Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampga va’da bergan Putin, Tayvan atrofida mashg‘ulot boshlagan Xitoy va yana raketalar uchirgan Kim – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp Zelenskiy va Putin bilan gaplashdi
AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yakshanba kuni Floridada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng chiqish qildi.
Har ikki tomon tinchlik muzokaralaridagi eng bahsli ikki masala — Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari va Donbass hududi bo‘yicha oldinga siljishni ma’lum qildi. Trampning aytishicha, bir necha hafta ichida muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘ladimi-yo‘qmi, ayon bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hudud masalasi bo‘yicha bir nechta «tikanli muammolar» hanuz hal etilishi kerak.
Zelenskiy Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi. Tramp esa biroz ehtiyotkorroq ohangda bu borada 95 foiz kelishuvga erishilganini bildirdi. U — Yevropa davlatlari AQSh ko‘magida bu jarayonning «katta qismini o‘z zimmasiga olishini» kutmoqda.
Zelenskiy delegatsiyasi bilan uchrashuvdan biroz oldin Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashgan. Tramp bu suhbatni «samarali», Kreml maslahatchisi Yuriy Ushakov esa «do‘stona» deb ta’rifladi.
Ushakovning aytishicha, Putin Trampga Donbass masalasida «ortiqcha kechiktirmay qaror qabul qilishi kerakligini» bildirgan.
Tramp Putin bilan ikki soatdan ortiq gaplashganini aytdi. Unga ko‘ra, Putin Ukrainani qayta tiklashga, jumladan, arzon energiya yetkazib berishga yordam berishni va’da qilgan. «Rossiya Ukrainaning muvaffaqiyatli bo‘lishini xohlaydi. Bu biroz g‘alati eshitiladi», dedi Tramp.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari masalasida siljish haqida gapirdi. Unga ko‘ra, Yevropa yetakchilari yaqinda Parijda yig‘ilib, o‘zlarining «aniq hissalarini» yakuniy shaklga keltiradi.
Xitoy Tayvan atrofida yirik harbiy mashg‘ulot boshladi
29 dekabr kuni Xitoy harbiylari Tayvan atrofida quruqlik, dengiz, havo va raketa bo‘linmalarini safarbar qilayotganini e’lon qildi. Bu «katta harbiy mashg‘ulotlar» Tayvan mustaqilligiga intilish va orolga «tashqi aralashuv»ga qarshi jiddiy ogohlantirishdir.
«Adolat missiyasi–2025» deb nomlangan mashg‘ulotlar «asosiy portlar va muhim hududlarni blokada qilish va nazoratga olish»ni sinovdan o‘tkazadi, dedi Sharqiy Harbiy okrug qo‘mondonligi.
Mashg‘ulotlar qancha davom etishi hozircha noma’lum. Dengiz va havo kuchlari 29 dekabrdan boshlab jangovar tayyorgarlik patrullarini olib boradi. 30 dekabr kuni esa real o‘q otish mashqlari uchun Tayvan atrofidagi dengiz va havo hududlari yopiladi.
Tayvan hukumati mashg‘ulotlarni qoralab, Xitoyni «harbiy qo‘rqitish»da aybladi. Pekinning bu harbiy mashg‘ulotlari mintaqa uchun nihoyatda keskin va nozik bir pallada boshlanmoqda.
So‘nggi haftalarda Xitoy va Yaponiya Tayvan masalasida diplomatik tortishuvga bordi. Shu oy boshida AQSh Tayvan bilan eng yirik qurol bitimlaridan birini e’lon qildi. Shu bilan birga, Tayvan prezidenti maxsus mudofaa budjetini tasdiqlatishga urinmoqda. Bularning barchasi Pekinni g‘azablantirdi.
Xitoy Kommunistik partiyasi o‘zini o‘zi boshqarayotgan Tayvanni hech qachon nazorat qilmagan bo‘lsa-da, uni o‘z hududi deb hisoblaydi va zarurat tug‘ilsa, kuch bilan bo‘lsa ham orolni qo‘lga olishga va’da bergan.
Tramp va Netanyahu G‘azo masalasini muhokama qiladi
AQSh prezidenti Donald Tramp 29 dekabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuv chog‘ida G‘azodagi to‘xtab qolgan sulh jarayonini muhokama qiladi. Muzokaralarda Isroilning «Hizbulloh» va Eronga munosabati ham muhokama qilinadi. Tramp Isroil yetakchisi bilan tez orada uchrashishi mumkinligini aytgan, biroq Oq uy tafsilotlarni tasdiqlamadi.
Vashington barcha uch yo‘nalishda — G‘azo, Livan va Eron bilan bog‘liq keskinliklarda sulhga vositachilik qilgan. Shuningdek, AQSh G‘azoda o‘tish davri boshqaruvi va xalqaro xavfsizlik kuchlarini o‘rnatishga intilmoqda.
G‘azodagi tomonlar oktyabr oyida Trampning sulh rejasiga rozi bo‘lgandi. Reja Isroilning G‘azodan chiqishini, Hamas qurolini topshirishini va anklavda boshqaruv rolidan voz kechishini nazarda tutadi.
Biroq Hamas ayrim shartlarsiz qurolsizlanishdan bosh tortgan, sektorda isroillik garovdagi bir shaxsning jasadi qolmoqda. Isroil esa Hamas qurolsizlantirilmasa, bunga majburlash uchun harbiy harakatlarni qayta boshlashini bildirgan.
Garchi janglar susaygan bo‘lsa-da, butunlay to‘xtagan emas. Oktyabrda sulh rasman kuchga kirganidan buyon Isroil zarbalari aksariyati tinch aholi bo‘lgan 400 dan ortiq falastinlikni o‘ldirgan.
Bundan tashqari, Isroil «Hizbulloh»ning kuchini tiklashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun deyarli har kuni Livanga ham zarbalar bermoqda.
Tailand va Kambodja yana sulh imzoladi
27 dekabr kuni Tailand va Kambodja chegarada bir necha hafta davom etgan janglarni to‘xtatish uchun sulh bitimini imzoladi.
Kelishuv chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktida Kambodja va Tailand mudofaa vazirlari tomonidan imzolandi. Bungacha uch kun davomida harbiy amaldorlar quyi darajadagi muzokaralar olib borgan.
Kelishuv shanba kuni tushdan boshlab kuchga kirdi. U harbiy harakatlar hamda harbiy maqsadlarda havo hududini buzishni to‘xtatishni nazarda tutadi. Kambodja Mudofaa vazirligiga ko‘ra, hozirgacha havo hujumlarini faqat Tailand amalga oshirgan.
Bitim tomonlar iyul oyidagi sulh va unga oid kelishuvlarga sodiq qolishini tasdiqlaydi. Kelishuvga binoan, sulh 72 soat davomida barqaror saqlangach, Tailand asirlikda ushlab turilgan 18 nafar kambodjalik askarni vataniga qaytarishi kerak.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7 dekabrda qayta boshlangan janglar oqibatida Tailandda 26 nafar askar va 1 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Kambodja harbiy qurbonlar bo‘yicha rasmiy raqam bermagan, biroq 30 nafar tinch aholi halok bo‘lganini va 90 nafari yaralanganini aytmoqda.
Meksikada poyezd halokati
28 dekabr kuni Meksika janubidagi Oaxaka shtatida 250 kishini olib ketayotgan poyezd relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi.
Nizanda shaharchasi yaqinida relsdan chiqqan poyezdda 9 nafar ekipaj a’zosi va 241 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Poyezddagi odamlarning 98 nafari jarohatlangan, jumladan, 36 nafari tibbiy yordam olmoqda.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum jarohatlanganlardan besh nafari og‘ir ahvolda ekanini aytdi. Halok bo‘lganlar oilalariga yordam berish uchun rasmiylar voqea joyiga yuborilgan.
Meksika Bosh prokuraturasi hodisa bo‘yicha tergov ochilganini ma’lum qildi.
Ushbu «Interoceanic» poyezd loyihasi 2023 yilda sobiq prezident Andres Manuel Lopes davrida ochilgandi.
Kim yana raketalar uchirdi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qurollarini ko‘z-ko‘z qilishni to‘xtatmayapti. Xususan, u 28 dekabr kuni uzoq masofali strategik qanotli raketalar uchirilishini shaxsan kuzatdi. Davlat OAVlariga ko‘ra, bu uchirish – xavfsizlik tahdidlari sharoitida KXDR qarshi zarba berishga tayyorligini tasdiqlagan.
KXDR yetakchisi buni «yadroviy tiyib turish kuchlari uchun mas’uliyatli mashq» deb atadi. Shuningdek, Kim Shimoliy Koreya «o‘z yadroviy jangovar kuchini cheklanmagan darajada rivojlantirishda davom etishini» tasdiqlagan.
Janubiy Koreya mudofaa vazirligi esa buni «Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi harakatlar», dedi.
Kim o‘tgan haftada ham ehtimoliy vorisi bo‘lgan qizi bilan yadro dvigatelli suvosti kemasi qurilishini va uzoq masofali yer-havo raketalari sinovini nazorat qilgandi. Bundan tashqari, raketa zaxiralari saqlangan o‘q-dori zavodiga tashrif buyurgandi.
Shimol bu harbiy faollikni Seul va Vashingtonning «yangi rejalari»ga javob sifatida izohlamoqda.
Mavzuga oid
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026