Jahon | 13:23 / 10.10.2022
32419
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga raketa zarbalari berdi

Kiyevga bir qator raketa hujumlari natijasida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana bir necha o‘nlab kishilar yaralandi. Ukrainaning Dnepr, Jitomir, Lvov va boshqa shaharlarida ham portlashlar kuzatilmoqda.

Foto: AP

Rossiya 10 oktyabr, dushanba kuni ertalab Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlariga kuchli raketa zarbalari berdi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoga ko‘ra, poytaxt markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan. Raketalardan biri Mixail Grushevskiy yodgorligi yoniga qulagan, natijada uning yonidan o‘tayotgan avtomobillar yonib ketgan.

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 24 kishi yaralangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar UXX ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi ofislaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosining qizil chiziq yo‘nalishida poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlayapti.

Oxirgi marta Kiyev iyun oyi oxirida raketa zarbalariga uchragan edi. O‘shanda rus harbiylari shaharga 14 ta raketa otdi. Ulardan biri Shevchenko tumanidagi ko‘p qavatli uyga borib urilgan. Oqibatda bir kishi halok bo‘lib, olti kishi jarohat olgandi. 

Shuningdek, Kiyev oblasti va Ukrainaning boshqa mintaqalari shaharlariga raketa hujumlari sodir etilgani haqida xabarlar bor. Dnepr, Ternopol, Jitomir, Xmelnitskiy, Vinnitsa, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Rovno va Ivano-Frankivskda bir qator portlashlar sodir bo‘ldi. Ukrainaning oblast markazlarida elektr ta’minotida uzilishlar boshlandi. Lvov, Xmelnsskiy, Jitomir, Xarkov qisman quvvatsizlangan. Dneprda raketa hujumi natijasida sanoat obekti vayron bo‘ldi.  

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z mamlakatidagi ommaviy portlashlarga izoh berar ekan, Ukrainani Yer yuzidan yo‘q qilishga urinishayotganini aytdi. «To‘liq miqyosdagi urushning 229-kuni. 229-kun bizni Yer yuzidan yo‘q qilishmoqchi. Umuman. Zaporijjyada uyda uxlayotgan odamlarimizni yo‘q qilishmoqchi. Dnepr va Kiyevda ishga borayotganlarni o‘ldirishmoqchi. Ukraina bo‘ylab havo hujumidan ogohlantirish signali to‘xtamayapti. Raketa zarbalari bor. Afsuski, halok bo‘lganlar va yaradorlar mavjud. Sizdan iltimos qilaman: boshpanalarni tark etmang. O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling. Kuchli bo‘ling», deb yozdi u Telegram’da. 

Ukraina Kerch bo‘g‘ozidagi Qrim ko‘prigi portlatilganidan ikki kun o‘tib yirik raketa zarbalariga uchradi. Portlash natijasida ko‘prikning avtomobil qismi tarmoqlaridan birining ikki oraliq qismi vayron bo‘lgan, ko‘prikning temiryo‘l qismida sisternali poyezd yonib ketgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim ko‘prigidagi portlashni terakt deb atadi va buning uchun Ukrainani aybladi. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiyaning Qrim ko‘prigining portlatilishiga javobi faqat «terrorchilarni bevosita yo‘q qilish» bo‘lishi mumkin. 

Qrim ko‘prigidagi portlashdan so‘ng Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi operatsiyalariga yangi qo‘mondon tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Bu postni armiya generali Sergey Surovikin egallagan. «Meduza» axborot resursi manbalari Surovikinni Ukraina infratuzilmasiga, jumladan, tinch aholiga yirik raketa zarbalari berish tarafdori deb atamoqda. 

Mavzuga oid