Jamiyat | 21:00 / 30.11.2017
4302
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya strategik hamkorligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

30 noyabr kuni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida "O‘zbekiston va Rossiya strategik hamkorligining yangi qirralari: iqtisodiyot, xavfsizlik, gumanitar muloqot" mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston-Rossiya hamkorlik munosabatlarining 25 yilligiga bag‘ishlandi. Unda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Davra suhbatida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining mintaqalararo va xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Chernov Vladimir Aleksandrovich, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Prezidenti Yo‘ldoshev Behzod Sodiqovich, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tyurdenev Vladimir Lvovich va qator oliygohlar rahbariyati ishtirok etdi.

Tadbirda ikki mamlakat vakillari o‘tgan 25 yildagi hamkorlik aloqalari va ular doirasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib, kelugsidagi rejalar bilan o‘rtoqlashishdi. RF Prezident apparati vakili Chernov V.A. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aprel oyidagi Rossiyaga tashrifi mamlakatlar o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi va ularning yangi bosqichga ko‘tarilishiga turtki berganini alohida ta'kidladi. O‘zbekiston va Rossiya oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik ham shular jumlasidandir. 

Toshkentda Rossiyaning uch universitet filiali faoliyat yuritib, bular - M.V.Lomonosov nomli Moskva davlat universiteti, I.M.Gubkina nomli Rossiya neft va gaz universiteti hamda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filiallari. Mazkur oliygohlar vakillari ta'lim muassasalarining faoliyati va shu kunga qadar erishilgan yutuqlar haqida nutq so‘zlashdi, shu bilan birga, kelgusidagi hamkorlik borasida qator takliflar bildirishdi. 

Shuningdek tadbirda ikki mamlakatlarning alohida hududlari rahbariyatlari o‘rtasiga uchrashuvlar yangi imkoniyatlarga yo‘l ochib bergani aytildi. 

Tadbirda asosiy e'tibor O‘zbekiston va Rossiya strategik hamkorligining iqtisodiyot, xavfsizlik, gumanitar sohalardagi rivojiga qaratildi. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid