O‘zbekiston | 19:28 / 07.06.2018
4531
4 daqiqa o‘qiladi

"Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risidagi" qonun loyihasi muhokama qilindi

2018 yilning 6 iyunida O‘zbekistonda "Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama uchun taqdim etildi. 7 iyun kuni Xalqaro Press-klub, Madaniyat vazirligi va uning qoshidagi Madaniyat va san'at fondini rivojlantirish fondi hamkorligida o‘tgan "Metsenatlik - yangi an'ananing shakllanishi" sessiyasida ushbu qaror loyihasi bo‘yicha fikrlar almashildi va xorijiy malakali mutaxassislar tajribasi taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, yangi qonun loyihasida Metsenatlik faoliyati va Madaniy homiylik tushunchalariga aniqlik kiritildi.

Foto: Xalqaro Press-klub

Mesentalik faoliyati - bu benetsiar (pul mablag‘larini qabul qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs) tomonidan O‘zbekiston Respublikasining moddiy va nomoddiy madaniy merosini tashkil qiluvchi madaniy obektlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida beminnat asosda har qanday mulkiy huquqlarning berilishi, pul qiymatiga ega ishlarning bajarilishi, xizmatlarning taqdim etilishi.

Madaniy homiylik - metsenat tomonidan metsenatlik faoliyatining yuridik shaxs shaklida soliq imtiyozlariga ega bo‘lish evaziga amalga oshirilishi.

Soliq idoralarida ro‘yxatdan o‘tgan madaniyat va san'at, ilm-fan va ijod, ta'lim sohalarida faoliyat yuritayotgan har qanday davlat, nodavlat notijorat tashkilotlari metsenatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Asosiysi, ularning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi madaniy boyliklari va ma'naviy merosini saqlash hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.

Tadbirda shuningdek metsenatlik faoliyatining rag‘batlanitirish tizimi haqida ham ma'lumot berildi.

Unga ko‘ra, har yili metsenatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi tomonidan maxsus mukofot taqdim etiladi (madaniy homiylik bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar bunday mukofotlarga da'vogarlik qila olishmaydi). Mamlakat madaniy merosiga mansub bo‘lgan madaniy qadriyatlarni xarid qilgan shaxslar maxsus mukofotlar va rag‘batlantirish shakllariga ega bo‘lishadi. Benefitsiar metsenatga bir yilda bir marta rag‘batlantiruvchi mukofot taqdim etish huquqiga ega, bunda mukofot hajmi metsenatdan olingan yordam qiymatining 20 foizidan oshmasligi kerakligiga e'tibor qaratiladi. Benefitsiar metsenatlik faoliyati doirasida metsenatning ismi sharifi, nomi, logotipi yoki boshqa identifikatsiya shaklini eslatish huquqiga ega.

Foto: Xalqaro Press-klub

10 ming AQSh dollariga teng yoki undan ortiq metsenatlik ko‘magini taqdim etgan yuridik shaxslar bunday metsenatlik faoliyatini madaniy homiylik sifatida qayd etib, soliq imtiyozlarini qo‘lga kiritadi.

Tadbirda shuningdek Fransiyadagi Luvr muzeyi va Rossiyadagi Tretyakov galereyasi vakillari qatnashib, o‘zlarining bu yo‘nalishdagi qiziqarli tajribalari bilan bo‘lishishdi.

"Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida"gi qonun loyihasi haqida batafsil ma'lumot olishni istaganlar O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasiga qo‘shilishlari mumkin.