Jahon | 22:11 / 06.01.2026
16689
5 daqiqa o‘qiladi

Maduro ag‘darilganidan keyin Venesuelada nimalar bo‘lmoqda?

Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan. Karakas ko‘chalarida – rejimga sodiq bo‘lgan kolektivos a’zolari navbatchilik qilmoqda. Ayrim muxolifatchilar va jurnalistlar qo‘lga olingan.

Karakas ko‘chalaridagi kollektivos. Foto: Jesus Vargas / Getty Images

AQSh maxsus topshiriqli kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan so‘ng, vitse-prezident Delsi Rodriges boshchiligidagi yangi hokimiyat mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Karakas ko‘chalarida patrullar va blokpostlar paydo bo‘ldi – bu patrullarga nafaqat harbiylar va politsiyachilar, balki kolektivos ham jalb qilingan. Bular hukumatparast qurolli guruhlar a’zolari hisoblanadi (Rossiyadagi titushkilar muqobili). Ular yo‘lovchilarni va mashinalarni to‘xtatishadi, tintuv o‘tkazishadi, ba’zida telefonlarni tekshirishadi – rasmiy versiyaga ko‘ra, maxsus operatsiyada Amerikaga yordam berganlarni qidirishadi. Muxolifatchi faollar va jurnalistlardan bir nechasi qo‘lga olingani ma’lum.

Kolektivos muxolifatga qarshi kuch ishlatish harakatlari bilan mashhur. Kamida 2012 yildan beri barcha saylovoldi kampaniyalarida, shuningdek, Nikolas Maduroga qarshi norozilik namoyishlari vaqtida ular rejimga qarshi bo‘lganlarning ko‘cha namoyishlarini tarqatib yuborish bilan shug‘ullangan, jumladan, namoyishchilarni o‘qqa tutishgan. Kollektivos – bu yagona tashkilot emas, balki tarqoq guruhlar yig‘indisidir. Bunday guruhlarning ko‘pchiligi ichki ishlar vazirligi (vazirlikka hukmron rejimning «kuchishlatar qanoti» vakii, Maduroning sobiq siyosiy raqibi Diosdado Kabelo rahbarlik qiladi) nazorati ostida harakat qiladi.

Venesuela prezidentining rasmiy qarorgohi – Karakas markazidagi Miraflores saroyini ham xuddi shu kolektivos qo‘riqlaydi. Maduro esa so‘nggi vaqtlarda u yerda emas, poytaxtning janubiy chekkasidagi Fuerte-Tiun harbiy bazasida yashayotgandi va uni o‘sha yerda qo‘lga olishdi.

Ko‘chalarda xavfsizlik xodimlari bilan to‘lib-toshgani ba’zan tushunmovchiliklarga ham sabab bo‘lmoqda. 6 yanvarga o‘tar kechasi Miraflores qo‘riqchilari saroy yaqinidan uchib o‘tayotgan dronlarga qarata o‘t ochdi, lekin biroz o‘tib ular politsiya dronlari ekani ma’lum bo‘ldi.

Kolumbiya, AQSh va boshqa mamlakatlardagi Venesuela diasporasida Maduro hokimiyatdan ag‘darilgani haqidagi xabar ko‘chalardagi bayramlar bilan kutib olindi. Venesuelaning o‘zida esa bunday holat kuzatilmagan. Birinchidan, rejim amalda o‘sha-o‘shaligicha qoldi – shunchaki yagona rahbaridan mahrum bo‘ldi, xolos. Namoyishlarni bostirish apparati esa o‘z joyida. Ikkinchidan, Venesuela aholisi – hatto Madurodan norozi bo‘lganlar orasida ham quvonch emas, balki xavotir va noaniqlik hissi ustunlik qilmoqda.

Karakas va boshqa shaharlarda ham ko‘cha aksiyalari bo‘lib o‘tdi – lekin faqat lokal miqyosda va kam sonli ishtirokchilar bilan. Bundan tashqari, ko‘plab aksiyalar AQShning Venesuela ichki ishlariga aralashuviga qarshi norozilikka bag‘ishlangan edi. Bunday mitinglar politsiyachilar, harbiylar va kolektivos tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib turilgan. Qolaversa, Venesuela muxolifatining ko‘plab vakillari ham AQShning harakatlaridan norozilik bildirmoqda.

Karakas bozoriga kirish joyini qo‘riqlayotgan kolektivos a’zolari. 2026 yil 4 yanvar
Boris Vergara / Anadolu / Getty Images

Karakas va Venesuelaning boshqa shaharlarida do‘konlar cheklovlar bilan ishlamoqda: birinchi kuni odamlar vahimaga tushib, hamma narsani sotib ola boshlagan va uzoq davom etgan iqtisodiy inqiroz qamrab olgan mamlakatdagi kam sonli zaxiralar tugab qolgandi. Kafega tashrif buyuruvchilar odatdagidan sezilarli darajada kam. Ba’zi hududlarda elektr energiyasi va suv yo‘q, uyali aloqa ishlamayapti – bu Amerika zarbalari tufayli yetkazilgan zarar bilan ham, shunchaki uzoq davom etgan inqiroz bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Karakas ko‘chalaridan birida odamlarni to‘xtatib, tekshirayotgan kolektivos. 2026 yil 4 yanvar
Ariana Cubillos / AP / Scanpix / LETA

The Guardian muxbirlari Karakas ko‘chalarida suhbatlashgan yo‘lovchilar sodir bo‘layotgan voqealar munosabati bilan nimalarni his qilishlari haqidagi savolga shunday javoblar berishgan –ishonchsizlik, g‘azab va xavotir. CNN boshqa venesuelaliklarning so‘zlarini keltiradi: «Men butunlay qorong‘ilikdaman. Mamlakat bilan, biz bilan nima bo‘lishini tasavvur qila olmayman»; «Faqat noaniqlik bor. Hokimiyat o‘zgargandek tuyulmayapti, chunki hamma narsa avvalgidek qoldi. Faqat hech narsa tushunarli emasligi aniq». The Wall Street Journal suhbatdoshlaridan biri shunday dedi: «Hukumatlar keladi va ketadi, biz esa qolamiz va ishlashimiz kerak».

Karakasdagi supermarketni qo‘riqlayotgan kolektivos a’zosi. 2026 yil 4 yanvar
Ronald Pena / EPA / Scanpix / LETA

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid