Jamiyat | 18:58 / 10.03.2020
17140
13 daqiqa o‘qiladi

«Olimning asosiy muammosi oila boqish bo‘lib qolgandi» – geolog Abdurazzoq Mirzayev bilan suhbat

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Abdurazzoq Mirzayev geologiya ilmi, ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, kadrlar tayyorlashdagi muammolar yuzasidan fikr bildirib, ularning yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Foto: Abdurazzoq Mirzayev shaxsiy fotoalbomidan

– Yaqin o‘tmishda, ya'ni bundan 30-40 yil ilgari yurtimizda geologik tadqiqotlar juda samarali olib borilar edi. Bunga, albatta, O‘zbekiston hududining geologik tadqiqotlar olib borishga qulay geografik sharoiti, geologik rivojlanish bosqichlariga taalluqli tog‘ jinslarini o‘z ichiga olgan vulqon, metomorfik va cho‘kindi yotqiziqlar ochilmalari, tektonik harakatlar natijasida tub jinslarning yer yuziga yaqin joylashgan tog‘lar tizmalarini hosil qilishi va bu tog‘ tizmalarining ma'dan va noma'dan konlari boyligi sabab bo‘lgan.

Misol uchun, sobiq ittifoq davrida jami qazib olinadigan oltinning uchdan bir qismi birgina Qizilqumdagi Muruntog‘ konidan qazib olingan.

Shunday qilib, O‘zbekistonda geologlarning o‘rganish obekti bo‘lgan foydali qazilmalarga boy tog‘larning mavjudligi hamda hududdagi iqlimning yil davomida geologik tadqiqotlar olib borishga mosligi, ayniqsa yoz va kuz fasllarida ekologik toza meva-sabzavotlar to‘kin-sochinligi, butun sobiq ittifoq geologlari hamda sohaga oid olimlarni ohanrabo kabi tortgan. Natijada o‘zbekistonlik geolog olimlar bilan samarali ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Abdurazzoq Mirzayev shaxsiy fotoalbomidan

Albatta, hozirda bu tadqiqotlar hisobotlarining katta qismi sobiq ittifoq geologiya vazirligi fondlarida saqlanmoqda.

O‘sha davrlarda nafaqat geolog amaliyotchilar, balki konchilar bilan ham geolog olimlar o‘rtasida samarali hamkorlik qilinar edi. Masalan, X.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti olimlari, institut direktori Ibrohim Hamraboyev boshchiligida Muruntog‘ koni Ilmiy-texnik kengashi majlislariga taklif etilib, kondagi qazib olish jarayonidagi geologik tadqiqotlar natijadorligini nazorat qilishar, tavsiyalar berishar edi.

NKMK tomonidan esa Muruntog‘ posyolkasidan institut olimlariga tadqiqotlarni samarali olib borishlari uchun ikkita 6 xonali kottejlar dala ekspeditsiya poligoni tashkil etish uchun ajratilgan edi. Bunday imkoniyatdan institut olimlari nafaqat NGMK obektlarida, balki butun Qizilqum hududini o‘rganishdagi dala tadqiqotlarida foydalanishgan.

Konlardan ma'danlarni qazib oluvchi ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari, geolog amaliyotchilar va geologiya sohasi olimlarining samarali hamkorligi natijasida «ustoz-shogird» an'analarining samarali mexanizmi sifatida, O‘zbekistonda geologiya sohasida bir qancha ilmiy maktablar yaratilgan edi.

Afsuski, bugungi kunda ushbu maktablar samaradorligi juda past. Albatta bunga sabab, qariyb 25 yil davomida ilm-fanga e'tiborning pasayib ketganligi bo‘ldi.

«Olimning asosiy muammosi oila boqish bo‘lib qolgandi»

– Olimlarimiz oila tebratish uchun bozorlarga chiqib savdo qilishga, qo‘lidan kelganlari tadbirkorlik qilishga o‘tib ketishdi. Albatta, hamma ham tadbirkorlik qila olmaydi, unga ham qobiliyat kerak. Qolgan qismi qaysidir ilmiy dargohda, ishlab chiqarish korxonasida yoki firmada ko‘proq oylik maosh bersa, o‘sha joyga borib ishlashga majbur bo‘lishdi.

Natijada kuchli ilmiy-tadqiqot institutlarida ustozlari atrofida jamlangan dunyo tan olgan maktablar vakillari tarqalib ketishdi, o‘rtadagi hamkorlik yo‘qoldi. Ilm bilan shug‘ullanish xobbiga aylandi, olimlar boshini qotirgan asosiy muammo oila boqish bo‘ldi.

Abdurazzoq Mirzayev shaxsiy fotoalbomidan

Olimlarning fikricha, dunyoda har qanday davlatning rivojlanishi 16 foiz ishlab-chiqarish vositalariga, 20 foiz xomashyo bazasiga, 64 foiz esa ilmiy salohiyatga bog‘liq. Bunga misol sifatida Yaponiya va Janubiy Afrika davlatlarini keltirishimiz mumkin.

Yaponiyada foydali qazilma boyliklari deyarli yo‘q, ikkinchisida dunyodagi eng katta oltin koni – Vitvatersrand mavjud, lekin davlatlarining rivojlanishi yer bilan osmon singari.

Bu o‘rinda Xitoy faylasufi Konfutsiyning: «Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek. O‘n yil boqmoqchi bo‘lsang, daraxt ko‘kartir. Asrlar davomida boqmoqchi bo‘lsang, ilmli qil», degan hikmatli so‘zlarini keltirib o‘tish joizdir.

Prezidentimiz tomonidan ilmga berilayotgan katta e'tibor, albatta, yurtimizning ilmiy salohiyatini bir paytlardagidek yuqori ko‘tarish imkoniyatini beradi.

Hozirgi kunda fan doktori ilmiy unvoniga ega olimlar 1000 dollargacha oylik maosh olayapti. Endi ular ro‘zg‘or tashvishini o‘ylamasdan, bemalol yurtimiz iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shadigan ilmiy tadqiqotlarini olib borishlari mumkin.

Bundan tashqari, joriy yildan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ta'lim va ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan fan nomzodlarining oylik maoshlariga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haq to‘lash tizimi joriy etiladi.

Albatta, bunda ustama haq olish uchun olimning ilmiy faoliyati ma'lum kriteriyalarga javob berishi kerak. Hamma olimning ilmiy salohiyati yuqori darajada natijador bo‘lmaydi. Eng asosiysi – endi olimlarda faol ishlash uchun stimul bor, manfaatdorlik bor. Bu bugungi kunda davlatning iqtisodiy barqarorligini ta'minlaydigan eng maqbul va o‘zining samarasini tez beradigan, ilm-fanning rivojiga olib keladigan oqilona yondashuvdir.

«Geologning bolg‘asi tegmasa, yangi konlar ochilmaydi»

O‘zbekiston Geologiya fanlari universitetining tashkil etilishi, keyingi 30 yilda tarqalib ketgan ilmiy maktablarning qisman bo‘lsa-da qolgan vakillarini bir komandaga yig‘ishga va ularning salohiyatidan samarali foydalanishga imkon beradi.

Ushbu olimlar bitta universitet qoshida tanlov asosida ham o‘quv jarayonida faol qatnashishi, ham zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarda bitta jamoa bo‘lib, bor ilmiy salohiyatlarini jalb qilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Abdurazzoq Mirzayev shaxsiy fotoalbomidan

Ayniqsa, universitet qoshida yurtimizning tog‘-kon sanoati flagmanlari bo‘lgan NKMK va AKMK tomonidan moliyalashtirish hisobiga tashkil etiladigan «Geoinnovatsion laboratoriya» nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyoda yagona zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi bo‘ladi.

Albatta, ushbu sa'y-harakatlar natija berishi uchun 5-10 yil kerak bo‘ladi. Bizning boshqa yo‘limiz yo‘q, biz yurtimizga sadoqatli, kasbiga fidoyi bo‘lgan yetuk geolog kadrlarni o‘zimiz tayyorlashimiz kerak.

Men geolog olim sifatida bir narsaga aminman: geologning bolg‘asi tegib, uning o‘zi yotqiziqlarni bevosita o‘rganib, tog‘ jinslaridan namunalar olib, tadqiqot qilmas ekan, yangi konlar ochilmaydi.

Boshqa barcha zamonaviy usullar, xoh u kosmosdan tadqiq qilish bo‘lsin, xoh boshqa geofizik, geoximik usullar bo‘lsin — ikkilamchi darajadagi usullar bo‘lib, konlarni taxminiy bashoratlashgagina yordam beradi. Shuning uchun sohaning kelajagi yetuk geolog mutaxassislar tayyorlashdek dolzarb muammo yechimiga bog‘liq.

Kadrlar tayyorlashdagi muammolar

– Keyingi 30 yilda yurtimizda kadrlar tayyorlashda bir xilda umumlashtirish tamoyili qo‘llanib kelinmoqda. Geologiya sohasidagi talabalarga ham gumanitar yo‘nalishlaridagi kabi, bitiruv malakaviy ishlari mavzulari o‘qishning dastlabki bosqichlaridayoq belgilab berilmoqda, ya'ni hali to‘rt yildan keyin yozilishi kerak bo‘ladigan diplom ishi temasi va unga rahbari tayinlanadi.

Aslida, talaba ishlab chiqarish amaliyotidan kelgandan keyin, uning amaliyot hisoboti kafedrada muhokama qilinib, talaba to‘plagan materiallar asosida diplom mavzusi belgilanishi kerak. Lekin keyingi yillarda aksariyat talabalar  o‘zlari yozgan bitiruv malakaviy ishlari obektlarining qayerda joylashganini ham bilishmaydi, chunki ular amaliyotga bormagan, borgan bo‘lsa ham bir kunda amaliyot kundaligini rasmiylashtirib, qaytib kelgan.

Ishlab chiqarish tashkilotida talabalarning amaliyot o‘tishiga sharoit ham, hohish ham yo‘q. Chunki oliy o‘quv yurti va tashkilot bilan oldindan kelishuv shartnomasi tuzilmagan, o‘zaro javobgarlik rasmiylashtirilmagan, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini tashkillashtirishga yetarli darajada e'tibor berilmagan.

Ba'zida talaba qayerga borib amaliyot o‘tishni bilmasdan, o‘zining qarindoshi firmasida amaliyot o‘tib qaytib keladi va yillar davomida talabalar bir-biridan ko‘chirib yozaverib, siyqasi chiqib ketgan, so‘zlarini rus tilidan noto‘g‘ri tarjima qilish oqibatida ma'no-mantiqsiz yozilgan, qog‘oziga ichingiz achiydigan holdagi ishlarga domlalar ko‘zlarini yumib, himoyasini qabul qiladi.

Chunki shu talabalarni o‘zlari o‘qitgan.

Shuning uchun bitiruvchi talabalarning bilim saviyasi past, ishlab chiqarishga borganda malakaviy suhbatdan o‘ta olmaydi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish amaliyoti qisqa, geologiya qidiruv ekspeditsiyasi uni qisqa vaqtga ishga qabul qilib, talabaga amaliyotchi rahbar tayinlashga hohishi ham, mablag‘i ham yo‘q.

Bizning talabalik davrimizda, ya'ni o‘tgan asrning 80-yillarida ikki bosqichli: ishlab-chiqarish amaliyoti va diplom oldi amaliyoti bo‘lib, u 3-4 oy davom etar, talabalar amaliyot o‘tadigan ekspeditsiyada ishga qabul qilinar, geologik dala kiyimi, zarur anjomlar, bepul yotoq joy bilan bilan ta'minlanar, 120-200 so‘mgacha oylik maosh olar edi (ma'lumot uchun o‘sha paytlarda 1 AQSh dollari qiymati jihatdan 69 tiyin bo‘lgan).

Talaba oliygohni bitirgandan keyin istasa, o‘sha ekspeditsiyaga ishga taqsimot qilinardi.

Bitiruvchi talabalarning rus tilini bilish darajasi past. Bugungi kunda geologiyaga oid mavjud adabiyotlar, fondlardagi geologik hisobotlar hammasi rus tilida. Rus tilini bilmagan yosh mutaxassis, o‘zbek tilida geologik kesmalarni hujjatlashtiradi. Natijada o‘zi bilgancha terminlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishi oqibatida «oq tosh», «qora tosh» qabilidagi hisobot yoziladi. Vaholanki, geologiya – chegara bilmas keng soha, mavjud bilimlar bazasidan yanada samarali foydalanish, yurtimizning boshqa davlatlar bilan faol integratsiyalashuvi jarayonida rus tilining, ayniqsa ahamiyati kattadir.

Shuning uchun rus tilini o‘qitish dasturini kengaytirish va bu jarayonlarni jadallashtirish kerak.

«Tog‘ jinslari geologik pasportlarni qayta yangilash zarur»

– Yana bir katta muammo – bugungi kunda geologik tadqiqotlar olib borilayotgan mavjud ma'dan maydonlaridagi, konlardagi etalon tog‘ jinslarini tasniflovchi geologik pasportlarining yo‘qligi, borlarini ham qayta yangilash zarurligidir.

Bunda har bir konga xos bo‘lgan tog‘ jinslarining, ularning o‘zgarishlarga uchragan holdagi ko‘rinishlarining rangli fotosuratlari, shaffof shishaga yopishtirilgan holdagi (shliflardagi) mikroskopdagi, elektron mikroskopdagi ko‘rinishlarining rangli fotosuratlari, zamonaviy laboratoriyalardagi kimyoviy tarkiblarini, hosil bo‘lish sharoitlarini, nomlanishini ilmiy asoslangan va boshqa maydonlardagi uchraydigan o‘xshash tog‘ jinslari bilan taqqoslangan holatdagi namunalari katalogi bilan birga har bir geologik qidiruv ishlari olib borilayotgan obektlarda tashkil etish kerak bo‘ladi.

Bunday tadqiqot obektlaridagi tog‘ jinslarining geologik pasportlari bo‘lishi yosh mutaxassislar uchun nafaqat foydali, balki tog‘ jinslarining nomlanishidagi noaniqliklarga ham barham bergan bo‘lar edi.

Albatta, bular mening shaxsiy fikrlarim. O‘ylaymanki, agar biz hammamiz birlashib, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji yo‘lidagi islohotlarga befarq bo‘lmasak, farzandlarimizga avvalambor o‘zimizning tashabbuskorligimiz, shijoatkorligimiz bilan o‘rnak bo‘lsakkina, natijaga erishamiz.

Bu borada bir rivoyatdagi ota va o‘g‘il o‘rtasida bo‘lib o‘tgan quyidagi savol-javobni hamda undagi hikmatni eslashni joiz deb topdim. Ota o‘g‘liga: «Yurganingda qadamingni o‘ylab bosgin», deganida, o‘g‘li: «Otajon, avvalo siz ehtiyot bo‘ling, chunki men sizning izingizdan boryapman», degan.

Demak, biz katta avlod vakillari farzandlarimizga har sohada o‘zimizning vatanimizga sadoqatliligimiz, yurt taqdiriga befarq emasligimiz, kasbimizga fidoyiligimiz bilan shaxsiy o‘rnak bo‘lib, qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Yigitali Mahmudov tayyorladi

Mavzuga oid