O‘zbekiston | 13:11 / 24.04.2024
6463
4 daqiqa o‘qiladi

“Qayerda, qaysi metan-shoxobcha ishlayotganini ko‘rsatadigan ilova ishga tushadi” - Energetika vazirligi

O‘zbekistonda metan-shoxobchalarning ochiq yoki yopiq ekani va u yerdagi tirbandlikni ko‘rsatuvchi mobil ilova ishlab chiqilyapti. Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning Kun.uz'ga aytishicha, ilovaga butun respublika bo‘ylab “Hududgazta’minot”dan gaz sotib oladigan 1329 ta shoxobcha kiritiladi. Shu yil qishda haydovchilarning qo‘lida ilova bo‘ladi, dedi u.

Foto: Kun.uz

“Hududgazta’minot” tasarrufidagi metan-shoxobchalarning qaysi biri, qayerda ishlayotganini 24 soat davomida ko‘rsatib turuvchi mobil ilova ishga tushiriladi. Bu haqda 22 aprel kungi matbuot anjumanida Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

“Qish oylarida ko‘pchilikni o‘ylantirgan savol bor edi: “Qayerda metan-zapravka ishlayapti, shu haqda ma’lumot bersanglar”, degan. Bundan bu yog‘iga 24 soat davomida “Hududgazta’minot” tasarrufidagi metan-zapravkalarning qaysi biri, qayerda ishlayapti... Bu “Yandeks” bilan hamkorlikda qilinayotgani uchun qayerda qanaqa tiqilinch borligi haqidagi ma’lumotlar onlayn tarzda uzatilar ekan”, – dedi u.

Hasan Toshxo‘jayev Kun.uz'ga bergan qo‘shimcha izohida, bu butun respublika bo‘yicha ishlashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Hududgazta’minot” tomonidan ishlab chiqilayotgan ushbu ilova Yandex Go taksi ilovasiga integratsiya qilinadi. Lekin tizimning o‘zi “Yandeks”ning ichida emas, undan alohida ilova bo‘ladi.

“Mutaxassislar bu funksiyani Yandex Go taksi ilovasiga qo‘shishga ham harakat qilishyapti, mabodo sizda Yandex Go ilovangiz bo‘lsa, qayerda zapravka ishlayotgan bo‘lsa, ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Ammo “Hududgazta’minot” alohida metan zapravkalar uchun ilova ustida ishlayapti. Yandex Go bilan integratsiya qilinib, real vaqt rejimida qayerda qancha tirbandlik bor, qayerda qancha kutishga to‘g‘ri kelishini, siz turgan hududdan eng qulay zapravkani ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi”, – dedi Toshxo‘jayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Hududgazta’minot” tasarrufida bugungi kunda butun respublika bo‘yicha 1329ta AGTKS bo‘lib, kompaniya bilan shartnoma tuzgan barcha shoxobchalar ilovaga kiritiladi.

“Kelgusida ilovada qaysi zapravka bo‘lmasa, demak u “Hududgaz” bilan shartnoma tuzmagan va gazni “Hududgazta’minot” AJdan olmaydi. Ilova joriy yilning kuz-qish mavsumida ishga tushishi reja qilinyapti. Qishda haydovchilarning qo‘lida ilova bo‘ladi”, – deydi vazirlik matbuot kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iste’molchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi mobil ilovalar ishlab chiqilmoqda. Hozirda iste’molchilar bu ma’lumotlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” rasmiy saytlarida shaxsiy kabinet orqali olishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, kuz-qish mavsumida, sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimi kamayishi tufayli gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlariga yetkazish maqsadida metan-shoxobchalar faoliyatiga odatiy ravishda cheklov kiritiladi. Bu esa shoxobchalar oldida juda uzan navbatlarni yuzaga keltiradi.

So‘nggi cheklovlar fevral oyi o‘rtalaridan 7 martgacha davom etgandi.

Mavzuga oid