O‘zbekiston | 08:23 / 09.08.2018
8186
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon shahrida zamonaviy turizm markazi tashkil etiladi

Foto: LiveJournal

Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2018-2020 yillarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida kafolatli ish o‘rinlarini tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.

Farg‘ona viloyati hokimligi:

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta'minlasin va bu borada investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning mo‘ljallangan hajmlari o‘zlashtirilishini va yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutadi;

muammoli masalalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi.

Farg‘ona viloyati hokimligiga Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda loyihaning qiymatini va ish o‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan loyihalarning tasdiqlangan manzilli ro‘yxatiga, zaruratga ko‘ra, o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Qo‘qon shahri sektorlari va mahallalari bo‘yicha 2018-2019 yillarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini, band bo‘lmagan aholini kasbga qayta tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha manzilli dasturni bir oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligi Qo‘qon shahridagi muhandislik-kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan va foydalanilmasdan bo‘sh turgan bino va inshootlar, shuningdek, yer uchastkalarini bir oy muddatda xatlovdan o‘tkazsin va keyinchalik zamonaviy ishlab chiqarishlar barpo etish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish sharti bilan tadbirkorlik sub'yektlariga va salohiyatli investorlarga belgilangan tartibda berish hamda mulkdorlar tomonidan ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘yish orqali ulardan samarali foydalanilishini ta'minlaydilar.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligi Qo‘qon shahridagi sobiq o‘rmon xo‘jaligining 17 gektar maydoni hududida “Hunarmandlar markazi”, mehmonxonalar, milliy taomlar restorani, gipermarket va turistik infratuzilmaning boshqa obektlarini qurishni nazarda tutuvchi turizm markazini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasi uchun salohiyatli investorlarni jalb etish va 2018-2019 yillarda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘radilar.

Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda konsignatsiya omborlarini, erkin bojxona zonalarini, shuningdek, tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rash-joylash, saralash, saqlash zonalarini o‘z ichiga olgan “Qo‘qon” erkin savdo zonasi tashkil etish masalasini o‘rganib chiqib, tegishli taklif kiritadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, “Hunarmand” uyushmasining Qo‘qon shahrida tajriba tariqasida quyidagilarni nazarda tutadigan “Usto-shogird, Qo‘qon tajribasi” loyihasini 2018-2019 yillar mobaynida amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi:

Qo‘qon shahrida yuz nafar ishsiz yoshlarni hunarmandlar va boshqa kasb vakillari bo‘lgan ustozlarga bir kalendar yilga shogird sifatida biriktirish va ular bilan mehnat shartnomasi tuzish;

kasb-hunarlarni to‘liq egallagan shogirdlarni keyinchalik mazkur bandning ikkinchi xatboshida ko‘rsatib o‘tilgan shartlar asosida kamida ikki nafar shogirdni bepul o‘qitish sharti bilan mustaqil ishni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar bilan ta'minlash.

Mavzuga oid