Jahon | 14:13 / 22.09.2025
5256
7 daqiqa o‘qiladi

Hizbulloh Saudiyani Isroilga qarshi kurashga undadi

Saudiya Arabistoni Pokiston bilan mudofaa pakti imzolashidan ko‘p o‘tmay, Hizbulloh Ar-Riyodni Isroilga qarshi front ochishga chaqirdi. Ushbu murojaat ortida Eronning uzoq yillik proksi siyosati va mintaqada ta’sirni saqlab qolishga intilishi sezilayotgandek. Yaqin Sharqdagi muhim mavzular “Geosiyosat”da ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Hizbullohning Saudiyani Isroilga qarshi front ochishga chaqirig‘ida Eronning ta’siri va Ar-Riyodning munosabati qanday bo‘lishi mumkin?”

Farhod Karimov: Avval Hizbulloh va Eron o‘rtasidagi aloqalar juda yaqin edi. Hizbulloh aynan Eronning qo‘llab-quvvatlovi tufayli bugungi darajaga yetdi. Bunda diniy omil shiaviylik ham muhim rol o‘ynadi. Ammo Suriyadagi siyosiy o‘zgarishlar, Asad hokimiyatdan ketishi va Ash-Shar’aning hokimiyatga kelishi natijasida Eron bilan Livan o‘rtasidagi aloqa kanallari uzildi. Natijada jismoniy va texnik nuqtayi nazardan yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yo‘qoldi. Hatto “Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi” ham bu jarayonga ta’sir o‘tkazolmayapti. Ash-Shar’a o‘rtada jiddiy to‘siq bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, Eronning o‘zida ham ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘ir. Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik urush va boshqa mojarolar mamlakat imkoniyatlarini ancha qisqartirdi. Natijada Eron ustuvor vazifa sifatida ichki ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishni belgilab oldi. Texnokrat prezident hokimiyatga kelib, tashqi keskinliklarni yumshatdi, Oyatulloh Xomanaiy ham bu yo‘nalishni qo‘lladi. Shuning uchun bugun Eronning Hizbulloh va boshqa proksi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash darajasi ancha pasaygan. Isroil Hamasni deyarli neytrallashtirgach, navbatni Hizbullohga qaratdi. Ular asosiy maqsad sifatida Hizbullohni qurolsizlantirishni belgilashgan. Shu sabab Livan janubiga muntazam zarbalar berilmoqda. Isroilning pozitsiyasi aniq: Hizbulloh bor ekan, xavf mavjud. Uni yo‘q qilmaguncha Isroil bu hududlardan chiqmaydi. HAMASning taqdiri Hizbullohni ham kutayotganini anglagan tashkilot rahbarlari xavotirga tushdi. Shu bois Naim Qosim Saudiyaga murojaat qildi. Nega Eronga emas? Chunki Eron bugungi kunda moliyaviy va harbiy yordam bera olmaydi. Saudiyaning esa pozitsiyasi o‘zgarib bormoqda: u Pokiston bilan harbiy ittifoq tuzmoqda, mintaqada o‘z rolini kuchaytirmoqda va hali Isroilni rasman tan olmagan. Shu sabab Hizbullohda “moddiy yordam bera oladigan yagona manba Saudiya bo‘lishi mumkin” degan umid paydo bo‘ldi. Ammo buning ehtimoli juda past. Chunki Saudiya 2016 yildan beri Hizbullohni terrorchi tashkilot sifatida ro‘yxatga kiritgan va hozircha bu qarashni o‘zgartirishga moyil emas. Bu orada Livan rahbarlari Fransiya, AQSh va Yevropa davlatlari bilan muloqot boshlashdi. Ularning asosiy maqsadi Livanni qayta tiklash, investitsiyalar jalb qilish. Biroq G‘arb davlatlari aniq shart qo‘ydi: Livan qurolsizlantirilishi kerak. Bu talablardan eng avvalo Hizbulloh zarar ko‘radi. Shu sabab Hizbulloh anglab yetmoqda: qanchalik kuchli bo‘lmasin, uning siyosiy va harbiy umri tugash arafasida. Bu jarayon Isroilning bosimi orqali amalga oshishi mumkin. Naim Qosimning Saudiyaga murojaati ham oxirgi umid sifatida baholanmoqda. Bugun Hizbulloh murakkab bosqichga kirib qoldi. Sababi Eronning yordam imkoniyatlari qisqardi, Isroil uni qurolsizlantirishga qat’iy kirishgan va Livan hukumati G‘arb bilan investitsiyalar evaziga Hizbullohni siyosiy maydondan chiqarishga tayyor. Shunday sharoitda tashkilot o‘z mavjudligini saqlab qolish uchun yangi homiy izlamoqda. Ammo Saudiyaning bunga rozi bo‘lishi ehtimoldan yiroq.

Alouddin Komilov: 1980 yilda AQSh, Yevropa va boshqa davlatlarning qo‘llab-quvvatlovi bilan Iroq Eronga hujum qildi. O‘n yilga cho‘zilgan urush Eronni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi va uning strategiyasini tubdan o‘zgartirdi. Shu davrdan boshlab Eron tashqi kuchlarga qarshi kurashni bevosita o‘z hududida emas, balki boshqa hududlarda olib borishga qaror qildi. Buning uchun Hizbulloh, husiylar kabi proksi kuchlar yaratildi. Bu kuchlar Eron uchun o‘z mavjudligini himoya qiluvchi va mintaqada ta’sirini kengaytiruvchi vosita sifatida ko‘rildi. Shu jarayonga diniy tus ham berildi. Hozirgi sharoitda Hizbulloh rahbariyatining Saudiyaga murojaat qilgani bejiz emas. Ammo Saudiya bunga albatta “yo‘q” deydi. Sababi Ar-Riyod Hizbullohni Eronning proksisi va Livan suverenitetini yemiruvchi kuch sifatida ko‘radi. Hizbulloh nafaqat siyosiy partiya, balki o‘z armiyasiga ega bo‘lgan harbiy kuchdir va Livan janubida katta ta’sirga ega. Bu esa Saudiya uchun tahdid sifatida ko‘riladi. Saudiya Arabistonining bugungi asosiy maqsadi mintaqaviy urushlarni de-eskalatsiya qilish va bevosita mojaro girdobiga tortilib qolmaslik. Chunki mamlakat “Saudiya 2030” dasturi asosida katta iqtisodiy va siyosiy transformatsiyalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Valiahd shahzoda mamlakatni “Yaqin Sharqning Yevropasi”ga aylantirish haqida katta bayonotlar bergan. Eron esa mintaqada o‘z manfaatlarini himoya qilishda davom etmoqda. Masalan, «Ibrohim kelishuvlari»ning amalga oshmasligi Tehron uchun foydali. Shu orqali u Arabistonning betarafligini sinab ko‘rishga va Amerika hamda Isroil diplomatiyasida bo‘linishlar yaratishga intilmoqda. Shu omillarni hisobga olganda, Saudiya Arabistoni Hizbullohning chaqiriqlarini qabul qilishi ehtimoldan yiroq. Riyod o‘z strategik rejalari va xalqaro imijini xavf ostiga qo‘yishni istamaydi.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid