Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Rossiya har doimgidek jarayonlarga aralashib, nazoratni yo‘qotmaslikka harakat qilmoqda” - Rabbimov
MO maslahatlashuv uchrashuvlariga Ozarboyjonning qo‘shilishi yangi mintaqaviy formatni shakllantirgan edi. Endi esa rossiyalik diplomat Moskva ham ushbu platformaga qiziqish bildirayotganini ta’kidlamoqda, tahlilchilar Kreml bu imkoniyatdan foydalanish uchun qulay vaqtni kutib kelganini qayd etadi. Kun.uz’ning "Geosiyosat" dasturida siyosatshunoslar Rossiyaning niyati mintaqa ustidan geosiyosiy ta’sirini saqlab qolishga qaratilganini alohida ta’kidlashdi.
Rossiyaning Markaziy Osiyo maslahatlashuv uchrashuvlariga qo‘shilishni istashi nimani anglatadi ?
Kamoliddin Rabbimov: Rossiyaning Markaziy Osiyo maslahatlashuv uchrashuvlariga qiziqishi tasodifiy emas, bu uzoq vaqtdan beri pishib kelgan masala edi. 1990, 2000 va 2010 yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya tashabbuslari paydo bo‘lishi bilanoq, Rossiya ularga darhol qiziqish bildirgan. Moskva har safar bu jarayonlarga ichkaridan yoki kamida kuzatuvchi sifatida kirib, mintaqa ustidan o‘z ta’siri va bosimini saqlab qolishga intilgan. Biroq Markaziy Osiyo maslahatlashuv uchrashuvlari tashkilot emas, balki sammitlar formati bo‘lgani uchun Rossiya bu platformaga rasmiy ravishda kira olmas edi. Chunki tashkilot bo‘lishi uchun ustav, doimiy kotibiyat va aniq institutlar zarur. Mazkur format esa besh davlat rahbarining yiliga bir-ikki bor uchrashib, ochiq muloqot qilishi bilan cheklanardi. Toshkentda o‘tgan yettinchi sammitda vaziyat yangi bosqichga o‘tdi. Unda Ozarboyjon qo‘shildi va O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev Markaziy Osiyo hamjamiyati g‘oyasini ilgari surdi. Bu besh Markaziy Osiyo davlati va Ozarboyjonni qamrab olgan yangi mintaqaviy format shakllanishi ehtimolini yuzaga chiqardi. Aynan shu nuqta Rossiyaning qiziqishini yanada kuchaytirdi. Bugungi kunda Rossiya possovet makonida ta’sir doirasini sezilarli darajada yo‘qotgan. Boltiqbo‘yi davlatlari NATO va YeI a’zosi, Kavkazda Rossiyaning mavqei zaiflashgan, Ukraina bilan urush davom etmoqda. Belarusda esa vaziyat o‘zgarishi vaqt masalasiga aylangan. Shu fonda Markaziy Osiyo Rossiya uchun geosiyosiy jihatdan eng muhim hudud bo‘lib qolmoqda. Moskva mintaqani nazoratda ushlab turish uchun ilgari KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi loyihalarni taklif qilgan. Biroq bu tuzilmalar ichki ziddiyatlar sabab samarali ishlamadi. Armaniston–Ozarboyjon mojarosi bunga yaqqol misol bo‘ldi. Rossiyaning Tojikistondagi elchixonasi vakili orqali bildirilgan bayonot ham aynan shu strategik qiziqishning ifodasidir. Moskva maslahatlashuv formatiga qo‘shilish orqali mintaqaviy jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatishni ko‘zlamoqda. Biroq Markaziy Osiyo davlatlari bu masalada ehtiyotkor. Ular Rossiya yoki Xitoy faqat muayyan masalalar bo‘yicha, vaqtincha mehmon sifatida jalb etilishi mumkinligini ochiq bildirgan. Xulosa qilib aytganda, Rossiyaning Markaziy Osiyo maslahatlashuv uchrashuvlariga intilishi mintaqa ustidan geosiyosiy nazoratni qayta tiklashga qaratilgan. Ammo mintaqa davlatlari bu qiziqishni rasmiylashtirishga hozircha shoshilmayapti va mustaqil siyosiy yo‘nalishni saqlab qolishga urinmoqda. Shundoq ham Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir nechta mintaqaviy tuzilmalar orqali hamkorlik qilib keladi. Masalan: Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi), KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi. Ushbu tuzilmalardan MDHda mintaqa davlatlari deyarli to‘liq ishtirok etadi. Bu holatni Rossiya rahbariyati ham ochiq ta’kidlab kelmoqda. Yaqinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan MDH o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Rossiyaning Markaziy Osiyo maslahatlashuv kengashiga qiziqishi esa, asosan, mintaqa ustidan geosiyosiy ta’sirni saqlab qolish yoki kuchaytirishga qaratilgan. Biroq mintaqa davlatlari bu tashabbusni rasmiylashtirishga hozircha shoshilmayapti. Ehtimol, ular bunday taklifga nisbatan kutish pozitsiyasini tanlab, keyingi bosqichda turli ssenariylarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Shuhrat Rasul: Bu voqealar bugungi kunda ma’lum bir muhim fonda yuz bermoqda. Taxminan o‘n kun avval Rossiya prezidenti Hindistonga rasmiy tashrif bilan borib, misli ko‘rilmagan kelishuvlar bilan qaytdi. Rossiya matbuotida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab 1,5 million, keyin 5 million, hatto 10 milliongacha bo‘lgan hindistonlik mehnat muhojirlarini Rossiyaga jalb qilish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu jarayon Rossiya mehnat bozorida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi aniq. Hindistonlik ishchilar 300–400 dollar atrofidagi ish haqlariga rozi bo‘lishi mumkin, Markaziy Osiyodan kelayotgan mehnat muhojirlari esa bunday sharoitda ishlashni istamaydi. Natijada, bozor sharoitlari markaziy osiyolik ishchilarning raqobatbardoshligini keskin pasaytirishi mumkin. Bu avvalgi dasturlarda ham ta’kidlangan edi va bugun bu xavf real tus olmoqda. Aslida Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan ikki asosiy ta’sir vositasi mavjud edi. Birinchisi — mehnat migratsiyasi, ikkinchisi — savdo-iqtisodiy aloqalar. Biroq savdo ko‘rsatkichlari ham Rossiya foydasiga emas. Pandemiyadan keyingi yillarda Markaziy Osiyoning Xitoy bilan savdo aylanmasi keskin oshdi. 2024 yil statistikalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo–Xitoy savdo hajmi qariyb 95 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, Rossiya bilan bu ko‘rsatkich taxminan 45 milliard dollarni tashkil etdi. Ya’ni Rossiya deyarli ikki barobar ortda qolmoqda. Shu tariqa, Moskvaning Markaziy Osiyoga ta’sirini ta’minlab kelgan ikki asosiy omilning biri, mehnat migratsiyasi endi Rossiyaning o‘z tashabbusi bilan zaiflashmoqda. Bu tarixiy burilishdir. Muhimi, bu burilish Markaziy Osiyo davlatlari tashabbusi bilan emas, aynan Rossiyaning iqtisodiy manfaatlari tufayli yuz bermoqda. Rossiya bugun global iqtisodiy raqobatbardoshligini saqlab qolish yo‘lini tanlamoqda. Arzon ishchi kuchi orqali ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish, shu orqali jahon bozorida o‘z mahsulotlari va xizmatlarini raqobatbardosh qilish maqsadi ko‘zlanmoqda. Bu model ayrim davlatlar, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari tajribasiga o‘xshash. U yerda ishchi kuchining katta qismi xorijliklar bo‘lib, iqtisodiyot neftga qaramlikdan chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya ham shunga o‘xshash modelni o‘z miqyosida joriy etishga urinayotgandek. Bu jarayonda hindistonlik va boshqa arzon ishchi kuchi asosiy rol o‘ynaydi. Shu sababli bu holatni faqat markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga qarshi qaratilgan siyosat sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aslida, bu jarayon Rossiya fuqarolarining o‘ziga ham zarba bermoqda. Chunki ish beruvchi xususiy tadbirkor arzon ishchi kuchini tanlaydi va bu holat mahalliy ishchilarning ham imkoniyatlarini cheklaydi. Shu bilan birga, Rossiya zaiflashib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi ta’sirini hech bo‘lmaganda vaqtincha saqlab qolishga urinmoqda. Bu “cho‘kayotgan odam cho‘pga yopishadi” degan iborani eslatadi.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:46 / 17.12.2025
🔴 LIVE: “Rossiyaning beshta talabi bor” – Ryabkov | "Geosiyosat"
17:55 / 16.12.2025
Ukrainada sulh va saylov ehtimoli ortmoqda - siyosatshunoslar
14:44 / 16.12.2025
NATOdan tashqari, lekin shunga o‘xshash kafolat: Rossiya bunga rozi bo‘ladimi?
11:39 / 14.12.2025