Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qarz oldi-berdisi: bu boradagi munosabatlarning ayrim jihatlari haqida
Ulug‘ alloma Mahmud Zamahshariy o‘z davrida "Insofli odam birodarining haqini yeyishni yomon ko‘rgani uchun uni egasiga beradi, insofsiz odam esa, birovning haqqiga ishqiboz bo‘lgani uchun uni egasiga qoldirmasdan yeb qo‘yadi", deya qayd etgani bejiz emas. Zotan, insoniyatning go‘zal odatlaridan biri bu — muhtoj odamga ko‘mak berish, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlashdir.
Insoniy ko‘mak haqida so‘z borganda, ushbu odat qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish va hamkasblar o‘rtasida keng tarqalgani hamda asosan ikki xil ko‘rinishda amalga oshirilishini ta'kidlash lozim.
Birinchidan, beg‘araz moddiy qo‘llab-quvvatlash — qaytib olmaslik sharti bilan hadya, to‘yona yoki sovg‘a tarzida beriladigan yordamdir.
Ikkinchidan, qaytarish sharti bilan vaqtincha qarzga pul yoki boshqa moddiy ne'matni berib turish ham insoniy ko‘mak hisoblanadi.
Ayni paytda odamlar o‘rtasida ko‘proq uchraydigan ikkinchi holat, ya'ni qarzga pul berish oqibatida turli xil nizo va muammolar kelib chiqayotgani ham bor gap. Ba'zan esa, afsuski, bunday ziddiyatlar, hatto tuzatib bo‘lmas fojialar kelib chiqishiga ham sabab bo‘layotir.
Masalan, statistik ma'lumotlarga qaraganda, 2018 yilning birinchi yarmida jami pul va boshqa qimmatliklarni firibgarlik yo‘li bilan qarz niqobi ostida olib, qaytarmagani sababli 128 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlar sudda ko‘rilgan.
Ularning 108 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 35 nafariga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi, qolganlariga nisbatan esa, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.
Xuddi shu davrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga qarzni undirish to‘g‘risida 5 823 ta da'vo ariza berilgan. Shundan 4 515 ta da'voni qanoatlantirish, javobgarlardan jami 67 milliard so‘mlikdan ziyod qarzlarni da'vogarlar foydasiga undirish haqida hal qiluv qarorlari chiqarilgan. Shuningdek, 503 ta da'vo talabi asossizligi sababli rad etilgan, 412 ta holatda javobgar taraf da'voni tan olib, qarzni qaytarganligi sababli fuqarolik ishi tugatilgan.
Sud amaliyoti tahlilidan kelib chiqib, qarz beruvchilarni ham, qarz oluvchilarni ham ikki toifaga ajratish mumkin.
Qarz beruvchi — birinchi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi toifa. Odatda, xolisona yordam berish niyatida, biron-bir foydani ko‘zlamasdan, demakki, odamgarchilik nuqtai nazaridan yordam qo‘lini cho‘zib, ikkinchi tarafga qarz berganlar ushbu toifani tashkil etadi.
Aksariyat holatlarda o‘rtadagi ishonch va istihola sabab qarz beruvchi va qarz oluvchi o‘rtasidagi ushbu munosabat qonuniy rasmiylashtirilmaydi. Oqibatda qarz oluvchining noinsofligi yoki to‘lov imkoniyati bo‘lmaganligi sababli qarzni qaytarish masalasida nizo kelib chiqadi.
Shu o‘rinda qarz berishning qonuniy asoslariga to‘xtalsak, o‘ylaymizki, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Fuqarolik kodeksining 41-bobida qarz va kredit masalalariga doir normalar belgilangan. Ya'ni fuqarolar o‘rtasidagi qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart. Mabodo shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa, u holda qarz miqdoridan qat'i nazar o‘rtadagi shartnoma yozma shaklda tuziladi.
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik Fuqarolik kodeksining 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Boshqacha aytganda, bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligini anglatmaydi, biroq nizo kelib chiqqan taqdirda, taraflarni bitimning tuzilgani, mazmuni yoki bajarilganini guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Sud amaliyotida oddiy yozma bitim tuzilmagan holatlarda guvohlar ko‘rsatmalariga asoslangan holda qarz undirish haqidagi talabni yoki ayrim holatlarda qarzning qaytarilganini tasdiqlashga oid talablar ko‘plab uchraydi.
Vaholanki, yuqorida keltirilgan qonun normasida, bitim tuzishning oddiy yozma shakliga rioya qilinmagan holatlarda, uning tuzilganligi, mazmuni yoki bajarilganligini guvohlar ko‘rsatmalari bilan tasdiqlab bo‘lmasligi aniq belgilangan.
Yozuvchi Tohir Malik qayd etganidek, “qarz olish va berish qadimdan mavjud”.
Shu bois hech bir zamonda bu masala e'tibordan chetda qoldirilmagan. Aniq tartiblar joriy etilgan. Afsuski, bugunga kelib bu tartiblarga rioya qilinmaydi. Shu tartiblardan biri — qarzni guvohlar ishtirokida berish.
Qarz oldi-berdisiga doir mashmashalarning kelib chiqish sababini johillikdan qidirish kerak. Agar kishida ilm bo‘lsa va bu ilmiga amal qilsa yoki ilm olishga intiluvchilardan bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan yuradi va boshi g‘avg‘olar do‘liga uchramaydi".
Qarz oldi-berdisida ikki o‘rtada o‘zaro ishonch va hurmat bo‘lgani yaxshi, albatta.
Ammo muayyan vaqt o‘tgach, qarz oluvchi kutilmaganda, olgan qarzini tan olmasa yoki tan olsa-da, "qaytarganman", deb turib olsa, tabiiyki, o‘rtada nizo kelib chiqadi.
Shuning uchun qarz oldi-berdisini notarial rasmiylashtirish yoki oddiy yozma bitim — tilxat orqali rasmiylashtirish lozim. Bunda, avvalo, qarz oluvchi qarz oldi-berdisini rasmiylashtirishda tashabbus ko‘rsatishi lozim.
Hayotda negadir qarz beruvchi ham, qarz oluvchi ham qarz oldi-berdisini notarial rasmiylashtirishga harakat qilmaydi. Bu, ehtimol, ularning notarial idoraga borish, qarz shartnomasi rasmiylashtirish uchun vaqt sarflagisi kelmagani bilan izohlanadi.
Balki buning boshqa sabablari ham bordir. Har tugul, nima bo‘lganda ham, qarz oldi-berdisida asosiy shart — notarial rasmiylashtirishning e'tibordan chetda qolishi oqibatda ko‘ngilxiraliklarga sabab bo‘layotgani hozirda ko‘p kuzatilmoqda.
Shu o‘rinda amaldagi qarz shartnomasiga ayrim o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan o‘z takliflarimizni bildiramiz.
Birinchidan, qarz shartnomasi tuzish tartibiga o‘zgartirish kiritib, maxsus himoyalangan va raqamlangan blankalar chiqarish tavsiya etiladi. Xususan, yuz ming so‘mdan — bir million so‘mgacha; bir milliondan — o‘n million so‘mgacha; o‘n milliondan — ellik million so‘mgacha bo‘lgan va hokazo miqdordagi qarzni rasmiylashtirish uchun maxsus blankalar joriy etish lozim.
Ikkinchidan, ushbu blankalar — qarz varaqalarini notarial tasdiqlangan qarz shartnomasiga tenglashtirish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak. Shunda qarz oluvchi o‘ziga zarur summaga oid blankani sotib oladi, so‘ngra u qarz oluvchi va qarz beruvchi tomonidan to‘ldiriladi va imzolanadi. Agar qarz ko‘rsatilgan muddatda qaytarilmasa, muammoni sudsiz, notarial idoraga ijro xati berish uchun murojaat qilish orqali hal etish imkoniyati yuzaga keladi.
O‘z navbatida, qarz beruvchilarning ikkinchi toifasi haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, bu toifaga asosan qarz berish orqali foyda ko‘ruvchilar, demakki, sudxo‘rlar mansub. Ular muayyan miqdorda foiz evaziga, albatta, kafillik hisobiga qarz beradilar.
Bu toifa vakillari aksariyat holatlarda bergan qarzlari evaziga garov shartnomasi tuzish o‘rniga, notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirgan holda qarz beradi. Shartnomada qarz oluvchi qarzini qaytarsa, qarz beruvchi uning uyi yoki boshqa qimmatbaho mulkini qaytarishi mumkinligi ko‘zda tutilgan bo‘ladi.
Qarz vaqtida qaytarilmagan hollarda esa, qarz beruvchi notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasiga asosan uyni yoki boshqa mulkni sotib olgani, o‘rtada hech qanday qarz oldi-berdisi bo‘lmaganini bildirib, qarzdorni uydan ko‘chirish haqidagi talab bilan sudga murojaat qiladi.
Bunda qarz oluvchi qonuniy, notarial tasdiqlangan holda tuzilib, o‘zi tomonidan imzolangan oldi-sotdi shartnomasi — qarz evaziga tuzilganini har doim ham asosli dalillar bilan isbotlay olmaydi. Negaki, qarz oldi-berdisi to‘g‘risidagi tilxat qarz beruvchida bo‘ladi, uy yoki boshqa mulk esa, qarz beruvchi nomiga emas, balki boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bo‘ladi.
Bunday vaziyatlarga duch kelmaslik uchun, albatta, qarz shartnomasini qonuniy rasmiylashtirish darkor. Agar qarz beruvchi garov talab qilsa, aynan garov (oldi-sotdi emas!) shartnomasini rasmiylashtirish kerak va bu kelgusida turli nizolar kelib chiqishining oldini oladi.
Shu bilan birga, qarz oluvchilarni ham ikki toifaga ajratish mumkin. Chindan ham, pulga muhtoj bo‘lib, qarzni keyinchalik astoydil qaytarib berish niyatida olganlar — birinchi toifaga kiradi. Bunday holatda, agar turli sabablarga ko‘ra, qarz qaytarilmagan bo‘lib, qarz beruvchi sudga murojaat qilsa — qarz summasi, kechiktirilgan muddat uchun foizlar hamda davlat boji qarzdordan undiriladi.
Qarz oluvchilarning ikkinchi toifasi esa, qarz olgan vaqtning o‘zidayoq qarzni qaytarish niyatida bo‘lmaydi. Ya'ni bundaylar qarz olish orqali qarz beruvchini aldaydi, uning mulki yoki mulkiy huquqini qo‘lga kiritadi. Bu hol, o‘z-o‘zidan, o‘sha "qarz oluvchi"ning firibgar sifatida Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishini keltirib chiqaradi.
Xulosa qilib aytganda, ulug‘ allomalarimizning so‘z to‘g‘riligi, qo‘l to‘g‘riligi va qalb to‘g‘riligi haqidagi pandu o‘gitlari hayotning o‘zidan olingan, hech qachon eskirmaydigan tarbiyaviy hikmatlardir. Zero, haqiqatan ham, qarz oldi-berdisida qarz oluvchi va qarz beruvchi to‘g‘ri yo‘l tutsa, xususan, bu boradagi fuqarolik munosabatlarini qonuniy tartibda rasmiylashtirsa, ikki orada hech qanday nizo va ko‘ngilxiraliklar kelib chiqmasligi tayin.
Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi raisining o‘rinbosari,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi