Sport | 19:44 / 16.12.2020
7124
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent 2025 yil yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida IV Osiyo o‘yinlarini qabul qiladi. Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, Ummonning Masqat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) va 2025 yil qit'amizda o‘tadigan yoshlar Osiyo o‘yinlarining mezboni o‘rtasida shartnoma imzolandi.

«Assambleyada Toshkent shahrining 2025 yil bo‘ladigan IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi rasman tasdiqlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston hamda OOK o‘rtasida musobaqaning o‘tkazilishi borasida shartnoma imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, MOQ Bosh kotibi, «Toshkent-2025» IV yoshlar Osiyo o‘yinlari direktori Oybek Kasimov hamda Qo‘mitaning rais o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Toshkent shahar hokimligi vakillari qatnashishdi. Toshkentning 2025 yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi yuzasidan tuzilgan shartnomaga OOK prezidenti Shayx Ahmad Ah Fahad Al Saboh, OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov hamda Toshkent shahar hokimligi vakili Izzatbek Jo‘rayev imzo chekishdi», deyiladi qo‘mita xabarida.

Ushbu musobaqa davomida O‘zbekistonga 5000dan ziyod mehmon kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid