O‘zbekiston | 19:22 / 06.05.2020
35818
6 daqiqa o‘qiladi

«Qizil kitob»ga kiritilgan jonivorlar ham zarar ko‘rgan» - Sardobadagi ofat ekotizimga qanday ta'sir qiladi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a'zosi Islom Xushvaqtov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «Sardoba» suv omboridagi falokat va uning ekotizimga ta'siri haqida ma'lumot berdi.

Islom Xushvaqtov

Islom Xushvaqtovning so‘zlariga ko‘ra, «Sardoba» suv omborining hajmi Toshkent dengizidan to‘rt baravar katta.

«Sardoba suv omborining umumiy hajmi 920 mln metr kubni tashkil etadi. Tasavvur qilish uchun aytish mumkinki, bu Chorvoq suv omboridan 42 baravar kichik, Toshkent dengizidan esa 4 baravar katta hajmga teng.

Hisob-kitoblar hali yakunlangani yo‘q. Hozirgacha ma'lum bo‘lishicha, omborda saqlangan suvning taxminan 35 foizi (ya'ni 322 mln metr kub suv) texnogen falokat tufayli oqib chiqib ketgan», – deydi u.

Suvning taqdiri nima bo‘ladi?

«Tabiatning o‘z qonunlari bor. Ombordan oqib chiqqan suvning ma'lum bir qismi atmosfera havosiga bug‘lanib ketadigan bo‘lsa, yana bir qismi yerga singib ketadi. Qolgan qismi esa zovur va kanallar orqali Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga yo‘naltiriladi.

Suvning tarqalish geografiyasini ko‘radigan bo‘lsak, Sirdaryoning uch tumani – Sardoba, Mirzaobod, Oqoltinga va Qozog‘istonning ba'zi hududlariga yetib borgan. Bu hududlarda qanchadan-qancha kanallar, kollektorlar bor. Suv ularni ham to‘ldiradi, ular qaysidir hududlarni suv bilan ta'minlaydi. Suv omborlariga ulangan kanal va kollektorlar orqali suv boshqa omborlarga tushadi.

Fizika qonunlariga ko‘ra, suv bir turdan ikkinchi turga o‘tadi, ya'ni yerga singgan suvdan yerosti suvlari boyishi, atmosferaga bug‘langani esa yomg‘ir bilan tushishi mumkin. Chiqib ketgan suvning ma'lum qismi omborga qaytariladi. Yo‘qotish deyarli sezilmaydi. Ammo, achinarlisi, tayyor yig‘ilgan suvning yo‘qotilishi bo‘ldi», – deydi Islom Xushvaqtov.

Nobud bo‘lgan jonivorlar kasallik tarqatishi mumkin

Ekopartiya vakili ofatda nobud bo‘lgan jonivorlarning jasadlari tezda yig‘ib olinishi va bu hududlar dezinfeksiya qilinishi kerakligini ta'kidladi.

«Ofatdan eng birinchi zararni omborga eng yaqin hudud – Sardoba tumani «Yurtdosh» mahallasi ko‘rgan. Damba ochilishi bilan suv avval balandlikdan katta bosim bilan o‘tadi. Keyinchalik suv yoyilib ketishi tufayli tezlik ham pasayadi. Oqoltin, Mirzaobod tumanlari, Qozog‘iston hududiga borguncha, Abay kanaliga suv borib tushguncha bo‘lgan hudud katta zarar ko‘rgan. Xususan, uy hayvonlari ham.

Birinchi ofat ko‘rgan joylarda aholi zudlik bilan evakuatsiya qilingani uchun odamlar uy hayvonlarini og‘ilxonadan chiqarishga, mollarning ipini bo‘shatib qo‘yishga ham ulgurmagan. Keyingi bosqichlarda evakuatsiya qilingan aholi esa uy hayvonlarini haydab chiqishga ulgurgan.

Talafot hududida tozalash ishlari olib borilayotganda ma'lum bo‘ldiki, suv bosishi, uylar qulashi natijasida hayvonlar nobud bo‘lgan. Nobud bo‘lgan jonivorlar soni aniq emas. Ammo qishloq sharoitida bitta xonadonda o‘rta hisobda bitta sigir, bir nechta qo‘y bo‘lishini inobatga olib, taxmin qilish mumkin.

Jonivorlarning jasadlari tezda yig‘ib olinishi, bu hududlar dezinfeksiya qilinishi kerak. Aks holda kunlar isishi bilan ularning jasadi kasallik tarqatuvchisiga aylanib qolishi mumkin».

«Qizil kitob»ga kiritilgan jonivorlar ham zarar ko‘rgan

Islom Xushvaqtov texnogen ofat yovvoyi hayvonlarga ham ziyon keltirganiga e'tibor qaratdi.

«Ofatda nafaqat uy hayvonlari, yovvoyi tabiat ham ziyon ko‘rgan. Noyob qushlar va o‘simlik turlari katta zarar ko‘rdi. Sirdaryo viloyatida laylaklar juda ham ko‘p keladi. Sirdaryo bo‘yida joylashgan to‘qayzorlarda ko‘chib o‘tuvchi qushlar, «Qizil kitob»ga kiritilgan noyob qushlar ham yashaydi. Ayniqsa, hozirgi bahor fasli ularning ko‘payadigan, tuxum qo‘yib, polaponlari chiqa boshlaydigan davr edi.

Yovvoyi tabiatga yetkazilgan zararni hisoblab chiqish uchun vaqt kerak. Talafot hajmi katta bo‘lganligi ehtimoli bor, hisoblab chiqilgach, ular ma'lum qilinadi».

Obektlar qurilishida jamoatchilik nazoratidan tortib parlament nazoratigacha bo‘lishi kerak

Xushvaqtov gidroinshootlar qurilishi va faoliyatining nazorat qilinishi bo‘yicha ham izoh berdi.

«Suv obektlarini nazorat qiluvchi tashkilotlar bor. Suv xo‘jaligi vazirligi gidrotexnologik inshootlar nazoratini yurituvchi vakolatli organ hisoblanadi. Ular bo‘yicha biron narsa deyish qiyin, chunki ularning faoliyatini biz yaqindan o‘rganmaganmiz. Avvalgi parlament chaqirig‘ida «Ekoharakat» deputatlari respublikada mavjud 55ta suv inshootining 35 foizini o‘rganib chiqqan.

Sardoba suv ombori qurib bitkazilgan 2017 yilda davlat rahbari borib tanishgan edi. Shundan beri omborda nazorat inspeksiyalari ishlagan bo‘lishi mumkin, lekin Ekopartiya bu obektda parlament nazoratini o‘tkazmagan.

Respublikada 50dan ortiq gidroinshoot bor. Ularning barchasi melioratsiya, irrigatsiya, energetika – qaysi maqsadda qurilishidan qat'i nazar, qurilish davomida sifat nazorati kuchli bo‘lishi kerak. Obektlar qurilishida jamoatchilik nazoratidan tortib parlament nazoratigacha mavjud bo‘lishi lozim».

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid