O‘zbekiston | 13:20 / 05.12.2025
1903
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2035 yilga qadar zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirish majburiyatini oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida O‘zbekistonning Parij bitimi doirasidagi yangi majburiyatlarini e’lon qilganini eslab o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya’ni 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, – dedi prezident.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, ushbu yo‘nalishda Jahon banki bilan hamkorlikda dunyoda ilk innovatsion ICRAFT loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi va xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini tashkil etish ishlari boshlandi.

Shu bilan birga, joriy yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tgani qayd etildi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalar sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Prezident qo‘shni mamlakatlar bilan energetika sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib, mintaqaviy sheriklik mustahkamlanayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va uni birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishish rejalashtirilgan.

– Shu o‘rinda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil yo‘lak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarboyjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etmoqchiman, – dedi prezident.

Ma’lum qilinishicha, mazkur tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro iqlim majburiyatlariga rioya etishi, «yashil» energetika ulushini keskin oshirishi va mintaqaviy energetika bozorida muhim o‘rin egallashga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid