Ularning har birida sizni tuzoqqa tushirishning o‘ziga xos “usullari” bor va hech kim sizning foydangiz va risklaringiz haqida qayg‘urmaydi.
Hatto o‘zingiz ham bu haqida o‘ylamasdan, faqatgina tezroq, ko‘proq va osonroq pul topishni va aynan shunday takliflarni eshitishni xohlaysiz. Buyuk manipulyatorlar esa bundan foydalanishadi.
Ko‘pchilikning moliyaviy savodxonlik darajasi yuqori bo‘lmagani uchun, bu qarmoqqa darrov ilinishadi. Shuning uchun, men biror nimaga pul tikishdan oldin, e’tibor qaratish va hisobga olish shart bo‘lgan bir qancha muhim jihatlarni qisqacha eslatib o‘taman.
Agar sizga haddan tashqari yuqori daromad va’da qilinsa, ehtiyot bo‘ling!
Mo‘jizalar sodir bo‘lmaydi va buni tushunish kerak. Har qanday oson foyda, bozor sharoitlaridan yuqori rentabellik takliflariga alohida va jiddiy e’tibor qaratish kerak. Bu – birinchi ogohlantirish belgisi.
Tahlil qiling, tekshirib ko‘ring va tasdiqlang
Pul tikmoqchi bo‘lgan investoringizga investitsiya loyihasining mohiyati (ya’ni sizning pulingiz qaysi aniq loyiha va aktivlarga tikilishi), ushbu investitsiya obektlari shu mamlakatdami, buni tekshirish mumkinmi, degan mazmundagi savollarni bering va buni albatta tekshiring.
Qanday qilib foyda olinadi, ushbu loyihalarning qanaqa xavf-xatarlari bor, risklar qanday minimallashtiriladi, ushbu tuzilmalardagi risklar uchun kim javobgar, qanday qilib va qaysi vositalar bilan foyda olishadi va bu qanchalik aniq? Bu kompaniyalar necha yildan beri shu yo‘nalishda ishlamoqda, ularning ortida kim turibdi, qancha ishchisi bor? Mazkur kompaniyalar qayerda ro‘yxatdan o‘tgan (qaysi yurisdiksiyada/davlatda – agar O‘zbekistondan tashqarida, va xususan qaysidir orollarda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, bu orollarda o‘z huquqlaringizni qanday himoya qilishingizni o‘ylab ko‘ring), biznes faoliyati nazoratga olinganmi yoki yo‘q, agar yo‘q bo‘lsa, ular sizning pulingizni qanday qilib qonuniy ravishda jalb qilishlari mumkin, investitsiya jalb qilish uchun qonuniy asoslarga egami?
Taqdim qilinayotgan hujjatlarda sizning xatarlaringiz, investitsiya loyihasidan chiqishingiz shartlari, zarar sodir bo‘lganda kompaniya va investor qanday hisob-kitob qilishlari va qanday yo‘l tutishlari aniq ko‘rsatilganmi? Agar ha bo‘lsa, sizning huquqlaringiz qanday himoya qilingan?
Bundan tashqari, internetdan kompaniya/loyiha rahbarlari haqida ma’lumot qidiring, izohlarni o‘qing, qaror qabul qilishdan oldin ular bilan avval hamkorlik qilganlar, muvaffaqiyatga erishgan (agar erishgan bo‘lsa) odamlar bilan muloqot qiling.















