Jahon | 14:13 / 13.11.2025
3090
10 daqiqa o‘qiladi

AQShda yakunlangan «shutdown», Ukrainada korrupsion mojaro va Yevropa tanqidini qabul qilmagan Rubio – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQShda eng uzoq davom etgan «shutdown» tugadi

12 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan hukumat faoliyati to‘xtatilishiga barham beruvchi qonunga imzo chekdi.

Bu, Qonunchilar palatasi — oziq-ovqat yordamini tiklash, yuz minglab federal xodimlarga maosh to‘lash va izdan chiqqan havo-harakatini boshqarish tizimini tiklash bo‘yicha ovoz berganidan bir necha soat o‘tgach ro‘y berdi.

Bu qonun 43 kunlik «shutdown» tufayli ishdan to‘xtab qolgan federal xodimlarning 13 noyabrdan boshlab ishga qaytishiga imkon beradi. Biroq hukumat xizmatlari va operatsiyalari qay darajada tez to‘liq tiklanishi hali noaniq.

«Biz bunday holatga yana hech qachon yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», dedi Tramp Oval ofisida kechki imzo marosimida. U bu fursatdan demokratlarni tanqid qilish uchun ham foydalandi. «Bu mamlakatni boshqarishning yo‘li emas», dedi u.

Kelishuv — hukumatni moliyalashtirishni 30 yanvargacha uzaytiradi. Reutersʼning yozishicha, bu — federal hukumatni 38 trln dollarlik qarziga yiliga yana taxminan 1,8 trln dollardan qo‘shib borishni davom ettiradi.

Ukrainada korrupsion mojaro

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri lavozimini egallagan Svetlana Grinchuk «lavozimlarda qololmasligini» bildirdi. Bu murojaat 12 noyabr kuni, «Energoatom»dagi korrupsiya tergovi fonida aytildi.

«Bu ish ishonch masalasidir. Agar ayblovlar bo‘lsa, ularga javob berish kerak. Vakolatdan chetlatish haqidagi qaror — tezkor, eng shoshilinch chora. Men Ukraina bosh vaziridan ushbu vazirlardan iste’fo to‘g‘risida arizalar qabul qilishni so‘radim. Oliy Rada deputatlaridan esa bu arizalarni qo‘llab-quvvatlashini iltimos qilaman. Keyin esa barchasi huquqiy maydonda hal etilishi lozim», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining ushbu ishda tilga olinayotgan ikki shaxsga nisbatan sanksiyalar to‘g‘risidagi qarorini imzolashini ma’lum qildi.

Keyinroq Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko, Zelenskiyning safdoshi, «Kvartal 95» studiyasi egasi Timur Mindich va moliyachi Aleksandr Sukermanga sanksiyalar joriy etish taklifini kiritganini yozdi. Ikkalasi ham «Energoatom» ishi bo‘yicha tintuvlardan sal oldin Ukrainani tark etgan.

Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi shu hafta «Energoatom» davlat kompaniyasida yirik korrupsiya sxemasi fosh etilganini ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, «jinoiy tashkilot — 'Energoatomʼ kontragentlaridan shartnoma qiymatining 10–15 foizi miqdorida muntazam noqonuniy daromad olgan. Xususan, kontragentlarga yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik uchun 'otkatʼ to‘lash sharti qo‘yilgan».

Rubio Yevropa tanqidlarini qabul qilmadi

12 noyabr kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kanadaning Niagara mintaqasida bo‘lib o‘tgan Katta yettilik — G7 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashdi. Muzokaralar Ukraina va G‘azodagi urushlarga qaratilgan bo‘lsa-da, yig‘ilishda ishtirok etgan ayrim davlatlar Tramp ma’muriyati Karib dengizidagi kemalarga qarshi zarbalari haqida xavotir bildirdi.

AQSh harbiylari so‘nggi oylarda Karib dengizida va Tinch okeani qirg‘oqlari giyohvand moddalar tashiyotgan gumon qilingan kemalarga kamida 19 marta zarba bergan, natijada kamida 76 kishi halok bo‘lgan.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro seshanba kuni yig‘ilish avvalida bu zarbalar «xalqaro huquqni buzadi» va Fransiyaning mintaqadagi hududlari uchun xavotir tug‘diradi, degandi.

Rubio esa Kanadadan jo‘nab ketishidan oldin jurnalistlarga «G7 yig‘ilishida hech kim bu operatsiyalar haqida unga murojaat qilmaganini aytdi. Shuningdek, u «narko-terrorchilar»ni nishonga olayotgan zarbalar — giyohvand moddalarni Yevropaga jo‘natilishining ham oldini olayotganini aytdi.

«Men Yevropa Ittifoqi xalqaro huquq nima ekanini belgilaydi deb o‘ylamayman. Ular, albatta, AQSh o‘z milliy xavfsizligini qanday himoya qilishini belgilab bera olmaydi», dedi Rubio.

Rubioning aytishicha, AQSh bu zarbalarni berish uchun, razvedka ma’lumotlari borasida hech kimdan yordam so‘ramagan.

AQSh BMT Nizomining 51-moddasiga tayanib, o‘z harakatlarini oqlaydi. Mazkur modda davlatlarga qurolli hujumga qarshi o‘zini himoya qilish choralarini ko‘rganda, BMT Xavfsizlik Kengashini darhol xabardor qilishni talab qiladi.

O‘tgan oyda mustaqil BMT ekspertlari guruhi, AQShning izohlarini tan olgandi. Lekin «bu ayblovlar tasdiqlansa ham, xalqaro suvlar hududida qonuniy asos bo‘lmasdan o‘lim kuchidan foydalanish xalqaro dengiz huquqini buzadi va sudsiz qatlga teng bo‘lishi» aytilgan.

O‘rtayer dengizida halok bo‘layotgan migrantlar

2025 yilda Markaziy Yevropaga O‘rtayer dengizini kesib o‘tishga urinib halok bo‘lgan migrantlar soni allaqachon 1 000 nafardan oshib ketdi. BMT Xalqaro migratsiya tashkilotining ogohlantirishicha, har bir yangi fojiadan keyin qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda.

Xususan, 8 noyabr kuni Liviya qirg‘og‘i yaqinida yuz bergan so‘nggi hodisada rezina qayiq ag‘darilib ketdi. Unda bo‘lgan 40 dan ortiq afrikalik migrantlar halok bo‘lgan.

Tirik qolganlar ma’lumotiga ko‘ra, qayiqda 49 nafar migrant va qochqinlar bo‘lgan. Yo‘lga chiqqanidan taxminan olti soat o‘tgach, baland to‘lqinlar motorni ishdan chiqargan. Faqat yetti erkak tirik qolgan: ular dengizda olti kun davomida turli buyumlarga ilashib, suzib yurib omon qolgan. Qolgan 42 kishi bedarak yo‘qolgan va halok bo‘lgan deb hisoblanmoqda.

«Markaziy Yevropaga O‘rtayer dengizi yo‘nalishi bo‘ylab kelayotgan migrantlar va qochqinlarning yana bir fojiasi — ular duch kelayotgan doimiy xatarlarni yana bir bor ko‘rsatmoqda», deyilgan tashkilot bayonotida.

Tashkilot mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, xavfsiz va qonuniy migratsiya yo‘llarini kengaytirishga doir chaqirig‘ini yana bir bor takrorladi.

Peruda ayanchli YTH: 37 kishi halok bo‘ldi

12 noyabr kuni Peru va Chilini bog‘laydigan tog‘li yo‘llarda avtobus chuqur jarga quladi. Oqibatda kamida 37 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar yaralandi.

Mahalliy OAV xabar berishicha, avtobus burilishda pikap bilan to‘qnashib, yo‘ldan chiqib ketgan va Okona daryosining qirg‘og‘igacha 200 metr pastga qulagan. Avtobusda 60 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Hodisa joyidan olingan suratlarda tik jar ostida loyga botgan avtobus, uning butunlay singan oynalari, qattiq zararlangan kuzovi va o‘pirilib tushgan tom qismi ko‘rinadi. Ikkala haydovchi ham tirik qolgan.

Rasmiylar bildirishicha, politsiya mutaxassislari halokat sabablarini aniqlaydi.

Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, 36 kishi voqea joyida, bir nafari kasalxonada vafot etgan. Yana 25 kishi mahalliy shifoxonada davolanmoqda.

Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va pikap haydovchisi qamoqqa olingan, deb ma’lum qildi prokuratura.

Peruda avtobus halokatlari keng tarqalgan, ayniqsa kechasi va tog‘li shoxbekatlarda. Bu ko‘p hollarda yo‘l sharoitining yomonligi, ortiqcha tezlik va xavfsizlik belgilarining yetishmasligi bilan bog‘liq.

Turkiyaning harbiy samolyoti qurbonlari qidirilmoqda

Seshanba kuni Gruziya–Ozarboyjon chegarasi yaqinida qulagan Turkiya harbiy yuk samolyoti halokatidan 19 nafar harbiyning jasadlari topildi, qolgan bir qurbonni izlash ishlari davom etmoqda.

Chorshanba kuni Anqaradagi AK partiya yig‘ilishida so‘zlagan prezident Erdo‘g‘an samolyotning «qora qutisi» topilgani va tergov ishlari boshlanganini aytdi.

«Halokat joyida olib borilayotgan ishlarni yaqindan kuzatib boryapmiz va voqeaning har bir jihatini oydinlashtirish uchun zarur barcha tekshiruvlar bexato amalga oshiriladi», dedi u.

Uning aytishicha, Turkiya bilan birga Gruziya va Ozarboyjonning barcha resurslari qutqaruvga safarbar etilgan.

Erdo‘g‘an halokat borasidagi dezinformatsiyaga ehtiyotkor bo‘lishga va «kir ishlar bilan shug‘ullanadigan»larga imkoniyat bermaslikka chaqirdi.

Ayni vaqtda Turkiya dronlari va 46 kishilik tergov guruhi halokatni tekshirish joyida ishlamoqda. Ma’lum qilinishicha, barcha askarlarining jasadlari Turkiyaga olib kelinadi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid