Sport | 23:56 / 27.06.2017
10933
17 daqiqa o‘qiladi

«Raul Madrid» 40 yoshini kutib oldi

«Real» Madrid va Ispaniya terma jamoasining afsonaviy futbolchisi Raul Gonsales bugun o‘zining 40 yoshini qarshi oldi.

«Real» Madrid safida 550 ta o‘yinga tushib, 228 ta gol urgan bu futbolchi uning tarixidagi eng zalvorli futbolchilardan biri bo‘lib qolishi aniq. «Real» keyingi yillarda jamoa uchun mehnati singan yulduzlarni munosib kuzatmayotgani taassufli hol. Jamoa muxlislariga ham rahbariyatning bunday xatti-harakatlari yoqmayotgani bor gap. Raul, Kasilyas, ana endi Krishtianu ham boshiga ish tushganda «Real»dan madad ololmayapti...

Nima bo‘lganda ham, «blankos» muxlislari «Raul»ni o‘zgacha mehr bilan eslashadi.

Keling, 2009 yilda Xayrulla Hamidov tomonidan o‘zining bu sevimli futbolchisiga atab yozilgan «Raul Madrid» maqolasini arxivdan chiqarib, yana bir karra mutoala qilaylik. Zero, bu yulduzning sharafiga bitilgan har qanday satr abadul-abad o‘z qiymatini yo‘qotmaydi.

* * *

Bugun ko‘pchilik porlayotgan yulduzlardan biri haqida hikoya qilinsa, uning harakatlari haqida tahlil qilinsa va biror bir yangilik so‘zlab berilsa, degan fikrda turgandir. Biz bu safar boshqacha yo‘l tanladik. Barchaga ma'lumu mashhur o‘yinchini tanladik. Uning nomi yangraganida darhol hamma jim bo‘ladigan va o‘yinlari bilan barchaning mehrini qozongan yulduz haqida o‘zimizning qarashlarimizni bayon etishni istadik. Bu maqola biror bir manbaga asoslanmay, muxlis ko‘zi bilan yozilgan. Oddiy muxlis, ammo ushbu futbolchini hamma o‘yinchilardan ko‘ra yaxshi ko‘radigan muxlis ko‘zi bilan. Shuning uchun bu maqolani o‘qiyotganingizda undan ufurib turgan mehriy so‘zlarni his qilasiz, degan umiddamiz. Hali maqolaning avjiga chiqmasingizdanoq umid qilamanki, oxirigacha ko‘zingiz yoshlanajak. Etingiz jimirlayajak va siz ham uning o‘yinlarini yana ko‘rishga oshiqasiz.

Maqolani ta'sirli ta'minlash uchun ushbu futbolchini futbol deb atalmish jozib o‘yinga daxldor sifatlarga bog‘lab yozaman. Turli tuman fikr egalarining rakursi bo‘yicha kuzataman. Shunda nima demoqchi bo‘lganimni to‘liqroq tushuntirib bergan bo‘laman.

 

Futbolda natija muhimdir...

Keling, mana shu falsafani tish-tirnog‘igacha himoya qiladiganlar ko‘zi bilan Raul Gonsales Blanko faoliyatiga nazar tashlaylik.

1977 yilning 27 iyun kuni tug‘ilgan ispan o‘g‘loni hujumchi zoti havas qilishi mumkin bo‘lgan deyarli hamma natijani qayd etib ulgurgan. Tug‘ilganidan beri hujumchilar ortida o‘ynashga ixtisoslashgan bu yigit ko‘p hollarda bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etadi yoki darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketadi. Bu ba'zilarda Raulga nisbatan «tayyorga ayyor» iborasining qo‘llanilishiga ham sababdir. Ammo futbolning nozik jihatlarini tushunadigan kishilar bilishadiki, kerakli paytda kerakli nuqtada paydo bo‘lish har kimga ham nasib etmaydi. Ayniqsa, sof markaziy hujumchi bo‘lmaganlarga. Raulning sakson foiz goli raqib jarima maydonchasi ichida amalga oshgan. Shundan bilsa bo‘ladiki, bu hujumchi gol urish uchun tug‘ilgan. Ispaniyalik hamkasblarimiz uning chap oyog‘ida ko‘z bor, deb ham ta'riflashadi.

Ispaniya terma jamoasi tarkibida 100dan ziyod o‘yinda maydonga tushgan Raul garchi bugungi kunda o‘z raqamini va o‘rnini Vilyaga berib qo‘ygan bo‘lsa-da, Vilyaning tushiga ham kirmaydigan natijani qayd etib bo‘lgan. Ya'ni, gollari soni rekord natija qayd etishga yetarlidir. Ispaniya terma jamoasi libosini kiyib maydonga tushadigan istalgan yigit borki, Raulni tengi yo‘q ustoz sifatida ko‘radi.

 

Futbol katta mehnat talab etadi...

Ha, futbol juda katta mehnat talab etadi. Lekin ba'zilarning nazdida mehnat qobiliyatdan muhimroq ekan. Ana shu fikr egalarining ko‘zi bilan qaraganimizda ham Raulga omad boqqanini ko‘ramiz. Ispaniyalik goleador juda kambag‘al oilada tug‘ilgan. Otasi elektr ustasi bo‘lgan. Uch nafar bolani boqishga uning sharoiti yetarli bo‘lmagan. Tabiiyki, bunday oilada sport yulduzining yetishishi biroz mushkulroq. Raul ozg‘in va nimjon bola bo‘lib o‘sdi.

Uning kelajakda mashhur futbolchi bo‘lishiga otasining futbolga oshnoligi xizmat qildi, desak to‘g‘ri bo‘lardi. Aksiga olib, Raulning otasi Madrid shahrining ikkinchi jamoasi bo‘lmish «Atletiko» klubiga ishqiboz edi. Shu bois o‘g‘lini o‘sha jamoaga bergandi. Ammo taqdir Raulga «Atletiko»ning ashaddiy raqibi «Real»ni nasib ko‘rdi. Otasining ra'yiga ters yurgan bo‘lsa-da, hujumchi bugun to‘g‘ri yo‘l tanlaganini his qilsa kerak? Chunki Raul deganda bugun hammaning ko‘z o‘ngiga oppoq libos keladi. Va goldan keyingi o‘ng qo‘lining ismsiz barmog‘ini o‘pib yugurib ketayotgan ajoyib hujumchi tasvirlanadi.

Raul juda katta mehnat egasi. U o‘z ustida ishlaganini ko‘rganlar: bu bola ertaga mashg‘ulotga kela olmasa kerak, hattoinki bugun uyiga yetib borolmasa kerag-ov, deyishardi. Ammo Raul uyiga yetib borardi, ertasiga mashg‘ulotga hech narsa bilmagandek kelaverardi. Ustida qattiq ishlagani o‘z samarasini berdi – vaznining yengilligi va nimjonligiga qaramasdan yakkakurashlarda raqiblaridan to‘pni olib qo‘yishga hamda raqib darvozasiga to‘pni aniq yo‘llashda bardavom bo‘ldi. Shuning uchun ham, bugungi zamonaviy futbol o‘lchami bo‘yicha Raul biroz nimjonroq ko‘rinsa-da, gol urmagan mashhur darvozaboni qolmadi hisobi.

Oliver Kanning birgina ta'rifi bilan cheklanamiz: «Men «Real» bilan kechgan har o‘yindan oldin bitta narsaga hayron qolaman. Raul gol urguncha ko‘rinmaydiyu, xuddi maydonga o‘sha paytda tushib olgandek bitta zarbasi bilan tinchitib qo‘ya qoladi. Pele bilan o‘ynamaganmanu, biroq, uni tasavvur qilishim uchun Raul juda qulay vosita!»

Pelega o‘xshatishyaptimi?

 

Futbol haqiqiy qobiliyatlilar o‘yini...

Ha, Pelega o‘xshatishyapti. Endi futbolga ham, san'atga ham, hayotga ham qobiliyatni ustun qo‘yish orqali, o‘sha ko‘zoynak orqali qaraydiganlar tafakkuriga bo‘ysunib ko‘rib tahlil qilamiz. Ajabo, bu borada yaxshiroq natijalarni qo‘lga kiritamiz.

Raul Gonsales o‘z ustida juda ko‘p ishlagan. Bu to‘g‘ri. Biroq agar inson tanasida qobiliyat atalmish ne'matdan asar bo‘lmasa, O‘tkir Hoshimov aytganidek, chumolidan yozuvchi chiqarib bo‘lmaydi. Mehnat o‘sha chiqishni istamayotgan qobiliyatni yuzaga chiqarishdir. Raul dunyo yulduzlari ichida to‘pni to‘xtatishda eng kam xato qiladigan o‘yinchilardan biri. Bu masalada o‘zimizning xulosamizga tayanmaymiz-da, mashhur futbol siymosi Yohan Kruiffning fikrini keltirib o‘tamiz: «Yevropa futboli Raul va Zidansiz qolgan kuni robotlar o‘yiniga aylanadi-qoladi. Yaxshiyam shu yigitlar bor ekan. Zidanning to‘p bilan aylanishini ko‘rib, ovqatlanib turganimda-da baqirib yuboraman. Raul to‘pni chiziq oldida to‘xtatganida jim bo‘lib qolaman. Buni futbolda boshqa takrorlay olmaslar».

Hayron bo‘layotgandirsiz, Raulning bunday dahoyona harakatlari yo‘q ediku, deb. Agar ko‘nglingizdan shundoq fikr o‘tgan bo‘lsa, demak, siz Raulni Ibrahimovichni kuzatgandek kuzatmagansiz. Men esa Raulning aynan shu jihati — to‘pni qabul qilib olayotgandagi holati tufayli yaxshi ko‘raman. Del Boske «Real» yulduzlar fabrikasiga aylanib ketganida bir jurnalistning «Raulning ishi Bekhem, Figu, Zidan va Ronaldolar davrasida unchalik ko‘rinmaydi, nima uchun asosiy tarkibda tushaveradi?» degan savoliga chiroyli javob bergandi: «Chunki u ko‘rinadigan bo‘lsa, hammasi tamom bo‘ladi. Raul yuqoridagi hamma yulduzdan farqli ravishda to‘pni o‘z vaqtida to‘xtatib, o‘z vaqtida undan uziladigan o‘yinchidir».

Demak, masalaga oydinlik kiritildi. Raulning «Real»dagi beqiyos o‘rni ham shunda. Daqiq nigoh tashlaydigan bo‘lsangiz, ispaniyalik goleador to‘pni qabul qilib olayotgandayoq hujumning davomini yechib bo‘lgan bo‘ladi. 2000 yilgi YeChL finalidan so‘ng «Valensiya» darvozaboni Kanisares chiqa solib bir gap aytgani hamon yodimda: «To‘g‘risini aytsam, to‘p bilan ketayotgan o‘nta Gutidan to‘psiz ketayotgan bitta Raul qo‘rqinchliroqdir»Nega, deysizmi? Chunki u to‘psiz ham ko‘p ishni amalga oshira oladigan iste'dod egalaridan biri. Sababini izlab ko‘ramizmi?

 

Futbolda go‘zallik eng muhimi!

Sababi oddiy – u go‘zallik shaydosi. Ispanlarning mumtoz san'atini yotvolib eshitadiganlar toifasidan. Ispaniya yulduzlari ichida eng ko‘p kitob o‘qiguvchi. Hatto bir intervyusida Fernando Torresning qobiliyati haqida so‘ralganida shunday degandi: «Fernandoning ba'zi vaziyatlarda behis o‘ynashiga kitobni xush ko‘rmasligi sabab bo‘lsa kerak!».

Ha, biz – jurnalistlar nuqul terma jamoamiz vakillariga gazeta o‘qishni, ko‘pgina kitoblar mutolaa qilishni tavsiya qilishimizning asosiy sababi shu. Erik Kantona urushqoq va janjalkash insonligi bilan mashhur bo‘lsa-da, futboldan tashqarida insonshunosligi bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham MYu murabbiylari unga eng og‘ir vaziyatlarda sardorlik bog‘ichini taqdim etishgan. Ko‘rinishidan mantiqsiz ish, biroq Kantona o‘sha mavsum bironta sariq kartochka olmagan. Xullas, biz demoqchimizki, futboldagi harakatlar maydondan tashqaridagi holatlarga ham bog‘liq.

Raul Gonsalesning harakatlaridagi jozibadorlik va to‘pni oyoq uchida qabul qilib olishlari inglizlarning ur-tep o‘yinini ko‘rganingizdan keyin sariyog‘dek yoqib tushadi.

1998 yilgi Chempionlar Ligasi finalini rohatlanib kuzatgandim. Qirollik klubi g‘olib bo‘lgandi. Keyin esa Yaponiyada «Toyota» kubogi o‘tkazildi. Unda madridliklar «Vasko da Gama» bilan to‘p surishdi. O‘sha kuni Raul faoliyatidagi eng go‘zal gollaridan birini yo‘lladi. Ispaniya terma jamoasida 2008 yilgi o‘yinlargacha taktik yo‘nalish, deb baholanadigan uzun pas Yyerro tomonidan amalga oshiriladi. Raul chap oyog‘i bilan to‘pni ozgina qochirib yuboradi. Birinchi ko‘rinishda bu xatoga o‘xshaydi. Aslida esa hujumchining ayyorona harakatlari edi. Darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqay desa, himoyachi juda yaqin kelib qolgan. Bu paytda to‘pni chaproqqa olib qochish lozim. Keyin himoyachi to‘pga tashlanishdan boshqa chora topolmaydi. Keyin esa o‘ng tomonga aldaydi. O‘ng tomonga aldashi bilanoq boshqa himoyachi yetib keladi. Tabiiyki, u ham jon holatda to‘pga tashlanadi. Chunki Raulning chap oyog‘i bilan zarba yo‘llashini biladi. Biroq, ispaniyalik iqtidor egasi uni ham o‘tkazib yuborib, to‘pni o‘ngga olib ketadi. Natijada, bir harakatning o‘zida ikki himoyachi va darvozabon jarima maydonchasi ichida arifmetik harakatlarga aldanishadi. Raul esa asosan yurish uchun yaralgan o‘ng oyog‘i bilan bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni yo‘llaydi. Bu gol takroriy lavhada namoyish etilgach, o‘yinni sharhlab borayotgan Viktor Gusev shunday degandi: «Da, eto Raul! Takiye goly svoi vremena zabivali futbolisty kak...Pele! Bojye moy!»

Keyinchalik jahon futboli ma'lumotlarini o‘qishni boshladik. O‘sha mutolaamiz davrida bir muhim ma'lumotga ko‘zim tushdi: Pele dunyo yulduzlari ichida faqat Raulga o‘yin tugashi bilanoq qo‘ng‘iroq qilib qo‘yar ekan. Yengsa tabriklab, yengilsa ko‘nglini ko‘tarish uchun. Keyin bu qo‘ng‘iroqni qabul qilish Kakaga nasib etgan, deyishadi. Qolganlar esa...

O‘sha paytda mening sevimli nashrim hisoblangan «Sovetskiy sport» o‘yinga yozilgan sharhga ajoyib sarlavha bilan chiqibdi: «Raulmadrid!» O‘sha sarlavha bugungi maqolamizni ham bezab turibdi. Qarang!

 

Futbol o-o-ozgina adolatsiz o‘yin...

Buxoriy va Raul. G‘alati juftlik, nima dedingiz? Lekin hozir bog‘lab bersak, ajablanmay qo‘yasiz. Yurtimiz allomalari ichida Buxoroda tug‘ilib, ilm peshvosi bo‘lgan juda ko‘p olimlar o‘tgan. Ularning hammasi o‘z ism-shariflari davomiga Buxoriy deb yozib ketishgan. Ularning nomlarini o‘qiganimizda to‘liq o‘qimasak «qaysi Buxoriy ekan», degan fikr miyamizdan o‘tadi. Ammo Buxoriy degan so‘zning o‘zi yangrasa birgina insonni o‘ylaymiz. Ul mashhur muhaddis haddan tashqari farqli bo‘lganidan, minglab Buxoriylar ulg‘aygan diyorning nomini bir o‘zi tarannum etib turaveradi.

Raul degan ism ham Ispaniyada ommalashgan. Deyarli har bir jamoada Raul falonchilar bor. Ularning nomlarini sharhlash kerak bo‘lib qolsa, sharhlovchilar darhol Rauldan keyingi sharifini ham aytib ketishadi. Chunki faqat Raul deyiladigan bo‘lsa, o‘sha bittagina Raul tasavvur qilinadi. Raul Gonsales mana shunday holatga hammani majbur qilgan.

Lekin ana shundoq yulduzga alamli xotima nasib etmoqda. Umrining asosiy qismi o‘tgan Ispaniya terma jamoasi bilan eng qora kunlarda birga bo‘ldi. Yorug‘ kunlarida esa... Usiz Yevropa chempioni bo‘lishdi ispanlar. Tarkib u ketganidan keyin haqiqiy jamoaviy va jangovar tarkibga aylandi. Raul o‘ynagan paytdagi yetishmaydigan jihatlar hozirgi Ispaniyada keragidan oshiqcha jamlandi. Ammo shunday bo‘lsa hamki, men Ispaniyaning ajoyib o‘yinlarini kuzata turib, uning tarkibida Raulni ko‘ra olmaganimdan achinaman.

Baribir uni sog‘inaveraman. Butun dunyo qarshi bo‘lsa ham...

Chunki men bitta haqiqatni bilaman. Raul Gonsales Blanko galaktikosning g‘irt dushmani bo‘lgan «Barselona» jamoasi fanatlari tomonidan ham yaxshi so‘zlar bilan tilga olinadi. Hatto fanatlar saytida «Real» jamoasining har bir vakili yuziga qora moy surkab chiqilganda ham Raulni yorug‘ yuz bilan qoldirishgan va tagiga: «Bu bolaga kelganda nuqul moy tugab qoladi», deb yozib qo‘yishgan. Bu bolaga kelganda nafaqat qora moy, balki terma jamoaga beriladigan medallar ham yetmay qoladi, shekilli. Rosa ham achinarli manzara!

Xayrulla Hamidov

Mavzuga oid