Farg‘ona, Andijon va Guliston davlat universitetlari hamda “Narxoz”ga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda to‘rtta hududda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.
Quvasoy shahridagi maxsus maktab-internati xodimi muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Farg‘ona davlat universiteti talabasi bilan o‘zaro til biriktirib, farg‘onalik shaxsni mazkur oliy ta’lim muassasasining «Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ishi» yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3400 dollar talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, maxsus maktab-internati xodimi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Buvayda tumanida kuzatilgan holatda esa umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Rishton tumanida yashovchi fuqaroning Qirg‘iz Respublikasi oliy o‘quv yurtidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berish evaziga 8 ming dollar talab qilib, oldindan 1500 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zMU talabasi mansabdor tanishlari orqali, Nurafshon shahrida yashovchi fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 7500 dollar talab qilib, oldindan 4000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa bir holatda esa Buxoro innovatsiyalar universiteti xodimi mahalliy fuqaroni aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, uni Qirg‘iz Respublikasidagi oliy o‘quv yurtida o‘qiyotganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, go‘yoki ko‘chirish yo‘li bilan Buxoro shahridagi Osiyo xalqaro universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 26 mln so‘m talab qiladi va oldindan 500 AQSh dollari va 14 mln 400 ming so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan hibsga olingan.
DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi 26 yashar shaxs Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida uni Guliston davlat universitetining «Ijtimoiy-iqtisodiy» fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ta’kidlanishicha, barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo‘zg‘atilgan, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
14:55 / 15.11.2024
DXX raisi O‘zbekistondagi muhim axborot infratuzilmalarini toifalashga doir buyruq chiqardi
20:20 / 13.11.2024
Toshkentda EKU markazi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
16:46 / 09.11.2024