O‘zbekiston | 21:19 / 25.11.2020
9007
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident neft-gaz kimyosi sohasidagi istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 noyabr kuni neft-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar holatiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Neft-gaz kimyosi – qo‘shimcha qiymat yaratadigan, eksportda katta o‘rin tutadigan tarmoq. O‘zbekistonda xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, iqtisodiy samaradorlikni ko‘paytirish maqsadida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha qariyb 9 milliard dollarlik 52ta loyiha belgilangan. Shundan 15tasi noorganik kimyo, 23tasi organik kimyo, 12tasi polimerlar bo‘yicha. Yana bir loyihaga ko‘ra, yangi turdagi polimer mahsulotlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot va tajribalar o‘tkazib, loyihalarni bevosita ishlab chiqarishga joriy etadigan hamda yetuk mutaxassislar tayyorlaydigan innovatsion markaz tashkil qilinadi.

Taqdim etilgan barcha loyihalar samarasida 4,1 milliard dollar qiymatidagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, 1,1 milliard dollarlik import o‘rni to‘ldirilishi va 1,45 milliard dollarlik eksport ta'minlanishi mumkin. Jami 6 ming 500ga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Ko‘pikli polipropilen, yog‘och-polimerli kompozit list, vodorod peroksidi, karboksimetilsellyuloza asosida reagentlar, karbamid formaldegid konsentrati, sulfat kislota, karbonat angidrid gazidan soda ishlab chiqarish kabi istiqbolli loyihalar kelgusi yili ishga tushiriladi. Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol zavodining 2-bosqichi hamda kompressorni yuvuvchi sanoat moyi korxonasi bo‘yicha ishlar boshlanadi.

Taqdimotda mazkur loyihalar ijrosining borishi, bu boradagi xalqaro kelishuvlar natijalari yuzasidan axborot berildi.

Davlat rahbari ularni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlar va investorlar bilan ishlarni jadallashtirish kerakligini ta'kidladi.

Xomashyo bazasini mustahkamlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini tushirib, ichki va tashqi bozorda raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tarmoqlar rahbarlarining xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqish borasidagi faoliyati tanqidiy baholandi.

Shu munosabat bilan gaz-kimyo sohasini 2021 yilda rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini belgilash, loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari, shuningdek, elektr tarmoqlarida yo‘qotishlarni ancha qisqartirish va uzilishlarning oldini olish, tarmoq korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida energetika sohasini raqamlashtirish ishlarini tezlashtirish vazifasini qo‘ydi.

Mavzuga oid