09:20 / 05.07.2019
9813

O‘zbekistonda ilk bor Qashqadaryoda Innovatsion virtual tergov poligoni tashkil etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan huquq tartibot va jamoatchilik vakillari ishtirokida joriy yilning 10 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor davomida ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy mahoratini muntazam oshirib borish masalasiga alohida e'tibor qaratib, kadrlar tayyorlash tizimi eng yangi yondashuvlarga, innovatsiyalarga asoslanishi, ular shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos bo‘lishi zarurligi haqida tegishli topshiriq va vazifalarni belgilab bergan edi.

Mazkur topshiriq ijrosidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov tomonidan 2019 yil ichki ishlar idoralari uchun «Innovatsiya yili» deb e'lon qilindi.

O‘tgan davr mobaynida soha xodimlari tomonidan xorijiy davlatlarning huquqshunoslarini innovatsion yondashuvda tayyorlash usullari o‘rganildi va ilmiy tadqiq qilindi. Uning natijasida milliy qonunchiligimiz talablariga to‘liq moslashtirilgan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasida mamlakatimizda dastlabki innovatsion virtual tergov poligoni bunyod etildi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB matbuot xizmat ma'lum qilmoqda.

Virtual tergov poligon barpo etilishida bevosita Qashqadaryo viloyat IIB xodimlari Rossiya Federatsiyasining «Fundamentalnyye sistemy analiza» kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda, sertifikatlangan hodisa joyini virtual ko‘zdan kechirish dasturiy ta'minoti yaratildi hamda ushbu dasturni zamonaviy «VR OSULUS» uskunalariga o‘rnatildi.

Innovatsion virtual tergov poligonida o‘rnatilgan dasturiy ta'minot istalgan hodisa joyini modelini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lib, tergovchi yoki surishtiruvchi virtual tarzda hodisa sodir bo‘lgan joyni ilmiy va nazariy asoslangan holda ko‘zdan kechirgan holda amaliyotda yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolarni bartaraf etish ustida ishlash imkoniyatini berdi.

Texnologiyalar imkoniyatidan foydalanib, o‘rganuvchi mashg‘ulot xonasida virtual holatda hodisa sodir bo‘lgan joyni real vaqt va sharoitda ko‘zdan kechiradi. Uning harakatlari kompyuterda tahlil qilib boriladi va mashg‘ulot ishtirokchisi o‘z xatosini to‘g‘rilamaguniga qadar tizim tomonidan keyingi bosqichga o‘tish imkoniyatini bermaydi.

Shuningdek, o‘rganuvchi mazkur dastur doirasida o‘z harakatlarini elektron tarzda bayonnomada rasmiylashtirish, mashg‘ulot doirasida tuzilgan test savollariga javob berish hamda mavzuga doir adabiyotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega.

Innovatsion dasturning yana bir afzallik jihati shundaki, u nafaqat tergov balki, jinoyat qidiruv va ekspert-kriminalistika xodimlarini ham malakasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini boyitish uchun xizmat qilishi mumkin.

Sohada yaratilgan mazkur virtual poligon tizimda xizmat qiluvchi xodimlarning innovatsion yondashuv asosida kasb mahoratini oshirishda yangi bosqich bo‘lib hisoblanadi.

Top