Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tuman va shaharlarda ham adliya bo‘limlari tashkil etiladi - Prezident farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan kasb-hunar kollejlari yuridik xizmatlarining shtat birliklari hisobidan, «respublika – viloyat – tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etiladi.
Kasb-hunar kollejlarining tugatilayotgan yuridik xizmatlari funksiyalari tegishli tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha maslahatlar berish;
- davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish;
- qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, «respublika – viloyat – tuman – mahalla» prinsipi bo‘yicha huquqiy targ‘ibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish;
- huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish, uning barqarorligi va bir xilligini ta'minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
- davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida huquqiy ishlarning holatini monitoring qilish, shuningdek, ularning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va metodik ta'minlash.