariga, konstruksiyalariga va ularda foydalaniladigan uskunalar va texnologiyalarga qo‘yiladigan talablar, qurilish, qayta qurish, mukammal ta’mirlash hamda ekspluatatsiya qilish jarayonida energiya resurslari isrofgarchiligini bartaraf etish imkonini beruvchi, qo‘llaniladigan va loyiha hujjatlariga kiritiladigan talablar joriy etilishini tashkil qilish;
  • korxona va tashkilotlarning bino va inshootlari uchun sarflanayotgan energiya resurslari 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplash;
  • ijtimoiy soha obektlari va boshqa budjet tashkilotlarining rahbarlari va mas’ul xodimlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda ko‘rsatgan tashabbuskorliklarini rag‘batlantirish;
  • bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirishda energiya servis kompaniyalari xizmatlarini yo‘lga qo‘yish.
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bino va inshootlarni uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda jamoat binolari va inshootlari egalari uchun:
  • energiya tejamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy qilish;
  • shaxsiy uy-joy egalari va jamoat binolari xodimlari oldidagi majburiyatlarni bajarish;
  • elektr va issiqlik energiyasi hamda issiq va sovuq suv, shuningdek, tabiiy gazdan foydalanishdagi sarf-xarajatlarni qisqartirish yuzasidan energetik pasportlashtirish ishlari amalga oshirilishini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish;
  • markazlashgan isitish tizimlari ish rejimini optimallashtirish maqsadida, issiqlik ta’minoti tarmoqlarida hamda bino va inshootlarda issiqlik himoyasini yaxshilash (yangi qurilayotgan bino va inshootlarda energiya samarador va energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanish, mavjud binolarda issiqlik himoyasini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish) bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
  • energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda bino-inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obektlari geografik joylashuvi hamda energiya iste’molini hisobga olish;
  • energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlar ijrosini ta’minlashning samarali tizimlarini joriy etish choralarini ko‘radi.
Top