Biznesda xarajatlarni qisqartirish: oltin o‘rtalik qanday topiladi?
Biznes xarajatlarni qanday qilib aql bilan, foydani yo‘qotmasdan va og‘riqlarsiz qirqish mumkin? «Islom moliyasi» kanali muallifi, moliyaviy ekspert Xondamir Nusratxo‘jayev shu masalada tavsiyalar beradi.
Ayni paytda biznes mamlakat va uning tashqarisida pandemiyaning iqtisodiy vaziyatga ta’siri oqibatida likvidlik, talab va taklif kamayishi muammolari va boshqa noaniqliklarga duchor bo‘lib turibdi.
Bu – ayniqsa kichik va o‘rta biznesga og‘riqli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Tadbirkorlar bunday vaziyatlarda o‘z xarajatlarini optimallashtirish va qisqartirishga e’tibor bermasdan, sotuvni ko‘paytirish yo‘llarini axtarishadi. Bunda ular ba’zi holatlarni nazardan qochirishadi – ayrim xarajatlarni qirqishdan ko‘ra, sotuvni ko‘paytirish qiyinroq, sotuvlarning ko‘payishi hamma vaqt ham sof foyda oshishiga xizmat qilmaydi.
Xarajatlarni oqilona qisqartirish rentabellik oshishi va biznesning umumiy samaradorligi ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Ammo buni qanday qilib aqlli, foydali va og‘riqlarsiz amalga oshirish mumkin? Bugun shular haqida gaplashamiz.
Juda ko‘plab kompaniyalarda va firmalarda hamon rentabellilik va likvidlilik bilan bog‘liq muammolar saqlanib turibdi. Lekin ularning birortasi xarajatlarni qisqartirish va optimallashtirish kompleks dasturiga ega emas. Ko‘pchilik bir martalik usullardan foydalanib ko‘rmoqda, bu esa barqaror natijaga olib kelmaydi.
Xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlari har qanday kompaniyada bo‘ladi. Ularni aniqlash uchun sarf-xarajatlarni qisqartirish dasturini ishlab chiqish kerak. Buning uchun kompaniyaning barcha xarajatlarining kompleks tahlili o‘tkazilmog‘i kerak.
Shuni unutmaslik kerakki, har bir so‘mni iqtisod qilishga tirishib, mahsulot/xizmatning sifati pasayishiga yo‘l qo‘yish yaramaydi. Bu – tushum kamayishi yoki biznesning yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Xarajatlarni qisqartirish uchun ularni quyidagi toifalarga bo‘lib olamiz:
- Mahsulot tannarxini shakllantiruvchi xarajatlar (xomashyo, materiallar va maosh). Bularni iqtisod qilishda jonbozlik ko‘rsatmaslik kerak, chunki xomashyo va maoshni qisqartirish bilan ko‘p narsa iqtisod qilib bo‘lmaydi.
- Marketing xarajatlari va mahsulotni bozorda ilgari surish uchun xarajatlar. Bu yerda katta qisqartirishlar qilish, zamonaviy onlayn va oflayn usullardan foydalanib, mahsulotlarni ilgari surish samaradorligiga erishish mumkin. Lekin shunda ham xarajatlarni qisqartirish va bu choraning savdo hajmiga ta’siri o‘rtasida muvozanatni ushlash kerak.
- Mahsulotning sifatiga bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar (ma’muriy va boshqa xarajatlar). Ularni qo‘rqmasdan «chopish» mumkin.
Qaysi xarajatlarni qisqartirish kerakligini qanday aniqlash mumkin?
Barcha xarajatlarni invertarizatsiya qilish zarur. Masalan, xarajat turi —xarajat sinfi — shartnoma raqami — mas’ul bo‘lim/xodim, singari.
Shundan so‘ng har bir xarajat turi ko‘rib chiqiladi. Bu ishda moliyachilar va xarajatlarning «ega»lari (ya’ni, xarajat uchun javob beruvchi bo‘lim) ishtirok etadi.
Qaysi xarajatlarni qisqartirish kerakligini tushunish uchun quyidagi savollarga javob topish kerak bo‘ladi:
– xarajatlar kattaligiga nimalar ta’sir qiladi;
– qisqartirishning qanday choralari maqsadga muvofiq (ma’lum bir xarajatlardan to‘liq voz kechish, ularni me’yorga solish, yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar yordamida qisqartirish, nazoratni kuchaytirib, o‘g‘rilik va firibgarlikka barham berish va h.k.);
– shartnoma shartlari naqadar maqsadga muvofiq; ma’lum bir shartnomalarni o‘z foydangizga qayta ko‘rib chiqishdan ma’ni bormi; boshqa yetkazib beruvchilar qanday shartlar taklif qilishmoqda, u yoki bu yetkazib beruvchilarga bog‘lanib qolishga barham berish, shuningdek, biznesingizga bosim o‘tkazilishidan xalos qilish uchun yetkazib beruvchilarni qayta ko‘rib chiqish zaruriyati bormi va h.k;
– taklif etilgan choralarni amalga oshirish uchun qancha vaqt talab etiladi?
Yirikroq kompaniyalarga budjetlashtirish tizimini joriy etish va shu yo‘l bilan xarajatlarni boshqarishni budjet bilan bog‘lashni taklif etaman.
Xarajatlarni invertarizatsiya qilish va ularni qisqartirish choralarini ishlab chiqishni yiliga kamida ikki bor o‘tkazish kerak, chunki yil davomida xarajatlarning yangi turi va yangi kontragentlar paydo bo‘lishi, 2020 yilda bo‘lganidek, bozordagi vaziyat tamomila o‘zgarib ketishi mumkin.
O‘z tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, biznesning rentabelligiga u yoki bu darajada ta’sir o‘tkazadigan ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan va ma’muriy xarajatlarni qisqartirish samaraliroq bo‘ladi.
Agar siz xomashyo va materiallarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirishga kirishsangiz, bunday qisqartirish mahsulotingiz sifatiga ta’sir qilmasligiga amin bo‘ling.
Har bir shartnomani xarid narxlari, hajmlar, yetkazib berish shartlari, raqobatchilardagi namunalari, yetkazib beruvchilarga bog‘lanib qolganlik, ularni almashtirish riski va h.k. bo‘yicha raqobatbardosh ekani nuqtayi nazaridan sinchiklab tahlil qilish zarur.
Shuningdek, xarid qilinayotgan mahsulot va xizmatlarning ma’lum bir toifasiga tender tizimini ishlab chiqishni ko‘rib chiqish ham foydali. Bu choralar mahsulotingiz tannarxini sezilarli darajada pasaytirishga xizmat qiladi.
Materiallardan ko‘p foydalaniladigan ishlab chiqarishda materiallarni hisobdan chiqarish me’yorlari, shuningdek, omborlarda, nihoyasiga yetmagan ishlab chiqarishda mahsulot-material zaxiralarining qoldiqlari bo‘yicha reja ishlab chiqilishi lozim. Uzoq muddatli istiqbolda ishlab chiqarishni o‘stirish, braklarni (sifatli mahsulotni brak sifatida hisobdan chiqarish) kamaytirishga, mahsulot sifatini oshirishga diqqat-etiborni jamlash kerak, bu – xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Doimiy xarajatlar uchun cheklov joriy qilish (o‘tgan yilgi darajadan va narxlarning o‘sishi tahlilidan kelib chiqib), ma’lum bir xizmatlarning maqsadga muvofiqligi va autsorsingini baholash o‘tkazilishi mumkin (kamida har yili).
Konkret choralardan biri sifatida ijaraga olingan maydonlarni qayta baholashni keltirish mumkin. Bunda ortiqcha maydonlardan voz kechish, ijaraga beruvchi bilan ijara bahosini tushirish borasida kelishish mumkin. Bu ayniqsa chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun dolzarb, chunki ularda ijara uchun xarajatlar asosiy xarajatlar turiga kiradi.
Shuninglek, ma’muriy yuklama (xodimlarni ovqatlantirish, ofis xarajatlari, internet, kanselyariya mollari va h.k.) ko‘rsatkichlari umumiy xarajatlarga va tushumga yomon ta’sir o‘tkazmayotgani muntazam tekshirib turib, ma’muriy xarajatlarni kuzatib borish lozim. Bu ko‘rsatkichning o‘sishi chora ko‘rishni boshlash uchun signaldir.
Ko‘plab tadbirkorlar, ayniqsa yangilari o‘z biznesi uchun optimal soliq rejimi detallariga ko‘p ham e’tibor berishmaydi. Shu sababli, soliq bo‘yicha sifatli konsultatsiyalar olib, biznesni minimal soliq yuklamalari bilan olib borish kerak bo‘ladi.
Albatta, bankni ham to‘g‘ri tanlay bilish kerak, chunki har qanday biznes ko‘plab to‘lovlar va boshqa moliyaviy tranzaksiyalar bilan bog‘langan. Masalan, ayrim banklar kichik, o‘rta va yirik biznes uchun maxsus paketlar/imtiyozlar taqdim etishi mumkin. Banklarning takliflarini diqqat bilan tahlil qiling, ularning afzallik tarafini taqqoslang va aynan biznesingiz uchun to‘g‘ri keladigan bankni tanlang.
Shunday qilib, har bir kompaniya o‘z xarajatlarini optimallashtirish uchun zaxiralarni izlab topishi, mahsulot sifati ustida ishlashi, ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan va egri xarajatlarni qisqartirishi, nazorat hamda biznes jarayonlarni yaxshilashi mumkin.
Bularning barchasi biznes rentabelligi, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshiradi, kompaniyangizga raqobat ustunligini ato etadi va barqaror rivojlanish uchun zamin yaratadi.
Xondamir Nusratxo‘jayev,
moliyaviy ekspert
Mavzuga oid
21:09 / 13.06.2023
Islom moliyasi – sog‘lom iqtisodiyotga qadam
16:52 / 02.06.2023
Moliyaviy qopqonga tushib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
17:11 / 07.03.2023
Kambag‘allikka qarshi islom moliyasi
19:19 / 20.10.2022