Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ikki marta murojaat qilganmiz” - Tuladagi hibsxonada qolayotgan 13 o‘zbekistonlikka vazirlik va elchixona yordam berolmayapti
Kun.uz 13 nafar o‘zbekistonlik Rossiyaning Tula viloyatidagi vaqtinchalik saqlash hibsxonasida 8 oydan beri qolayotgani haqida xabar bergandi. Shundan so‘ng tahririyat bilan gaplashgan TIV rasmiy vakili Rossiyadagi elchixona diplomatlari bundan xabardorligi, vaziyat nazorat ostiga olinganini aytgan. Biroq hech nima o‘zgarmadi, 5 nafari ayol bo‘lgan yurtdoshlarimiz og‘ir sharoitli hibsxonada qolib ketmoqda.
Foto: Videodan kadr
Gap shundaki, tahririyat 27 sentabr kuni ayni paytda hibsda saqlanayotgan 13 nafar o‘zbekistonliklarning murojaati asosida xabar e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 5 nafari ayollar bo‘lgan jami 13 kishi Rossiyaning Tula viloyati Kireyevskiy tumanidagi “Zolotoy gorod” dam olish maskanida ishlashgan. Biroq ularning hujjatlari amal qilish muddati tugagani bois politsiya ushlagan va bu mehnat muhojirlari migratsiya qoidalarini buzgani uchun hibsga olingan.
Fuqarolar bir necha bor hattoki o‘z mablag‘lari hisobiga deportatsiya qilishlarini iltimos qilgan., qaytish chiptasi ham borligini aytgan. Chunki hibsxona sharoiti og‘ir, oziq-ovqat va tibbiy xizmat yetarli darajada emasdi. Biroq ular baribir hibsda qolmoqda.
Kun.uz bilan gaplashgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili – Ahror Burhonovga ko‘ra, vaziyatdan ushbu idora va respublikaning Rossiyadagi diplomatik missiyasi allaqachon xabar topgan.
“Bu masaladan xabarimiz bor, bu bo‘yicha ikki marta murojaat qilganmiz. Hozir elchixonamiz vakillari Rossiya tomoni bilan ishlayapti”, deydi vazirlik matbuot kotibi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi 2 oktyabr kuni bergan munosabatiga ko‘ra, bu masala alohida nazoratga olingan.
“Rossiyaning Tula viloyatidagi vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum ilamiz.
Elchixona tomonidan mazkur masala yuzasidan Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralariga rasmiy so‘rovlar yuborilgan.
Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan alohida nazoratga olingan”, deyiladi elchixonaning munosabatida.
Shundan beri oradan 5 kun o‘tdi, biroq vaziyat also o‘zgarmagan. 7 oktyabr kuni Kun.uz bilan qayta aloqaga chiqqan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, hech qanday yangilik yo‘q.
“Jimjitlik, hech qanaqa yangilik yo‘q, elchixonaga ham yozdik, lekin jim. Bizga hech kim yordam bermayapti, hozirgi vaziyatda elchixona aralashsa, balki bizni qo‘yib yuborishardi”, deydi hibsxonadagilardan biri.
Eslatib o‘tamiz, qo‘lga olinganlarga Ukraina urushiga borish taklifi ham berilgan. Biroq o‘zbekistonliklar buni rad etgan.
Mavzuga oid
22:47 / 21.12.2025
Turkiyada og‘ir ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi
21:07 / 20.12.2025
Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik fuqarolardan murojaatlar ko‘paygan – Migratsiya agentligi
19:08 / 19.12.2025
Rossiyada uch nafar o‘zbekistonlik mahkum terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblandi
19:30 / 15.12.2025