Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Endi poytaxtda boshqaruv o‘zgaradi». Prezident – Toshkentning kelgusi yillardagi taraqqiyoti haqida
Shahar mas’ullari ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalasidagi yondashuvini o‘zgartirishi zarurligi ta’kidlandi. 2026 yil shahar uchun «Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili» bo‘ladi va bu borada katta dastur amalga oshiriladi. Yirik megapolislarda rahbar bo‘lgan mutaxassislar hokimga maslahatchi qilib olib kelinadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
So‘nggi yillarda poytaxtda ulkan o‘zgarishlar yuz bergani ta’kidlandi.
O‘tgan to‘qqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017 yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi.
Shaharda tijorat maydonlari 14 karra ko‘payib, 67 million kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi.
Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va ko‘ngilochar obektlar «tungi iqtisodiyot»ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari soni 3 mingdan oshdi.
«Shahar piyodalar uchun» tamoyili asosida mahalla va ko‘chalarda ijobiy o‘zgarishlarni odamlar kundalik hayotida sezayotganini o‘zlari aytmoqda. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.
Uy-joylar qurish ko‘lami ham keskin oshdi. Avvallari Toshkentda yiliga ko‘pi bilan 2-2,5 ming xonadon qurilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 15,5 mingdan oshdi.
So‘nggi uch yilda 3,5 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, poytaxt aholisi va tadbirkorlarning elektr ta’minotini yaxshilash boshlandi. Kelasi yili ham bu maqsadlarga yana 1,5 trillion so‘m beriladi.
Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga ko‘paydi.
Natijada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Ya’ni Toshkent shahrida kambag‘allik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi.
Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirib, 15 ming dollarga yetkazish reja qilingan.
Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, ta’lim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, shunday megapolislarda rahbar bo‘lgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish bo‘yicha taklif ma’qullandi.
Ularning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.
Shu bilan birga, poytaxtda hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi qayd etildi.
«Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar mas’ullari yondashuvini o‘zgartirishi zarur», – dedi prezident.
Misol uchun, Yunusobodda besh yilda 500 ming kvadrat metr yirik savdo komplekslari barpo etilib, savdo va xizmat ko‘rsatish hajmi joriy yilning o‘zida 76 trillion so‘mga yetdi. Shayxontohur, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham katta o‘zgarishlar bor.
Lekin Yashnoboddagi «Texnopark»da yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun hali katta salohiyat borligi ta’kidlandi. Yangihayotdagi «Toshkent indeks» loyihasida esa qurilgan 6,5 mingta savdo obektining yarmidan ko‘pi bo‘sh turgani qayd etildi.
Yashnobod va Yangihayot tumanlari hokimlariga tadbirkorlarga sharoit yaratib bersa, birgina shu loyihalarni to‘liq ishga tushirish orqali yana kamida 10 mingta ish o‘rni tashkil qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Toshkent shahrida yashirin iqtisodiyot ulushi 9,5 foizni tashkil qilayotgani, mutasaddilar uni qisqartirish bilan tizimli shug‘ullanishi shartligi ta’kidlandi.
Shota Rustaveli ko‘chasida BRT yo‘lagi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hududida avtomobil tunneli ishga tushirildi.
Lekin Kichik halqa yo‘li, Katta halqa yo‘li, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Shahrisabz, Maxtumquli, Ohangaron ko‘chalaridagi tirbandlikdan aholi norozi ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Toshkent shahri aholisi yildan yilga oshib borayotgani hisobiga 100 mingdan ziyod maktab va bog‘cha o‘rinlariga ehtiyoj bor.
«Endi poytaxtda boshqaruv o‘zgaradi. 2026 yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi. Bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi», – dedi davlat rahbari.

Kelgusi yilda jon boshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyani 3 ming, 2027 yilda esa 3,5 ming dollarga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yo‘nalishda rivojlantirilib, 2026 yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritiladi.
Sergeli, Yangihayot, Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika sohalari «o‘sish nuqtasi» bo‘ladi.
Jumladan, kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr bo‘lgan 70 million dollarlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi.
Yangihayotdagi «Yangi avlod» sanoat zonasida elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida 2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu yerda Birlashgan Arab Amirliklarining DP World kompaniyasi zamonaviy logistika tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Ushbu sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar hisobidan kengaytiriladi. Buning hisobiga umumiy qiymati 3 milliard dollarlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi.
«Yangi avlod» sanoat zonasi boshqaruviga ilg‘or xorijiy kompaniyani jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanadi.
Xususan, 37 gektarda 1 milliard dollarlik «Uchtepa siti» loyihasi boshlanadi. Uning doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar barpo etiladi.
Chilonzor, Yakkasaroy, Olmazorda ham 2,5 milliard dollarlik shunday loyihalar amalga oshiriladi.
Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sun’iy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
O‘tgan to‘qqiz yilda poytaxtda xizmatlar hajmi yiliga 20 foizdan o‘sib, 30 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusi yilda buni 38 milliard dollarga, 2027 yilda esa 45 milliard dollarga olib chiqish muhim ekani ta’kidlandi.
Joriy yilda shahardagi 26 ta ko‘cha tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarga aylantirildi. Bu ko‘chalarda 1 ming 200 ta savdo-servis obektini joylashtirish hisobiga 5 ming aholi daromadli bo‘ldi.
Kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Banklarning 100 ta yangi yuqori qiymatli ijtimoiy, «yashil», texnologik va turistik xizmatlarni jozibador shartlarda moliyalashtirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Chilonzorda yiliga 15 ming aholini savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida o‘qitadigan markaz ishga tushirildi. Shunday markazlarni umumiy ovqatlanish va boshqa servis sohalarida yo‘lga qo‘yib, yiliga 5 ming aholini bepul o‘qitish, 100 ta mahallada kovorking markazi, dars xonasi va o‘quv kurslarini ochish hamda 10 ming nafar yoshlarni qamrab olish topshirildi.
Mavzuga oid
17:48 / 27.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: “Ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz”
12:57 / 27.12.2025
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida eksport hajmini 3,3 mlrd dollarga yetkazmoqchi
21:57 / 26.12.2025
Kosmosga uchadigan o‘zbek va jinoiy to‘dalarga eslatma: prezident murojaatida nimalar dedi?
13:32 / 26.12.2025