13:48 / 13.08.2020
5471

Jizzax va Sirdaryodagi suv resurslari va yerlarning meliorativ holati yaxshilanadi - Prezident qarori

Prezident “Jizzax va Cirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Quyidagilar:

  • 2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida irrigatsiya va melioratsiya obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obektlarini ta'mirlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlar;
  • 2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan irrigatsiya tizimlarini ta'mirlash va tiklash ishlarining prognoz ko‘rsatkichlari;
  • 2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv iste'molchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari hisobidan sug‘orish tarmoqlarini ta'mirlash va tiklash ishlarining prognoz ko‘rsatkichlari;
  • 2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari;
  • Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi suv xo‘jaligi obektlarini boshqarish, suvni hisobga olish va monitoring yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish prognoz ko‘rsatkichlari;
  • Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi sug‘orish va drenaj quduqlari hamda meliorativ obektlarda suvni nazorat qilish bo‘yicha raqamli texnologiyalarni joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Suv xo‘jaligi vaziri, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hamda tumanlar hokimlariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Loyihalar, shuningdek, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalar:

  • har bir loyihaning natijadorligi va maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib, tegishli loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi;
  • qiymati bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq bo‘lgan har bir loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng Jizzax va Sirdaryo viloyatlari va tumanlar hokimliklari, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, suv iste'molchilari uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirokida hamda mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda muhokama etiladi va ularning ijobiy xulosasi asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi:

  • 2020 yilda amalga oshiriladigan loyihalarni 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturining 2020 yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida hamda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshirsin, kelgusi yillar uchun asosiy ko‘rsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda Investitsiya dasturini shakllantirish jarayonida inobatga oladi;
  • Davlat budjetining 2020 yil parametrlari doirasida 2020 yil uchun belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshiradi, 2021-2023 yillar uchun belgilangan tadbirlarni kelgusi yillar Davlat budjeti ko‘rsatkichlarida o‘rnatilgan tartibda nazarda tutadi.

Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:

  • belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi uchun talab etiladigan mablag‘larni mahalliy budjet hisobidan ajratib boradi;
  • belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishida suv iste'molchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:

  • tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar, shuningdek, tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari doirasida obektlarning loyiha-smeta hujjatlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini, bosh pudrat tashkilotlarining tender (tanlov) savdolari asosida aniqlanishini hamda qurilish ishlarining amalga oshirilishini tashkil qiladi va qat'iy nazoratga oladi;
  • obektlarning loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda, tender tanlovlarini o‘tkazish jarayonlarida shaffoflikni ta'minlash hisobiga obektlarning qiymatini maqbullashtirish choralarini ko‘radi;
  • loyihalarni amalga oshirish doirasida zarur asbob-uskuna, xomashyo, butlovchi buyumlar hamda qurilish materiallarining mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinishini ta'minlaydi (mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun);
  • energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hamda obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga mahalliy pudrat tashkilotlarini keng jalb qilishga alohida e'tibor qaratadi.

2021 yildan boshlab irrigatsiya va melioratsiya obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obektlarini ta'mirlash va tiklash bo‘yicha ustuvor loyihalarni tanlash va amalga oshirishning shunday tartibi o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

  • ustuvor loyihalar bo‘yicha takliflar suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, geologiya, yer tuzish va loyiha tashkilotlari mutaxassislari hamda mustaqil ekspertlar, shuningdek, manfaatdor fermer va klasterlar ishtirokida joyida har bir hududning suv ta'minoti, yerlarning meliorativ holati va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan hamda muammolar tahlilini qilgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda shakllantiriladi;
  • ustuvor loyihalar bo‘yicha takliflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlarida muhokama qilinadi va ma'qullangandan so‘ng belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
  • har bir loyihaning amalga oshirilishi holati tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan nazorat qilib boriladi.

2020/2021 o‘quv yilida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olayotgan talabalarning yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyoti eksperiment tariqasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida quyidagi tartibda tashkil qilinadi:

a) talabalarning yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyoti Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Institut bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadval va dastur asosida ixtisoslashgan kafedralarning professor-o‘qituvchilari rahbarligida nazarda tutilgan obektlarda, shuningdek, buyurtmachi, pudratchi va suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlarida o‘tkaziladi;

b) malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qilishda:

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda talabalarni hududlarga olib boradi, joylashtiradi va zarur sharoitlarni yaratadi;

loyihalarning buyurtmachisi, bosh pudratchi va suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari talabalarni qurilish va suv xo‘jaligi obektlariga davriy ravishda olib chiqadi, ularga loyiha-smeta va qurilish nazorati hujjatlaridan foydalanishga hamda zamonaviy qurilish va suvni oqilona boshqarish uslublari, texnikasi va texnologiyalarini chuqur o‘rganishlari uchun amaliy sharoit yaratadi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalarining 2020/2021 o‘quv yilida yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash davrida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshiriladigan irrigatsiya va melioratsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ta'mirlash-tiklash loyihalarida ishtirokini ta'minlash jadvali tasdiqlanadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Do‘stlik Suv xo‘jaligi va melioratsiya kolleji hamda Guliston davlat universiteti huzuridagi Oqoltin sanoat texnikumida Institut talabalarining yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qiladi.

Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:

  • Paxtakor hamda Xovos tumanlarida ilg‘or agroklasterlarni jalb qilgan holda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida namunali avtomatlashtirilgan sug‘orish uchastkalarini tashkil qilish choralarini ko‘radi. Bunda Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi namunali uchastkalarni tashkil qilishda har tomonlama uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi;
  • 3 kun muddatda mazkur qarorni samarali ijro etishga doir masalalarni xalq deputatlari viloyatlar hamda tuman (shahar)lar Kengashlarida muhokama qiladi va tegishli qaror qabul qiladi.

Top